Bosh sahifa » Allohning go‘zal ismlari » Allohning go‘zal ismlari. Al-Aziz (9)

Allohning go‘zal ismlari. Al-Aziz (9)

بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله رب العالمين
وصلى الله وسلم على نبينا محمد

Al-Aziz sifatli Alloh barchaning ustidan g‘olibdir. Undan hech narsa g‘olib kela olmaydi. Jamiki azizlik maʼnosi Uning O‘ziga xosdir. Kuch-quvvat azizligi ham Unikidir. Man qilish azizligi ham Unikidir, U bunda hech kimga, hech narsaga muhtoj emas. Qahr va g‘oliblik azizligi ham Unikidir, hech narsa Uning iznisiz harakat qila olmaydi.

Allohning al-Aziz ismi Qurʼoni karimda yuzga yaqin o‘rinda kelgan.

Al-Aziz ismining yana bir maʼnosi sharafdir.

Al-Aziz sifatida juda nodir degan maʼnoda ham ishlatiladi. Masalan, uran moddasi nodir yer osti konlaridandir. Demak, kamdan-kam uchraydigan, juda oz topiladigan noyob, nodir narsa Aziz deyiladi. Mazkur kon aziz bo‘lishiga qaramay, hammaga ham birdek kerakli bo‘lavermaydi. Lekin bu ismni Alloh taologa nisbatan ishlatib,  al-Aziz desak, Uning tengi va o‘xshashi yo‘q degan maʼnoda ishlatamiz. Allohning al-Aziz ismini bilish insonni aziz, badavlat va kuchli qiladi. Inson aziz bo‘lishni xohlasa, al-Aziz sifatli Zot bilan birga bo‘lishi lozim.

Al-Aziz ismining yana bir maʼnosi aziz qiluvchidir:
«Ey barcha mulkning egasi Robbim! Mulkni xohlaganingga berursan, mulkni xohlaganingdan tortib olursan, xohlaganingni aziz qilursan, xohlaganingni xor qilursan. Barcha yaxshilik Sening qo‘lingdadir. Albatta, Sen har bir narsaga qodirsan» (“Oli Imron” surasi, 26-oyat).

Andalusiyaning oxirgi podshosi shaharni qo‘ldan boy berib, g‘animga topshirib chiqib ketayotganida yig‘lagan ekan. Shunda uning onasi Oisha: “Erkaklardek mamlakatni saqlay olmadingmi, endi ayollardek yig‘lagin”, degan ekan. Alloh bir bandadan yuz o‘girib, uni xorlasa, uni kim ham aziz qila olardi?! Bunday insonning qadri qoladimi?

Aziz sifatli narsa aslida juda oz bo‘ladi, unga ko‘p ehtiyoj tushadi, unga bir vaqtning o‘zida yetishish qiyin bo‘ladi. Baʼzi narsalar borki, juda oz bo‘lsa ham, unga qattiq ehtiyoj tushmaydi. Masalan, shunday nodir xazinalar bor, ammo ularga hech qanday ehtiyoj yo‘q. Shunday ekan, ushbu maʼdan aziz bo‘la olmaydi.

Al Aziz degan sifatga ega bo‘lish uchun uchta vasf mujassam bo‘lishi lozim:
1. U kabi narsaning juda ham oz bo‘lishi.
2. Unga qattiq ehtiyoj tushishi.
3. Unga yetishish qiyinligi.

Baʼzi narsalarga juda ham muhtojmiz, lekin ular nodir narsalar emas. Masalan, havoga nihoyatda muhtojmiz, lekin dunyo to‘la havo, u hamma joyda bor. Xuddi shuningdek, barcha narsa, barcha mavjudot Allohga nihoyatda muhtojdir.

