Bosh sahifa » Fatvolar » 2020-yilgi zakot miqdori eʼlon qilindi

2020-yilgi zakot miqdori eʼlon qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼatining 2020-yilgi zakot miqdori bo‘yicha qarori

Maʼlumki, zakot Islom arkonlaridan biri bo‘lib, moli nisobga yetgan kishi bir yilda bir marta uni ado qilishi farz hisoblanadi. Odatda, har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati tomonidan nisob miqdori Ramazon oyida eʼlon qilinar edi. Lekin, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus pandimeyasi tarqalishining oldini olish maqsadida, yurtimizda karantin eʼlon qilinishi sababli, zaruratsiz uydan tashqariga chiqish mumkin bo‘lmay qoldi.

Tabiiyki, bunday paytda aholining moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan qismini qo‘llab-quvvatlashning zarurati tug‘ildi va ayni paytda bu ajr-savobi ko‘p bo‘lgan amaldir. Mana shunday vaziyatda moli nisobga yetgan boy-badavlat kishilar mollarining zakotini ham haqdorlarga berishlari ayni savobli amallar sirasiga kiradi.

Mazkurlarni inobatga olgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati zakot nisobini Shaʼbon oyida chiqarishga qaror qildi. Zero, Shaʼbon oyi ham fazilatli oylardan biridir. Qolaversa, hozirgi sinovli davrda zakot berish muhtojlarga yana-da manfaatli bo‘lib, zakotning savobini bir necha barobar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati 1 gramm tilloning bugungi kundagi o‘rtacha narxi 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m ekanini eʼtiborga olib, milodiy 2020-yil (hijriy 1441-yil) uchun ZAKOT nisobini (85 g. tillodan) 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘m deb belgiladi. Mazkur qiymatning qirqdan biri (1/40), yaʼni zakot uchun chiqariladigan qismi 531 250 (besh yuz o‘ttiz bir ming ikki yuz ellik) so‘mga teng bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi, jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni zakot sifatida kambag‘al va faqirlarga berishi farzdir.

Alloh taolo boylarning himmatiga baraka, faqirlarga qanoat ato aylab, O‘zining rahmati ila boshimizdagi bu illatni tez orada daf qilsin. Omin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati

13-aprel 2020 milodiy sana 19 Shaʼbon 1441 hijriy sana

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*