Nima uchun Allohning xulqlariga muvofiq tarzda o‘z feʼllarimizni o‘zgartirmaymiz?
Alloh taolo Kitobining “Hujurot” surasi oxirlaridagi ikki oyat. Agar musulmon odam ushbu ikki oyat haqida mulohaza yuritib unga amal qilsa, Alloh subxanahu va taoloning huzuriga toatlari qanchalik oz va ibodatlari qanchalik arzimas kam bo‘lsa ham undan Alloh rozi bo‘lgan holda ketadi.
Alloh subxanahu va taolo aytayotgan ushbu so‘zni o‘ylab ko‘ringlar:
“Ey iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol ular bulardan yaxshiroqdir. Va ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasin), ehtimol ular bulardan yaxshiroqdir. Va o‘zingizni o‘zingiz mazax qilmang, bir-biringizga laqab qo‘ymang. Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomon! Va kim tavba qilmasa, bas, ana o‘shalar o‘zlari zolimlardir”. “Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Baʼzilaringiz baʼzilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir”. “Hujurot” surasi, 11-12-oyatlar.
(Maʼlumki, kimning o‘yiga badgumonlik o‘rnashsa, u odam o‘sha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada gumon ostidagi odamning o‘ziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa, josuslik, deydilar. Odatda, josuslik deb birovga yomonlik yetkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini o‘ziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo‘lmog‘i zarur. “Tafsir Hilol”dan).
Mustafo sollallohu alayhi vasallam ushbu buyuk ikki oyatning mazmun mohiyatini o‘zlarining ushbu so‘zlarida qisqacha bayon qilib berganlar.
Abu Dovud va imom Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadisda Uqba ibn Nofeʼ;
“Ey Allohning rasuli najot nima?” Yaʼni, qiyomat kuni najot topishning yo‘li qanday? – deb so‘ragan savoliga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam javob berib:
“Tilingni tiyib uyingni lozim tut va xatolaringga yig‘la”, dedilar.
Ushbu uchta so‘z men sizlarga hozir tilovat qilib bergan ikki oyatning yetarli va qisqacha bayonidir.
Ey Allohning bandalari, bugungi kun musulmonlarining voqeliklarini o‘ylab ko‘ringlar, ularni Alloh taoloning ushbu ikki oyatidan ayrilib yuz o‘girganlarini balki, bir-birlari bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarida Alloh taolo vasiyat qilgan ushbu so‘zga qarshi borayotganlarini uchratasiz. Musulmonga nazar solib, uning ahvolini o‘ylab ko‘rsangiz, go‘yoki Alloh taolo uni boshqalarni taʼqib va nazorat qilish hamda ularning holatlarini kuzatish, o‘zigagina taalluqli bo‘lgan ishga taklif etilganini o‘ylash o‘rniga boshqalar aybini va ular kamchiliklarini topish vazifasiga turg‘azib qo‘ygandek his qilayotganini ko‘rasiz. Balki bu yerda bundan ham jiddiyroq narsa bor.
Bugungi kun musulmonlari orasida o‘z oldilariga odamlarning aybu nuqsonlarini kattalashtirib ko‘rsatadigan ko‘zoynaklar qo‘yib uni kattalashtiradiganlari bor, balki odamlar zohirlarini bosib o‘tib ularning qalbi va botinida yashiringan narsani titkilashga harakat qilayotganlari bor.
Insonning botinini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Ularning qalbida yashiringan narsani Boreʼ subhanahu va taolodan o‘zga kim bila oladi?!
Ularning har-biri Alloh azza va jallaning ushbu so‘zini eshitib olsin:
“Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni biling. Agar hidoyatda bo‘lsangiz, ularning adashganlari sizga zarar qilmas”. “Moida” surasi, 105-oyat.
(Endi “o‘zingizni biling”, ishlaringizni joyiga qo‘ying. Allohning amrini bajo qilishda davom eting, ular o‘z qilmishlari uchun o‘zlari javob beradilar. “Tafsir Hilol”dan).