Payg‘ambarlar ham azizdir, chunki odamlar barcha ishlarda ularga muhtoj bo‘ladi. Alloh taolo payg‘ambarlarga O‘z sirini, O‘zining ilmini topshirgan. Payg‘ambarlar Alloh tomon olib boruvchi yo‘ldir. Ular Allohning eshigidir. Payg‘ambarlar azizdir, chunki Alloh ularni rahmat, fazl, ehson va nur eshigi qilib qo‘ygan. Shuning uchun Allohning payg‘ambarlarini rozi qilganlar ayni Allohni rozi qilgan bo‘ladi. Shuning uchun payg‘ambarlarning ismi Allohning ismi bilan yonma yon keladi. Payg‘ambarlar azizdir, chunki odamlar din va dunyo ishlarida ularga juda muhtoj bo‘ladilar. Bir narsaga muhtojlik ziyoda bo‘ldimi, o‘sha narsa aziz bo‘lib boraveradi. Podshoh ham aziz, chunki odamlarning kattayu kichigi unga muhtoj bo‘ladilar. Ammo podshohga barcha narsada ham muhtoj bo‘lmaslik mumkin. Masalan, mamlakatning bir chekkasida yurgan cho‘pon chorva mahsulotlaridan yeb ichib, chodirida yashayveradi, uning kuni podshohsiz ham o‘taveradi. Allohga esa barcha narsa, barcha narsada muhtoj bo‘ladi.

Mo‘min kishiga ham odamlarning ehtiyoji tusha boshlasa, u ham aziz bo‘ladi, ammo uning azizligi tavozeʼ bilan yo‘g‘rilgan bo‘lishi kerak. Bu kabi aziz bo‘lgan odam mo‘min bo‘lmasa, tubanlikka yuz tutadi. Boshqalarga muhtoj bo‘lish juzʼiy ehtiyojlarda xolos. Masalan, inson shifokorga bemor bo‘lib qolgandagina muhtoj bo‘ladi, ammo uxlashda emas.

Al Aziz ismi Alloh taologa nisbatan ishlatilsa, buning maʼnosi U Zotning yakkayu yagona Zot ekanligi, Unga hamma narsa har bir ishda muhtoj ekani tushuniladi. U Zotga ihota va idrok qilish orqali yetishish amri mahol bo‘lib, ubudiyat, yaʼni bandalik, toat-ibodat orqaligina yetishish mumkin, xolos. Inson Allohni tanib, Unga itoat qilib, keyin xor-zor yashashi mumkin emas. Chunki Alloh taolo: «Holbuki, azizlik Allohga, Uning Rasuliga va mo‘minlariga xosdir. Lekin munofiqlar bilmaslar» degan (“Munofiqun” surasi, 8-oyat).

Hasan Basriydan: “Siz bunday izzat ikromga qanday yetishdingiz?” deb so‘rashganda u zot: “Ikki narsa bilan: dunyodagi odamlardan behojatligim va odamlarning mendagi ilmga muhtojligi bilan”, deb javob bergan ekanlar.

Taʼmagir inson hech qachon aziz va mukarram bo‘la olmaydi, aksincha, bunday kimsa odamlarning qo‘lida xor-zor bo‘lib yashaydi. Odamlardan biror narsa taʼma qilsang, ular seni yoqtirishmaydi. Ammo barcha azizlikning sohibi bo‘lgan Zotdan – Allohdan biron narsa taʼma qilsang, U Zot seni yaxshi ko‘radi. Binobarin, sen odam bolasidan hech narsa so‘rama, undan ko‘ra eshiklari yopilmaydigan Zotdan – Robbingdan so‘ragin. Hojating tushib, bir insondan biror narsa so‘rasang, u senga g‘azab qiladi. Azizlik sohibi Allohdan esa biror narsa so‘ramasang g‘azab qiladi.

Abu Hanifa rohimahulloh bir muammo yuzasidan xalifa Abu Jaʼfarning huzuriga kirdilar. Xalifa huzuriga bunday ulug‘ zot kirganidan hayron qolib, “Ey Abu Hanifa! Doim biz bilan mana shunday bog‘lanib tursangiz, biz siz bilan faxrlanib, siz sababli aziz bo‘lib yurardik”, dedi. Shunda imom: “Nima uchun sizlarga bog‘lanib yurishim kerak, sizlardan qo‘rqadigan joyim ham, ehtiyojim ham yo‘q”, deb javob berdilar. Alloh odamlardan taʼma qilmagan kishini aziz qiladi. Alloh O‘zi uchun peshonasini sajdaga qo‘ygan kishini ham aziz qiladi.

