O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼatining 2020-yilgi fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Bismillahir rohmanir rohim
Maʼlumki, fitr sadaqasi moli zakot nisobiga yetgan musulmon kishi tomonidan miskinlarga berilishi vojib bo‘lgan sadaqa bo‘lib, uni hozirgi sharoitdan kelib chiqib, Ramazon oyi davomida berish maqsadga muvofiqdir.
Fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislarida bayon etilgan quyidagi to‘rt narsaning qiymati barobarida chiqariladi. Ular: bug‘doydan yarim soʼ, arpadan bir soʼ, mayizdan yarim soʼ va xurmodan bir soʼdir. Bir soʼ taqriban (≈) 4 kilogrammga teng.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o‘rganilganda 1 kg. bug‘doy o‘rtacha to‘rt ming so‘m, 1 kg. arpa o‘rtacha uch ming so‘m, 1 kg. mayiz o‘rtacha o‘ttiz besh ming so‘m va 1 kg. xurmo o‘rtacha o‘ttiz ming so‘m ekani maʼlum bo‘ldi.
Shunga ko‘ra, 2020-yil (1441 h.) uchun FITR sadaqasining miqdori:
≈ 2 kilogramm bug‘doy 8 000 (sakkiz ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm arpa 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m;
≈ 2 kilogramm mayiz 70 000 (yetmish ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm xurmo 120 000 (bir yuz yigirma ming) so‘m deb belgilansin.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Bu yilgi FIDYA miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 20 000 (yigirma ming) so‘m, deb belgilansin!
Eslatma: Mazkur fitr sadaqasining qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o‘z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.