Bu so‘z uni hijolat ham qilmaydi. U uning oldida to‘xtalib ham o‘tirmaydi. Balki unga eʼtibor ham bermay orqasiga o‘girilib o‘zini unutishda davom etadi va men sizlarga tilovat qilib bergan Alloh subhanahu va taoloning so‘zini unutgan holda do‘stlarini taʼqib qilish va ularning xato-kamchiliklarini titkilash payiga tushadi.
“Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar”.
Yaʼni sizlarning hech biringiz odamlar holini kuzatib nazorat qiluvchi bo‘lmasin.
“Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir”.
Zamonlar o‘tib – ey Allohning bandalari – bu so‘z kim uchundir mushkul bo‘lib qoldi.
“Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir”.
Ichimda aytdim, Alloh azza va jalla baʼzi gumonlarni gunoh deb xukm chiqardi-yu, lekin ko‘p gumonlardan qaytardi, nima uchun? Bu yerdagi qiyoslash “baʼzi gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir” – deyishni taqozo qilmaydimi? Lekin sizlarga aytiladigan javob Alloh azza va jallaning bayonoti eʼtibor qaratayotgan ushbu nozik maʼnodir.
“Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir”.
Sen gunoh bo‘lgan o‘sha baʼzi narsalarni bilishga kuching yetadimi? Yo‘q, sen bularni bilishga qodir emassan, chunki u maxfiy ishlardir. Demak sen saqlangan o‘sha gunohi bor baʼzi gumonlarni bilishing uchun ehtiyot yuzasidan ko‘p gumonlardan kengroq masofada saqlanishing lozim bo‘ladi.
“Baʼzilaringiz baʼzilaringizni g‘iybat qilmanglar”.
Ulamolar g‘iybatni gunohi kabiralardan, yaʼni katta gunohlardan ekaniga qaror qilganlar.
“Baʼzilaringiz baʼzilaringizni g‘iybat qilmanglar”.
Ushbu shakl berish va o‘xshatishga eʼtibor qilinglar.
“Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi?”
Nima uchun o‘likni go‘shtini yeyishga o‘xshatdi? Chunki sen o‘zini himoya qilishga ega bo‘lmaydigan oldingda yo‘q odamni g‘iybat qilsang go‘yoki o‘lik go‘shtni tishlab olganga o‘xshaysan. Bu Alloh subhanahu va taoloning so‘zidir.
Ey Allohning bandalari, Rohman va Rahiym bo‘lgan Robbimiz azza va jalla o‘zining oliy zotiga vazifa qilib olgan ilohiy amaliyot qonuni haqida fikr yuritib ko‘ringlar. Ushbu qonun bizga shunday bayon qiladi, agar Alloh bandalaridan birining bajargan yaxshi amalini ko‘rsa ushbu yaxshi amalni o‘z hidini atrofga taratuvchi hushbo‘y narsaga hamda u yer bu yerda eshitiladigan jarangli ovozga o‘xshash qilib qo‘yadi va uning bu yaxshi va solih amali odamlar orasida tarqaladi. Endi bu ko‘plab solih amallar bo‘lsachi, unda qanday ham yaxshi!
