Har bir mo‘min-musulmon banda hazir bo‘lishi lozim bo‘lgan qalb xastaliklarining biri riyodir. “Riyo” so‘zi ko‘z bilan ko‘rish, nazar solish va odamlar ko‘rsin maʼnolarini anglatadi. Oxirgi maʼno riyo uchun xosdir.
Ibn Hajar Asqaloniy riyoni quyidagicha taʼriflaydi: “Riyo odamlar ko‘rib, egasini maqtashlari uchun ibodatni izhor qilishdir”.
Tahonaviy riyoni quyidagicha taʼriflaydi: “Riyo yaxshilikni boshqalar ko‘rsin uchun qilishdir. Unda xolis niyat va ixlos bo‘lmaydi”.
Bashariyat mubtalo bo‘ladigan maʼnaviy xastaliklar ichida eng yomoni shirkdir. Chunki shirk tufayli robblik haqi egasidan boshqaga beriladi. Bandalik unga loyiq bo‘lmagan zotga qilinadi. Shu bilan birga, shirk bashar qalbini parchalovchi omildir. Chunki u tufayli inson qalbi bir necha tarafga sig‘inishga majbur bo‘ladi. Uning toshga, haykalga, daraxtga, hayvonga va boshqa narsalarga ibodat qilayotganini guvoh bo‘lasiz.
Tavhid aqiydasini lozim tutgan musulmon inson mazkur narsalarning barchasidan xolos bo‘lgan hur insondir. Ammo uning maxfiy shirk xastaligiga chalinish xavfi bor.
Bu xastalikning nomi riyo. O‘z amali ila xolisona Alloh taoloning roziligini itamagan riyokor halokatga uchrashini bayon qiluvchi ochiq-oydin dalillar kelgan.
Alloh taolo “Baqara” surasida: “Ey iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, molini Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham kishilarga riyo uchun nafaqa qilganga o‘xshab, bekorga ketgazmang. U misoli bir ustini tuproq bosgan silliq toshga o‘xshaydi. Bas, kuchli yomg‘ir yog‘sa, silliq bo‘lib qoladi. Kasb qilganlaridan hech narsaga qodir bo‘lmaslar. Va Alloh kofir qavmlarni hidoyatga boshlamas”, degan (264-oyat).
Alloh taolo “Niso” surasida: “Ular mollarini kishilar ko‘rishi uchun sarflarlar. Hamda Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirmaslar. Kimning yaqini shayton bo‘lsa, u qanday ham yomon yaqin!” degan (38-oyat).
Bu oyatda Alloh xush ko‘rmaydigan mutakabbir va faxrlanuvchi kimsalarning baʼzi sifatlari zikr qilinmoqda. Ular aslida baxil bo‘lib, molni yaxshilikda sarflashdan qochadilar. Ammo bordiyu sarflasalar ham, oyati karimada kelganidek, kishilar ko‘rsin uchun, riyokorlik uchun sarflaydilar.
“Ular mollarini kishilar ko‘rishi uchun sarflarlar”.
Demak, baxil bo‘lish ham Alloh taologa yoqmaydi. Riyokorona nafaqa berish ham Alloh taologa yoqmaydi. Chunki riyokorning mol sarflashdan ko‘zlagan maqsadlari odamlar ko‘rsin va eshitsin, gap qilsin, maqtasin, deyishdir. Alloh uchun, Uning roziligi uchun emas.
Alloh taolo “Niso” surasida: “Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘lurlar. Holbuki, Alloh ularni «aldovchi”dir. Agar namozga tursalar, dangasalik bilan, xo‘jako‘rsinga tururlar va Allohni kamdan kam zikr qilurlar», degan (142-oyat).
Alloh taolo “Moʼuun” surasida: “Bir «namozxonlar”ga vayl bo‘lsinki, ular namozlarini unutuvchilardir. Undoq kishilar riyo qiladiganlardir», degan (4–6-oyatlar).
