Bosh sahifa » Maqolalar » “Al-Jomiʼ as-Sahih” asari yozilishiga nima sabab bo‘lgan?

“Al-Jomiʼ as-Sahih” asari yozilishiga nima sabab bo‘lgan?

Tarixda ko‘plab buyuk mutafakkir va allomalarning nodir asarlarini tasnif etilishida muayyan bir sabab bo‘lgan. Bu ularning pokiza niyati, chiroyli amali va ilm yo‘lidagi tinimsiz xizmati bilan nodir asarlar yozishga undagan. Buyuk muhaddis Imom Buxoriyning hayotida ham xuddi shunday ulug‘ ustozlari tomonidan buyuk asarni yozishga targ‘ib bo‘lgan. “Sahih al-Buxoriy” asarining tasnif etilish tarixi hamda uning roviy va kotiblarining hayoti o‘rganilishi ham muhim ahamiyatga ega. Imom Buxoriyni shoh asarni tasnif etishda ilhomlantirgan voqea ham ajib ibratli tarixga ega. Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan eshitdim, u kishi: “Isʼhoq ibn Rohavay huzurida edik. Shayximimz bizlarga “Sizlardan birontangiz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning sunnatlarini qisqa muxtasar holda kitob qilsangiz” dedilar”. “Bu taklif mening qalbimdan joy oldi va “Jomiʼ” (“Sahih al-Buxoriy”) kitobimni jamlashni boshladim” dedilar” deb taʼkidlagani.

Ibn Hajar Asqaloniy o‘zining “Hadyi-s-Soriy” asarida ishonchli sanad bilan Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris tomonidan aytilgan Imom Buxoriydan shunday rivoyatni keltiradi: “Men tushimda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ni ko‘rdim, u kishi go‘yo-ki, uyquda edilar. Men u kishining oldida turibman qo‘limda bir yilpig‘ich u bilan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning muborak yuzlaridan pashshalarni haydayapman. Bu tushning taʼbirini tushni taʼbir qiladiganlardan so‘radim. Ular: “Siz Rasululloh (sollalloh alayhi vasallam)ning sunnatida paydo bo‘lgan yolg‘onlarni ketgisasiz” dedilar. Bu menga “Al-Jomiʼ as-Sahih”ni tasnif etishimga sabab bo‘ldi” dedilarii. Buyuk asar “Sahih al-Buxoriy”ni tasnif etilishiga bo‘lgan bu ikki sabab ham shubhasiz, Imom Buxoriyning o‘zi tomonidan rivoyat qilingan. Bu uning ustozi marvlik buyuk muhaddis, musnid imom, hofiz Isʼhoq ibn Rohavayning bergan taklifi va Buxoriyning tushiga Alloh taolo tomonidan berilgan ilohiy rag‘bat. Bu ikki sabab ham 20-22 yoshdagi Muhammad ibn Ismoil Buxoriyga kelajakda “Sahih al-Buxoriy” asarini yozishga katta rag‘bat bergan. Bu ilohiy rag‘bat va ustozining irshodi uning keyinchalik buyuk asarni tasnif etishi va bu asar Qurʼoni karimdan keyingi maqomda bo‘lishida ishorat bo‘lgan. Shundan so‘ng Imom Buxoriy shoh asarni yozishga kirishib, uni 16 yilda yozib bitirgan. Asarni boshlanishi 217/833-yilda bo‘lib, bu vaqtda Imom Buxoriyning yoshi 23 yoshda bo‘lgan. Buyuk muhaddis 39 yoshida 233/849-yilda yozib bitiradi. Bu ulug‘ ishni bajarish Alloh taoloning buyuk marhamati bilan yer yuzida faqat Imom Buxoriyga nasib etgan.

Imom Buxoriy “Sahih al-Buxoriy” asarini jamlash uchun o‘zining xolis mehnati, mustahkam taqvo va zuhdi hamda o‘n olti yillik vaqtini sarflagan. Abu Isʼhoq Zanjoniy shunday dedi: “Abdurrahmon ibn Rasoyin Buxoriydan eshitdim, u Imom Buxoriydan eshitganligini shunday deb aytib berdi: “Sahih” kitobimni o‘n olti yilda yozdim. Men kitobdagi hadislarni olti yuz ming hadislardan tanlab oldim va uni (kitobni) Alloh taolo va o‘zim o‘rtamda hujjat qilib bitdim” deb aytdi”iii. Imom Buxoriyning bu so‘zi haqiqatdan o‘z isbotini topdi, o‘z davrida aytilgan bu bashorat asrlar osha butun islom ulamolari tomonidan ittifoq bo‘lindi. Ko‘plab hadis borasida asarlar tasnif etilsada, bu kabi asarni dunyo yuzi qaytib ko‘rmadi.

“Sahih al-Buxoriy” asarining nomlanishi borasida muhaddis va muarrixlarning bir nechta qarashlari mavjud. Asarning mashhur bo‘lgan nomi “al-Jomiʼ as-Sahih” bo‘lib, asosan ushbu nom bilan tarix va hozirgi davrda yuritilib kelinadi. Imom Buxoriy bu shoh asarini aslida “al-Jomiʼ al-Musnad as-Sahih al-Muxtasar min umuri Rasulullohi sallallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomihi” (Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari va u kishining hayotlari haqida qisqa, sahih, sanadi uzluksiz, barcha islom ahkomlarini jamlovchi) deb nomlaganiv. Bu nom bilan kelganligini ko‘plab muhaddis va allomalar taʼkidlaydi. Jumladan, Abu Nasr Kalaboziy “Rijolu Sahih al-Buxoriy”, Abduxoliq ibn G‘olib ibn Atiyya “Fihrist ibn Atiyya”, Hofiz ibn Xoyr Ishbiliy “Fihrist mo ravo an shayxihi”, Hofiz Badruddin Ayniy “Uʼmdat al-Qoriy” asarlarida “al-Jomiʼ al-Musnad as-Sahih al-Muxtasar min umuri Rasulullohi sallallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomihi” deb nomlanganini tasdiqlaydiv. Muhaddisning “Sahih al-Buxoriy” asarini bunday nomlanishida quyidagi sabablar keltirib o‘tiladi:

“al-Jomiʼ” – deb nomlanishi asar islom ilmlaridan bo‘lgan imon, tavhid, ibodat va muomalat hukmlari, jihod va g‘oziylik, tarix, fazoil, manoqib, tafsir, nikoh, odob-axloq, zuhd kabi masalalarni qamrab olgan. Hadis ilmida bu masalalarni o‘z ichiga olgan asar “Jomiʼ” deb nomlanadi.

“al-Musnad” – asarda hadislarning muttasil sanad bilan kelgani, har bir hadis marfuʼ yaʼni sanadining Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ga borib ulanishiga aytiladi. Imom Buxoriy asaridan oldin tasnif etilgan hadis asarlarida sahih hadislardan boshqa zayif, munqatiʼ-roviyning bir joyda tushib qolishi va muʼzal-bir joyda ikki roviyning tushib qolishiga o‘xshash hadislar ham kiritilgan. Bu asarda bu kabi hadislarning uchramasligi bilan muhim ahamiyatga ega.

“as-Sahih” – mazkur asarda faqat sahih hadislar saralab olingan. Imom Buxoriy o‘z asarida oldingi asarlardan farqli bo‘lgan yo‘nalishga asos solgan. Muhaddisgacha bo‘lgan davrda jamlangan kitoblarda sahih, hasan, zayif, mavzu hadislar birga jamlangan. Imom Buxoriy hadislarning fiqhiy mavzusi, turi, sahihligiga qarab tasniflash metodiga birinchi bo‘lib asos solgan muhaddisdir.

“al-Muxtasar” – Imom Buxoriy yod bilgan yuz ming sahih hadislar ichidan 7275 tasi tanlab olingan. Asarni hajmi katta bo‘lib ketishidan saqlangan va hadislarning takrorlanmaslik va ularning nodir jihatiga alohida eʼtibor qaratgan. Asarni boshlashda muhaddisning niyati ham ustozi Isʼhoq ibn Rohavayning taklifi asosida butun sunnat va hadislarni jamlovchi qisqa-muxtasar asar yaratish bo‘lgan.

“min umuri Rasulullohi sallallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomihi”- asarda jamlangan hadislarning barchasi Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytgan so‘zlari, bajargan ishlari, sahobalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni tasdiqlashlari va u zotning ulug‘ shamoillari, tarixi va chiroyli xulq-odoblarini qamrab olganligidirvi.

Islom tarixida buyuk maqom kashf etgan muhaddisning shoh asari asrlar osha o‘rganilib, islom taʼlimotida Qurʼoni karimdan keyingi manba sifatida foydalanib kelinmoqda. “Sahih al-Buxoriy” asarining yaratilishi va uning keyingi avlodlarga yetib kelishida ham buyuk bir ibratli tarix bor. Zero, bu asarning butun musulmonlar qalbidan joy olishi bejiz emas. Imom Buxoriyning tinimsiz ilm yo‘lida chekkan mashaqqati, qirq yil sahroi-shaharlarni kezib qiyinchiliklarga sabr qilishi, tunu-kun qilgan ilmiy mehnati, sof eʼtiqodi va xolis amalining buyuk samarasidir. Imom Buxoriy bu asarni yozib tarixning oltin sahifasiga muhrlashi bilan faqat orzu hafas va shirin xayol bilan ulug‘likka erishib bo‘lmasligini isbotladi. Ilm yo‘lidagi buyuklik ilm-maʼrifat va xolis xizmat bilan bo‘lishini o‘zining ibratli hayoti bilan ko‘rsatib berdi.

Shukurullo Umarov,
Hadisshunoslik ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari

Manba

Havolalar:

i Tarixi Bag‘dod. – B. 2/8., Xorazmiy. Shuruti aimmati-l-xomsa. – B. 163., Zahabiy. Siyar. – B. 12/401. Tag‘liq. – B. 5/419-420. Tabaqot As-Subkiy. – B. 2/221

ii Tahzib al-asmoi va lug‘at. – B. 1/74. Tag‘liq. – B. 5/420. Ibn Hajar. Hadyi-s-Soriy. – B. 7

iii Tarixi Bag‘dod. – B. 2/14., Taqyid al-Muhammil. – B. 1/14. Tabaqot al-Hanobila. – B. 1/276

iv Abdusattor Shayx. Imom Buxoriy ustozil asotiziyn va imomil muhaddisiyn…. Damashq, Dor al-qalam.2007. – B. 330

v Abu Nasr Kalaboziy. Rijolu Sahih al-Buxoriy. – B. 1/223. Abduxoliq ibn ibn G‘olib ibn Atiyya. Fihrist ibn Atiyya. – B. 64., Hofiz ibn Xoyr Ishbiliy. Fihrist mo ravo an shayxihi. – B. 94. , Hofiz Badruddin Ayniy Uʼmdat al-Qoriy. – B. 1/5

vi Abdusattor Shayx. Imom Buxoriy ustozil asotiziyn va imomil muhaddisiyn…. Damashq, Dor al-qalam.2007. – B. 341-343

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*