Ammo agar taqiqlangan yomon ishni qilib qo‘ysa yoki qing‘ir ishga aralashib qolsa, Alloh azza va jalla uni odamlardan berkitib ko‘pchilik oldida hech qachon ovoza qilmaydi. Magar gunoh qilayotganlar qilayotgan xatolarini takabburlik bilan qilsalar, unda Alloh taolo ularni garchi yotar uyidagi to‘shagida qilgan xatolarini ham fosh qilib sharmanda qiladi. Lekin biz hozir nafsining tentakligi sababidan ojiz qolib xato qilayotgan mo‘minlar haqida gaplashmoqdamiz. Alloh taolo ularning xatolarini odamlardan berkitadi. Agar Alloh azza va jalla buyurgan biror ishni qilsalar Alloh taolo uni hidi chor atrofga taraladigan yoqimli qilib qo‘yadi. Ammo gunohlarini odamlar olamlar Robbisi huzurida turadigan qiyomat kunigacha berkitib qo‘yadi. Keyin o‘sha kuni Boreʼ azza va jalla dunyoda gunohlarni qilsada o‘zi berkitib qo‘ygan kishini o‘ziga yaqinlashtiradi xatto uni qo‘ltig‘iga oladi va keyin pardani tushirib uni odamlardan to‘sadi va unga: “Falon kuni qilgan falon gunohingni bilasanmi?” – deydi. U mo‘min: “Ha, bilaman, ey Robbim, bilaman” deydi.
Keyin yana unga: “Falon kuni qilgan boshqa bir gunohingni ham bilasanmi?” – deydi. U mo‘min: “Ha, bilaman ey Robbim, bilaman” deydi.
Keyin yana; “Falon kuni qilgan boshqa bir gunohingni ham bilasanmi”?- deydi. U mo‘min: “Ha, bilaman, ey Robbim, bilaman” deydi.
Shunda Alloh taolo unga: “Men u dunyoda bularni yashirgan edim, endi esa bu kunda seni (o‘sha gunohlaringni) kechiraman”,- deydi.
Allohning bandalari! Nima uchun Allohning axloqlari bilan xulqlanmaymiz? Nima uchun Allohning xulqlariga muvofiq tarzda o‘z feʼllarimizni o‘zgartirmaymiz? Nima uchun bir birlarimiz bilan bo‘lgan munosabatlarda Alloh subhanahu va taolo bizga muomala qilayotganidek munosabatda bo‘lmaymiz? Alloh taolo yaxshiliklarimizni chor tomonga tarqatib yomonliklarimizni berkitmoqda. Nima uchun biz ham o‘rtalarimizdagi o‘zaro munosabatlarda men sizlarga aytib bergan ushbu uslubda muomala qilmaymiz?
Ha, bu olamlar Robbisining ishi va bandalari haqidagi uning amaliyotidir. Balki men hozir sizlarni boshqa amaliyot qonuni oldiga qo‘yib ko‘raman.
Alloh azza va jalla o‘zining fazlu marhamati bilan bandasi qanchalik xato qilsa ham va qanchalik yanglishib gunoh qilsa ham, O‘zi bilan ushbu bandasi o‘rtasida bog‘lanish rishtasini o‘rnatib qo‘yishni xohladi. Magar ularning takabburlari uchun bu rishtani qoldirmadi.
Agar siz bir insonni tentakligi va ojizligi sababli gunohlarga sho‘ng‘ib ketganini ko‘rsangiz Alloh taolo o‘zi bilan ushbu banda o‘rtasiga bog‘lanish uchun arqon tashlab qo‘yishi muqarrardir. Ushbu arqon o‘ziga bog‘langan shart bilan qachon qoyim bo‘lishini siz bilmaysiz. Bir kun kelib siz ushbu insonni o‘sha arqonni mahkam ushlashini va u orqali Allohga murojaat qilib; “Mana men, ey Robbim, senga qaytib o‘zingga murojaat qilmoqdaman, meni qabul qilgin”- deb aytayotganini, Alloh taolo ham uni: “Labbay bandam” – deb qabul qilayotganini ko‘rasiz.
Ayrim xatolarga og‘ib baʼzi gunohlarni qilayotganlarini ko‘rganing uchun, majlislarda tilingni uzun qilib g‘iybat qilayotgan odamlaring holini yaxshi bilasanmi o‘zi?
Yoki Alloh va ular o‘rtasida bog‘langan sirli rishta orqali ularni qutqarib olishiga ishonmaysanmi?
Yoki ularni ertaga sening holingdan afzal holatga xatolari sababidan ko‘tarila olmasligiga ishonching komilmi?