Namoz o‘qisa-yu, namozning haqiqatini unutsa, yomonlik, ig‘vo, bo‘hton, yolg‘onchilik, buzg‘unchilik va boshqa razolatlardan qaytmasa, unday kishi riyokor, munofiq bo‘ladi. Odamlarning ko‘zini bo‘yash, ular huzurida obro‘ topish, o‘zini dindor qilib ko‘rsatish uchun namoz o‘qigan bo‘ladi.
Alloh taolo “Kahf” surasida: “Bas, kim Robbiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbi ibodatiga birontani sherik qilmasin”, degan (110-oyat).
Riyo haqida aytilgan hadislardan namunalar:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Alloh taborak va taolo: «Men sherikka eng behojat Zotman. Kim bir amal qilsayu, unda Men bilan Mendan boshqani sherik etsa, uni ham, sherik qilishini ham tark eturman”, dedi». Muslim rivoyat qilgan.
Bu yerda amalda riyokorlik qilish shirkka tenglashtirilmoqda. Shuning o‘zidan riyokorlik qanchalar yomon narsa ekanini bilib olsa bo‘ladi.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan Jubbul hazandan saqlashini so‘ranglar”, dedilar.
“Ey Allohning Rasuli, Jubbul hazan nimadir?” deyishdi.
“Jubbul Hazan, jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, undan jahannam (qo‘riqchilari) ham har kuni yuz marta panoh so‘raydilar”, dedilar.
“Ey Allohning Rasuli, unga kimlar kiradilar?” deyishdi.
“Amallari ila riyo qiluvchi qorilar”, dedilar».
Qurʼonni Alloh uchun emas, odamlar maqtovi uchun, falonchi yaxshi qori, Qurʼonni yaxshi o‘qiydi, undoq qiladi, bundoq qiladi, deyishlari uchun o‘qiydigan qorilar. Qarang, Allohning kalomini o‘qish ham niyat va ixlos bilan bo‘lmasa, riyokorlik uchun bo‘lsa qanchalik og‘ir oqibatlarga olib kelish mumkin ekan.
Abu Saʼid ibn Abu Fazola roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qachonki, Alloh qiyomat kunida- bo‘lishiga shubha yo‘q kunda odamlarni jamlasa, bir nido qiluvchi: «Kim Alloh uchun qilgan amalida boshqa birovni sherik keltirgan bo‘lsa, savobini Allohdan boshqaning huzuridan talab qilsin, Alloh sheriklardan eng behojat Zotdir”, deb nido qiladi». Termiziy rivoyat qilgan. Alloh biluvchidir.
Riyoning zararlari:
1.Riyo amalning savobini zoye qiladi.
2.Riyo Alloh taoloning yomon ko‘rishiga sababdir.
3.Riyokor Alloh taoloning laʼnatiga sazovordir.
4.Riyo halokatga olib boruvchi gunohi kabiradir.
5.Riyo riyokorning g‘oyatda johil ekaniniga dalil bo‘ladi.
6.Riyo faqirlikni jalb qiladi.
7.Riyo o‘z sohibini fitnalarga giriftor qiladi.
8.Riyo egasini qiyomat kuni xaloyiqning oldida sharmanda qiladi va boshqalar.
Riyoning qismlari
Riyoning bir necha turi bor.
Birinchi turi. Badan ila riyo qilish. Bunda ozg‘inlik va sarg‘ayishni zohir qilinadi. Bu bilan qattiq ijtihod qilayotgani, din uchun mahzunlik va oxirat xavfi kuchli ekanini odamlarga ko‘z-ko‘z qilishga harakat qilinadi.
Ahli dunyoning riyosi semizlik, rangning tozaligi, qomatning moʻtadilligi, yuzning go‘zalligi, badanning pokligi va aʼzolarning quvvati ila bo‘ladi.
