“Yurtimizning baʼzi solih kishilari tomonidan tavsiya qilingan nasihatni sizlarga yetkazmoqchiman.
Shahrimizda juda ko‘p solih insonlar bor, men ularning avliyo zotlardan ekaniga ishonaman. Ular mendan yurtimizdagi do‘stlarimizga o‘n besh kun davomida har kuni Bomdod namozidan keyin “Yosin” surasini tilovat qilib, so‘ngida 100-marta istig‘for aytib turishlari kerakligini yetkazib qo‘yishimni talab qildilar.
Istig‘forning qaysinisini aytsalar ham bo‘laveradi. Masalan “Astag‘firulloh al-Aziym va asʼaluhuttavba”ni aytishlari ham mumkin. Buni Allohdan yengillik berishini va bu qiyinchiliklardan bizlarni tezroq qutqarishini so‘rab o‘qishlari kerak.
Mendan shu narsalarni sizlarga yetkazib qo‘yish talab qilindi.
Solih insonlar biladilar. Bu ishlarning fazilati borligini ular his qiladilar. Boriʼ azza va jalla bu ishning fazli barakotini ularga bildirgan.
Albatta, shahrimiz odamlari bunga ergashadilar va ular bundan umidvorlar. Shahrimiz odamlari diniy tomondan ham dunyoviy tomondan ham bu ishdan umidvordirlar. Yana Allohning O‘zi yaxshi biladi.
Bizlar Alloh azza va jallaning zikrini ko‘paytirishga juda ham muhtojmiz.
Biz Uni ko‘p zikr qilishimiz kerak”.
Imom Butiy suhbatidan Abdulloh G‘ulomov erkin tarjimasi