Bosh sahifa » Mav'izalar » Ilmning haqiqati

Ilmning haqiqati

Hazrat Mavlono Hifzurrohman Polanpuriy aytadilar:

Ilmning haqiqati haqida bir umumiy yanglish tushuncha uchraydi. Ko‘pincha kitoblarning lafzlari va yozuvlarini ilm deb tushuniladi. Umuman olganda aynan shuni ilm deb nomlanadi. Shuning uchun kimga lafzlar va yozuvlar ko‘proq yod bo‘lsa, uning ilmi ko‘proq deb tushuniladi. Vaholanki, buning nomi “maʼlumotlar”dir. Ilm boshqa narsa, maʼlumotlar boshqa narsadir. Bu zohiriy lafzlar va yozuvlar ilm emas, balki, ilmni zohir qilish vositalaridir. Ular orqali ilm ifoda qilinadi. Ilm darhaqiqat bir maʼnaviy narsadir. U lafzlar orqali zohir qilinadi. Ilmning haqiqatini bayon qilayotib, Hazrat Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu:

ليس العلمُ بكثرة الرواية إنما العلمُ نورٌ يُقْذَف في القلبِ

Yaʼni: “Rivoyat ko‘pligining nomi ilm emas, balki ilm qalbga solinadigan bir nurdir” deydilar.

U orqali banda haqni anglay oladi hamda xaq va botilni ajrata oladi.

Ayni shu nurga nisbatan Qurʼoni karimda shunday deyildi:

قَدْ جَاءكُم مِّنَ اللّهِ نُورٌ وَكِتَابٌ مُّبِينٌ

Yaʼni: “Batahqiq, sizlarga Allohdan nur va oydin Kitob keldi” (“Moida” surasi, 15-oyat)

Yana ayni shu nurga ruh ham deyildi:

وَأَيَّدَهُم بِرُوحٍ

Yaʼni: “…va ularni bir ruh bilan qo‘llagandir” (“Mujodala” surasi, 22-oyat)

Yana ayni shu nurga taalluqli boshqa o‘rinda shunday dedi:

وَجَعَلْنَا لَهُ نُوراً يَمْشِي بِهِ فِي النَّاسِ

“…unga odamlar orasida yuradigan nurni berib qo‘ydik” (“Anʼom” surasi, 122-oyat )

Yaʼni, Biz ilmni nur qilib qo‘ydik. U orqali odamlar ichida yuradi. Bas, aslida ayni shu nurning nomi “ilm”dir.

Imom Shofeʼiyning mashhur sheʼrlari bor:

شَكَوْتُ إلَى وَكِيعٍ سُوءَ حِفْظِي

فَأوصانِي إلَى تَرْكِ المعَاصي

فإِنَّ العِلْمَ نُورٌمن الهي

ونورُ الله لا يُعْطَى لعاصي

Men (ustozim imom) Vakiʼga xotiram yomonligidan shikoyat qildim.
Shunda, u kishi meni gunohlarni tark qilishga buyurdi.
Chunki, ilm nuri ilohiydir.
Allohning nuri osiyga berilmaydi.

Maʼlum bo‘ldiki, ilm nuri ilohiyning nomidir. U gunohkorlarga hosil bo‘lmaydi. Agar faqat lafzlarni talaffuz qilishning nomi “ilm” bo‘lganda edi, u holda u nafaqat gunohkorlarda, balki, kofirlarda ham jam bo‘lar edi.

“Aslaaf ki taalibe ilmaana zindagi…” kitobidan Abdulqayyum Komil tarjimasi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*