Ikkinchi turi. Tashqi ko‘rinish va kiyim ila bo‘ladi. Bunda sochni to‘zigan holda tutish, yuzda sajda asarini qoldirish, qo‘pol kiyim kiyish, yengini kalta qilish, kiyimni poklamaslik, uni yirtiq holida qo‘yish kabilar sunnatga ergashish daʼvosi sifatida qilinadi.
Ahli dunyoning bu boradagi riyosi nafis kiyimlar, muhtaram markablar, kiyim va maskandagi turli kengliklar va jamollar ila bo‘ladi.
Uchinchi turi. Gap-so‘z ila bo‘ladigan riyo.
Bu turdagi riyo din ahlida vaʼz va irshodda, hikmatni nutq qilishda, ilmning ko‘pligini bildirish uchun xabarlar va asarlarni yod olish bilan bo‘ladi.
Shuningdek, odamlar jamlangan yerda labini qimirlatib, zikr qilib turish, ularning oldida amri maʼruf va nahyi munkar qilish bilan bo‘ladi.
Ahli dunyoning bu turdagi riyosi esa sheʼrlar va masallarni yod olish, iboralarni alohida ohang bilan gapirish va ko‘pchilik bilmaydigan so‘zlarni ishlatish bilan bo‘ladi.
To‘rtinchi turi. Amal bilan bo‘ladigan riyo.
Bu namozxonning rukuʼ va sajdani uzun qilishi kabi ishlar bilan bo‘ladi.
Ahli dunyo bo‘lsa, manmanlik va gerdayish kabi boylik va obro‘ni ko‘z-ko‘z qiluvchi narsalar ila riyokorlik qiladilar.
Beshinchi turi. Do‘stlar va ziyoratchilar bilan maqtanish.
Bunda riyokor mashhur olimni uyiga “falonchinikiga mashhur olim kelibdi”, deyilishi uchun taklif qiladi. Yoki “men falonchining majlisida ishtirok etaman” deya doimo maqtanib yurish bilan bo‘ladi.
Riyoning darajalari
- Bu daraja eng yomoni hisoblanadi. Unda riyokor savobni mutlaqo iroda qilmaydi. Misol uchun odamlar ko‘rsin uchun namoz o‘qiydi. Ammo o‘zi yolg‘iz bo‘lsa o‘qimaydi. Baʼzida riyo uni tahoratsiz namoz o‘qishga ham olib boradi.
2. Savob umidi “odamlarga amalimni ko‘rsin”, degan umiddan ko‘ra ozroq. Bu darajadagi riyoning gunohi oldigisinikidan ozroq bo‘ladi.
3. Savob va riyo maqsadi teng bo‘ladi. Agar ulardan birigina bo‘lsa amalni qilmay qo‘yaveradi. Ammo ikki maqsad jam bo‘lganda amalni qilishga rag‘bat qo‘zg‘aladi. Bu ham gunoh hisoblanadi.
4. Odamlarning bilishi amalni yaxshilab qilishiga sabab bo‘ladi. Agar odamlar bilmasa ham amalni qilaveradi. Bu darajadagi riyoda savobning asli botil bo‘lmaydi. Ammo savob nuqsonga uchraydi. Bunday ishning sohibi riyosi miqdoricha iqobga va savob umidi miqdoricha savobga sazovor bo‘ladi.
Riyoning hukmi
Riyo harommi, makruhmi yoki mubohmi, degan savolga bir og‘iz so‘z bilan javob berib bo‘lmaydi. Buning tafsiloti bor.
1. Riyo ibodatlarda bo‘lsa, haromdir. Namozi, sadaqasi, haji ila riyokorlik qiladigan banda osiydir. Chunki u o‘z riyosi ila Allohdan o‘zgani qasd qiladi. Holbuki, ibodatga sazovor yagona zot Alloh taoloning yolg‘iz O‘zidir.