Mana shu, bandalariga odob bilan muomalada bo‘lishimizni hukm qilgan olamlar Robbisining yo‘lidir.
Nima uchun bunday xukm qildi? Allohning hamma bandalariga nisbatan chiroyli odob bilan muomala qilishimiz uchun.
Agar adashgan insonlarni ko‘rsak va o‘zimizga qarab o‘zimizni to‘g‘ri ekanimizni sezsak ular haqida yomon gap bilan tilimizni uzun qilib ularni g‘iybat qilmaylik.
Ha, agar sen unga kuching boricha Allohni eslatish uchun yo‘nalsang, uni muloyimlik va rahm shafqat bilan yo‘g‘irilgan chiroyli uslubda yaxshilikga buyurib yomonlikdan qaytarasan.
Ammo u yer-bu yerlardagi majlislarda u haqida gapirishga va odamlar orasida uning hayotiga doir yomon suratlar chizish uchun yo‘nalsang, sen uni ertami-indin yoki keyinroq ushbu adashishidan Alloh taolo qutqarib olmasligini va uni Allohning solih bandalari ichida eng afzaliga aylanib qolishi mumkinligini bilasanmi? Sen o‘zingni ushbu to‘g‘ri yo‘lda qolishingni va tilingni cho‘zib qilgan g‘iybating va uni istehzo qilganing uchun seni Alloh azoblamasligini aniq bilasanmi? Alloh taolo senga g‘azab qilmasligiga va hidoyatdan keyin seni adashish vodiylariga itarib tashlamasligiga ishonching komilmi?
Yo‘q, ey Allohning bandalari.
Alloh subhanahu va taoloning bandalari Allohning pardasi bilan berkitilgan. Biz ulardan ushbu pardani yirtib tashlashimiz mumkin emas. Siz ham ana shu bandalarning birisiz. Hammamiz Allohning pardasi bilan yashirib qo‘yilganmiz.
Men sizlarga sahih hadisni aytib o‘tdim. Alloh taolo gunohga botgan kishini o‘ziga yaqinlashtiradi. Keyin pardani tushirib uni odamlardan to‘sadi va unga: “Falon gunohni eslaysanmi, falon, falon gunoh esingdami?”, deb gunohlarini eslatib bu gunohlar suratini unga ko‘rsatadi u ham eslaydi. Keyin Alloh taolo unga:
“Men u dunyoda bularni yashirgan edim, endi esa bu kunda seni (o‘sha gunohlaringni) kechiraman”,- deydi.
Ey Allohning bandalari! Kelinglar lutf va marhamatga cho‘mdirilgan ushbu buyuk ikki oyat o‘z ichiga olgan nasihatni amalga oshirishda Alloh bilan ahdlashib olaylik.
“Ey iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol ular bulardan yaxshiroqdir. Va ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasin), ehtimol ular bulardan yaxshiroqdir. Va o‘zingizni o‘zingiz mazax qilmang, bir-biringizga laqab qo‘ymang. Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomon! Va kim tavba qilmasa, bas, ana o‘shalar o‘zlari zolimlardir”.
“Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Baʼzilaringiz baʼzilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir”. “Hujurot” surasi, 11-12-oyatlar.
Ammo adashib xato qilgan do‘stingiz oldida muhabbat va marhamat bilan to‘xtab, uning xatosini chiroyli yo‘l bilan eslatib qo‘yishingiz bu yaxshi narsa, lekin uni ko‘rganingizda unga salom berib jim turishingiz va oldingizdan ketgach odamlar oldida uni eng yomon va eng fojir odamga chiqarishingiz, bu isloh maʼnosiga ham, amru maʼruf-nahyi munkar maʼnosiga ham kirmaydi.
Ushbu so‘zimni aytib Allohdan mag‘firat so‘rayman.
Muhammad Saʼid Ramazon al-Butiyning juma xutbasidan,
2010-yil, 1-oktyabr
Abdulloh G‘ulomov tarjimasi