Muborak Ramazon oyi kelishidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni kutib olish uchun ibodatga bellarini mahkam bog‘lar edilar. U zot odatdagi ibodatlariga qo‘shimcha yana ibodat qilar edilar. Nafaqat o‘zlari, balki bunga ummatlarini ham jalb qilar edilar.
U zot sollallohu alayhi vasallam muborak Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish uchun shaʼbon oyining o‘n beshinchi kechasida ibodat qilishga va uning kunduzida ro‘za tutishga targ‘ib qilar edilar. Bu borada faqat til ila targ‘ib qilish bilan kifoyalanmay, balki u zot sollallohu alayhi vasallam amaliy tarzda o‘zlari hammadan oldin bu maydonda namoyon bo‘lar edilar. Chunonchi, bu oy kelishi bilan u zotning ibodatlarida odatdan tashqari o‘zgarish ko‘zga tashlanardi. Buni Oisha onamiz roziyallohu anhoning rivoyatlaridan bilib olsak ham bo‘ladi:
ما رايته فى شهراكثر صياما منه فى شعبان
U zot aytdilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa oylarda shaʼbon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganlarini ko‘rmadim” (“Sahihi Muslim”).
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaʼbon oyida ko‘p ro‘za tutganlarini dalil qilib, alloma imom Navaviy bu oyda ro‘za tutishni sunnat deb aytganlar:
ومن المسنون صوم شعبان
“Shaʼbon oyida ro‘za tutish sunnatdandir” (“Al Majmuʼ sharhul Muhazzab”).
Yuqorida zikr qilingan Oisha roziyallohu anhoning hadislari va boshqa ko‘pgina hadislardan shu maʼlum bo‘ladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaʼbonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tutishga barcha ummatlarini targ‘ib qilganlari Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ekan. Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayhi shunga ishora qilib aytadilar: “Mening nazdimda bu xos ro‘zaning hikmati shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazondan oldin, shaʼbonning yarmida Ramazonning ro‘zasiga namuna bo‘lishi uchun ro‘za tutganlar. Toki Ramazondan vahshat va haybat bo‘lib, qanday qilib ro‘za tutaman, endi ro‘zamiz qanday holatda bo‘lar ekan, deb o‘ylamasin. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaʼbonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tutishga buyurganlar”.
Yaʼni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Marhamat, shaʼbonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tutib ko‘ringlar, Ramazonning ro‘zasi qanday ekanini bilib olasizlar”, demoqdalar. Bu bir kunlik ro‘zani tutishga hammada himmat topiladi. To‘liq bir kun ro‘za tutgan kishiga Ramazonning ro‘zasi ham shunday bo‘lishi maʼlum bo‘ladi. o‘n beshinchi kechada bedor bo‘lib ibodat qilish esa tarovehga namunadir. Yaʼni tarovehda qanday qilib ibodat qilamiz ekan, degan odam shu kechada turib, ibodat qilsa, tarovehning qanday ekani maʼlum bo‘ladi. “Bugun tuni bilan bedor bo‘ldik, tarovehda bir-ikki soat turish nima bo‘libdi”, degan fikr paydo bo‘ladi. Bu kechada qilingan ibodat mislga-misl bilan yordam qilishdir (“Al-yusr maʼal-usr”).