2. Riyo mol talabi kabi ibodatdan boshqa narsada bo‘lsa, harom bo‘lmaydi. Chunki bu odamlar qalbidan joy olmoqni istashdan iboratdir. Mol kasb qilishda baʼzi bir man qilingan sabablar aralashishi bo‘lishi kabi obro‘ talabida ham shu narsa bo‘ladi. Inson o‘zi muhtoj bo‘lgan molni talab qilishi maqtovga sazovor bo‘lganidek, orbo‘ talabida ham shunday bo‘ladi.
Yusuf alayhissalom ham podshoh huzuridagi amalni o‘zlari talab qilganlar. Obro‘ ko‘p bo‘lsa ham uni harom deya olmaymiz. Faqatgina obro‘ o‘z egasini nojoiz narsaga boshlamasligi sharti ila bo‘lsa.
Ammo talabiga hirs qo‘yilmagan va zavol bo‘lganda g‘am- g‘ussaga botilmaydigan obro‘ qancha baland bo‘lsa ham zarar qilmaydi.
Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va u zotdan keyingi ulamolarning obro‘laridan kengroq obro‘ning o‘zi yo‘q. Ammo bor himmatni obro‘ ketidan quvishga sarflash dinda nuqsondir.
3. Yaxshi kiyinish ham odamlar huzurida go‘zal ko‘rinish uchun bo‘ladi. Shuningdek, boshqa chiroyli ko‘rinish uchun qilinadigan harakatlarning barchasi ham man qilingan, deya olmaymiz. Bunda maqsadlar turlicha bo‘ladi.
Kimdir o‘ziga past nazar bilan qaralishini istamaydi. Kimdir o‘ziga berilgan neʼmatni izhor qilish niyatida bo‘ladi.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida zarra og‘irligida kibryosi bor kishi jannatga kirmaydi”, dedilar».
“Ey Allohning rasuli, kishi kiyimi go‘zal bo‘lishini, poyafzali go‘zal bo‘lishini yoqtiradi-ku?” dedi bir odam.
“Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadir. Kibr haqni inkor qilish va odamlarni haqir sanashdir”, dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.
Maxfiy riyo haqida
Riyoning oshkorasi va maxfiysi bo‘ladi. Oshkora riyo amalga chorlovchi omil bo‘lib, odamlar ko‘rishi uchungina qilinadi.
Undan keyingi o‘rinda turadigan riyo o‘zi amalga bois bo‘lmasa ham, Alloh uchun qilinadigan amalni yengillatadi.
Misol uchun, bir odam har kecha tahajjud o‘qir va bu unga og‘ir kelar edi. Uyiga mehmon kelgan kuni bu ish unga juda ham yengil bo‘lib qoladi.
Undan ham maxfiyroq riyo amalga ham, uning yengillashishiga ham taʼsir qilmaydi. Lekin bari bir qalbdan joy olgan bo‘ladi.
Bu turdagi riyo amalga bois bo‘lmagani uchun uni bilib olish faqatgina baʼzi alomatlardan bo‘ladi. Uning eng mash-hur alomati odamlar uning toatidan xabardor bo‘lsa xursand bo‘lishidir.
Ko‘pgina bandalar ixlos bilan amal qiladi. Riyoni qasd qilmaydi, balki yomon ko‘radi. Amal o‘shanga binoan bo‘ladi.
Shu bilan birga, odamlar amalidan xabardor bo‘lsalar masrur bo‘ladi va huzur topadi. Bu narsa qalbida ibodat mashaqqatini yengillashtiradi. Mana shu surur undagi maxfiy riyoning dalilidir.
Amalni zoye qiladigan va qilmaydigan riyo
Riyo ibodatdan forig‘ bo‘lgandan keyin yoki oldin sodir bo‘lishi ehtimoli bor.
Agar ibodatdan forig‘ bo‘lganidan keyin o‘zi harakat qilmasa ham bandada surur paydo bo‘lsa, amali habata bo‘lmaydi.
Chunki mazkur amal ixlos asosida ado etildi, surur esa undan keyin keldi. Xususan, banda uning kelishi uchun harakat ham qilmadi, gapirmadi ham.