Bir kishi hajga bordi. U juda muhtaram zot bo‘lgani uchun o‘nlab xizmatkorlar unga hamroh bo‘lib borishdi. Tavof paytida xizmatkorlar bu zodagon kimsani ehtiyotlab, odamlarni unga yaqinlatishmas edi. Bu zodagon haj amallarini tugatgach, vataniga qaytib keldi. Ushbu qissani rivoyat qilgan kishining aytishicha, biroz muddat o‘tgach, Bag‘doddagi bir ko‘prik oldida bir kishini ko‘rib qoldim. Uning yuzi xuddi o‘sha badavlat kimsaga o‘xshardi, lekin ahvoli juda nochor edi. U odamlardan yordam so‘rab, qo‘lini cho‘zib turardi. Oldiga borib yaxshiroq razm soldim. U: “Nega tikilasan?”, dedi. Men: “Sizni bir odamga o‘xshatdim”, dedim. U: “O‘sha menman”, dedi. “Kim seni bu ahvolga solib qo‘ydi?” dedim. U shunday dedi: “Men hamma tavozeʼ qiladigan Kaʼbada takabburlik qilibman. Kaʼbani tavof qilishda kibru havoga yo‘l qo‘ymaslik kerak ekan. Podshoh bo‘lsang ham, u yerda qul bo‘lib turish kerak ekan. Odamlar tavozeʼ qiladigan joyda takabburlik qilgan edim, Alloh meni yuqori martabada bo‘ladigan yurtimda xorlab qo‘ydi”.

Ikki sifat borki, ularga aslo yaqinlashish mumkin emas. Bular takabburlik va zulmdir. Alloh taolo ko‘plab gunohlarni kechirib yuborishi mumkin, lekin takabburlik va zulmni kechirmaydi.

«Kim kuch-qudrat istasa, barcha kuch-qudrat Allohnikidir. Xush so‘zlar Unga yuksalur va yaxshi amalni ham (Alloh O‘z dargohiga) ko‘tarur. Yomon makr-hiylalar qiladigan kimsalar uchun esa qattiq azob bordir, ularning makrlari ham halok bo‘lur» (“Fotir” surasi, 10-oyat).

Ushbu oyati karima musulmon inson o‘z hayotini haqiqiy mo‘min holda, aziz va mukarram bo‘lib o‘tkazishi uchun kifoya qiluvchi dasturul-amaldir. Avvalo, azizlikni istagan inson bu martabani Yolg‘iz Alloh taoloning huzuridangina topishi mumkinligi bayon qilindi. Buning uchun esa U Zot rozi bo‘ladigan amallarga saʼy-harakat qilish lozim. Ana o‘sha amallarning eng yaxshisi, hech qanday to‘siqlarsiz Alloh taolo huzuriga yetib boradigani xush So‘z – kalimai toyyiba, yaʼni “Laa ilaaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” kalimasidir. Bu kalima shu qadar qudratliki, uni og‘ziga olgan kofir mo‘minga aylanadi. Boshqa amallar yaxshi-yomonligi, xolis yoki xo‘jako‘rsinga qilingani jihatidan qancha to‘siq-tekshiruvlardan o‘tgachgina Alloh taoloning nazdida qabul qilinishi yoki qabul qilinmasligi mumkin, ammo ushbu Kalima hamda Haq taoloning eng Buyuk Zot ekanini tasdiqlovchi “Allohu akbar” takbiri, shuningdek, Alloh taoloning har qanday ayb-nuqsondan Pok Zot ekanini tasdiqlovchi “Subhanallohi va bihamdihi” tasbehi musulmon insonning og‘zidan chiqishi bilan Alloh taoloning huzuriga yuksaladi. Demak, inson avvalo Yaratganning borligi va birligini tan olib, butun hayoti davomida U Zotni ulug‘lab, poklab yursa, xolis niyat bilan Alloh uchun qilgan yaxshi amallarini Haq taolo O‘z dargohiga ko‘taradi, qabul qiladi va uni dunyoda ham, oxiratda ham azizu mukarram qiladi. Xo‘jako‘rsiga amal qilib, Allohni aldamoqchi bo‘lgan nayrangboz riyokorlarning makr-hiylalari esa ularga biron foyda bermay, yo‘q bo‘lib ketadi. Ular uchun oxirat diyorida qattiq azob bordir.

