Asmoʼiy shunday hikoya qiladi: «Buyuk sahobiy Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu o‘zlari haqida maqtov eshitsalar, shunday der edilar: «Allohim! Sen meni o‘zimdan ham yaxshiroq bilasan. Men esa o‘zimni ulardan ko‘ra yaxshiroq bilaman. Allohim, meni ular o‘ylagandan ham yaxshiroq qilgin. Ular bilmaydigan gunohlarimni kechirgin. Ular aytgan narsalar bilan meni jazolamagin!»
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu yana «Qaniydi mo‘min bandaning bir tola sochi bo‘lib qolsam» yoki baʼzi vaqtlarda: «Qaniydi hayvonlar yeydigan o‘t bo‘lib qolsam», der edilar.
Izoh: Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bu gaplarni bejiz aytmaganlar. Ul zot oxirat kuni Yaratgan Zot – Alloh taoloning huzurida bo‘ladigan savol-javobning qanchalik dahshatli bo‘lishini his qilganlaridan, u kunning masʼuliyati o‘ta og‘ir bo‘lishini bilganlaridan shunday der edilar.
“Solihlar gulshani”dan