Ammo amal tugagandan keyin u haqida gapirgan bo‘lsa, bu xavfli. Bunda ko‘pincha amalni qilayotgan paytida qalbida riyo bor bo‘ladi.
Agar riyo bo‘lmasa ham gapirgani uchun savobi ozayadi. Zotan maxfiy va oshkora amal orasida yetmish daraja bor.
Agar riyo ibodatdan forig‘ bo‘lmay turib sodir bo‘lsa, hukmi boshqacha. Misol uchun birov ixlos bilan namoz boshladi. Keyin qalbida surur paydo bo‘ldi. Boshqa narsa aralashmadi. Bunda amaliga taʼsiri yo‘q bo‘ladi.
Ammo o‘sha surur namozni odamlar ko‘rsin uchun cho‘zib yuborishga olib borsa, amali habata bo‘ladi.
Agar riyo bilan ibodat bir vaqtda sodir etilsa, ibodat qabul bo‘lmaydi. Misol uchun, riyo uchun namoz o‘qishni boshlash kabi.
Riyoning davosi
Avvalgi satrlarda riyoning halokatli zararlari haqida ko‘p narsalar zikr qilindi. Endi undan qutilish yo‘llari haqida ham to‘xtalib o‘taylik.
Riyoning muolajasi ikki turli bo‘ladi.
Birinchisi – uning asl tomirlarini qo‘porib tashlash.
Ikkinchisi – sodir bo‘lib turgan riyoni daf qilish.
So‘zni birinchisidan boshlaylik. Riyoning asli obro‘ va martaba muhabbatidir. Bu narsaning tafsiloti uch narsaga borib taqaladi.
1.Maqtov lazzati muhabbati.
2.Tanqid alamidan qochish.
3.Odamlar qo‘lidagi narsaga taʼmagirlik qilish.
Bunga imom Buxoriy va imom Muslimning “Sahih”larida kelgan bir hadis dalildir.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir odam kelib Nabiy alayhissalomdan: “Ey Allohning Rasuli! Ayting-chi, shijoat bilan urushga kirgan odam Allohning yo‘lida urushgan bo‘ladimi, tarafkashlik uchunmi yoki riyo uchunmi?” dedi.
U zoti bobarakot: “Kim Allohning so‘zi oliy bo‘lishi uchun urushga kirsa, Allohning yo‘lida urushgan bo‘ladi”, dedilar». Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.
“Shijoat bilan” degani zikr qilinishi va maqtalishi deganidir.
“Tarafkashlik uchun” degani – tanqiddan qo‘rqib degani.
“Riyo uchun” degani uning kimligini ko‘rib qo‘ysinlar uchun degani. Mana buning oti obro‘ va martaba muhabbatidir.
Gohida inson maqtovni istamasligi mumkin. Ammo qoralanishdan qo‘rqadi. Bunga shijoatlilar ichiga tushib qolgan qo‘rqoq misol bo‘ladi. U qoralanmaslik uchun qochmay sobit turishi mumkin.
Shuningdek, ilmsizlikda ayblanishidan qo‘rqqan odam bilmasa ham fatvo berib yuborishi mumkin. Riyokorlik shu kabi tarzlar ila sodir bo‘ladi.
Riyoning asl tomirlarini qo‘porib tashlash iloji qanday bo‘ladi?! Maʼlumki, inson o‘zi uchun hozir yoki kelajakda foydali bo‘lgan narsalarga rag‘bat qiladi. Agar u bir narsaning hozirda huzurbaxsh bo‘lsa ham keyin zararli ekanini bilsa, undan rag‘batini kesishi turgan gap. Misol uchun, asalga zahar qo‘shiliganini bilgan odam aslning lazzatidan o‘ylab o‘tirmay voz kechadi.
Riyo ham xuddi shunga o‘xshashdir. Agar inson riyoning bu dunyo va oxiratdagi zararlarini anglab yetsa, uni tark qilish turgan gap.
Inson o‘ziga o‘xshagan odamlarning maqtovi deya riyo qilayotganda Robbisining maqtovidan mahrum bo‘lishini va azobiga qolishini o‘ylasin.
Inson o‘ziga o‘xshagan odamlarning qoralashidan qo‘rqib riyo qilyotganda Robbisining qoralovidan va azobidan qo‘rqsin.
Inson o‘ziga o‘xshagan odamlarning qo‘lidagi narsaga taʼmagir bo‘lib riyokorlik qilayotganda Alloh taoloning yolg‘iz O‘zigina qalblarga man qilish va berish tuyg‘usi va istagini soluvchi zot ekanini o‘ylasin. Undan o‘zga rizq beruvchi yo‘q.
Bandadan taʼmagir bo‘lgan odam murodiga yetganda ham, xoru zor bo‘lishi turgan gap. Bas, shunday ekan, qandoq qilib Alloh taoloning huzuridagi narsani qo‘yib bandadagi narsaga taʼmagir bo‘ladi?!
Bu boradagi foydali davolardan biri nafsini ibodatni maxfiy qilishga o‘rgatishdir. Zotan, riyoning amallarni maxfiy qilishdan afzal davosi yo‘q.
Bu ish avvalda juda ham qiyin bo‘ladi. Ammo bir muddat qiynalib bo‘lsa ham sabr qilib borsa, keyin ish osonlashib ketadi. Alloh taolo unga madad beradi. Bandadan harakat, Allohdan barokat.
Ikkinchisi – sodir bo‘lib turgan riyoni daf qilish.
Ibodat paytida paydo bo‘ladigan riyoni daf qilishni ham o‘rganish lozim. Shayton ibodat paytida bandani tek qo‘ymaydi. U laʼnati riyo xotiralarini esga solib turadi. Shuning uchun banda nafsiga qarshi jihod qilib turishi kerak. Qanoat va o‘zini odamlar nazaridan tushirish ila qalbidagi riyo o‘sadigan joylarni qo‘porib tashlamog‘i kerak. Odamlarning maqtoviga ham, qoraloviga ham eʼtibor bermasin. Odamlar bildi nimayu, bilmadi nima, Alloh taoloning O‘zi bilsa bo‘ldi, desin.
Maqtov ofatiga rag‘bati qo‘zib qolsa, nafsiga riyo ofatini va Alloh taoloning g‘azabiga uchrashini eslatsin.
Toatni oshkora qilishga ruxsat
Toatni maxfiy qilishda ixlos va riyodan saqlanish foydasi bor. Toatni oshkora qilishda esa, birovlarning ergashishi va odamlarga yaxshilikni targ‘ib qilish foydasi bor.
Hajga o‘xshash ibodatlarni esa, maxfiy qilishning umuman iloji yo‘q. Bas, shunday ekan, amalni oshkora qilgan odam qalbini kuzatib borishi lozim. Toki unda maxfiy riyoning muhabbati paydo bo‘lmasin. Doimo odamlar ergashishini niyat qilib tursin.
Bas, kimning nafsi baquvvat bo‘lib, ixlosi but bo‘lsa, uning nazdida odamlarning maqtovi va qoralovi hech narsa bo‘lmay qolsa, amalini oshkora qilaverishi mumkin. Chunki yaxshilikka targ‘ib qilish yaxshilikdir.
Salafi solihlarning bir jamoalari odamlar o‘rnak olishi uchun o‘zlarining ahvoli shariflaridan baʼzilarini oshkora qilar edilar. Ulardan birlari jon taslim qilish payti kelganda: “Menga yig‘lamanglar! Men musulmon bo‘lganimdan biror og‘iz xato gap gapirganim yo‘q”, degan.
Abu Bak ibn Ayyosh rahimahullohu o‘g‘liga: “Bu hujrada Alloh taologa maʼsiyat qilishdan hazir bo‘l! Men unda o‘n ikki ming marta xatm qilganman”, degan.