Hammaga maʼlumki, Yusuf alayhissalom Misr podshohining qasrida qul edilar. Keyin u zotni qamoqqa tiqishdi. Ammo u zot Misrning eng aziz kishisiga aylandilar. Bir gal markablarida ketayotgandilar, bir qulni ko‘rib qoldilar. Bir paytlar o‘zlari ham qul bo‘lganlari uchun Yusuf alayhissalom uni tanib qoldilar. Keyinchalik, Misrning aziz kishisiga aylangach, “Alloh pok Zotdir. Ibodat qilgani sabab qulni podshohga aylantirdi, gunoh sabab podshohni qulga aylantirdi”, dedilar. Podshoh xotini Yusuf alayhissalomga tuhmat qilib qamatgani uchun oqibatda xor zor bo‘lib hayot kechirdi.

Bugungi kunda musulmonlar ustiga tushib turgan zaiflik va xorlik hamda boshqa ummatlardan ortda qolishining bosh sababi gunoh va maʼsiyatlarni bemalol qilib, Allohning dinidan yiroq bo‘lishdir. Agar ular ham Allohning dinini sahobalar kabi mahkam tutib, unga xolis amal qilishsa, Alloh ularni aziz qilib, dushmanlari ustidan g‘olib qilar edi.

«Alloh sizlardan iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarga xuddi ilgari o‘tgan (iymon-eʼtiqodli) zotlarni (yer yuziga) xalifa qilganidek, ularni ham yer yuzida xalifa qilishni va ular uchun O‘zi rozi bo‘lgan (Islom) dinni g‘olib-mustahkam qilishni hamda ularning ahvolini (Makkada ko‘rgan) xavfu-xatarlardan so‘ng (Madinada) tinchlik-xotirjamlikka aylantirib qo‘yishni vaʼda qildi. Ular Menga ibodat qilurlar va Menga hech narsani sherik qilmaslar. Kim mana shundan (vaʼdadan) keyin noshukrlik qilsa, ular itoatsiz kimsalardir» (“Nur” surasi, 55-oyat).

Alloh taoloning Al-Aziz ismiga nisbatan mo‘min kishining odobi qanday bo‘lishi lozim?

Mo‘min kishi Allohni aziz deb bilgach, boshqa biror maxluqotni ulug‘ deb eʼtiqod qilmasligi, Allohning qadaridan boshqa qadarni past deb bilmog‘i, Allohning zikridan boshqa zikrlarni mahv etmog‘i lozim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim badavlat kishining oldida o‘zini xor tutsa, dinining uchdan ikkisini ketkazibdi”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati).

Buning izohi quyidagichadir: Iymon – qalbga joylashgan, til iqror bo‘lgan, amal tasdiqlagan narsadir. Badavlat kishini boyligi uchun ulug‘lab, undagi yo‘q narsalar bilan maqtasang, diningning uchdan ikkisidan mahrum bo‘libsan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minning sharafi tundagi tahajjud namozga turishidadir. Uning azizligi odamlardan behojat bo‘lishidadir”, deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Mo‘min kishida shunday azizlik borki, uni butun bir shahar ahliga taqsimlab bersa ham ularga kifoya qiladi, chunki mo‘min Allohning haqiqiy qulidir. Alloh haqiqiy qulini zoye qilmaydi, boshqalarga topshirib ham qo‘ymaydi, O‘zidan yiroqlatmaydi.

Bizda bitta mustahkam qoida bor. Kishining qalbi Allohni ulug‘ deb bilsa, barcha maxluqot uning nazdida kichik bir narsa bo‘lib qoladi. Ammo uning nazdida Alloh ulug‘ bo‘lmasa, qolgan barcha narsalar ulug‘ bo‘lib qoladi. Bu ham bir imtihondir. Banda o‘ziga o‘xshagan banda haqida og‘zini to‘ldirib, “U kishi bunday qila oladi, unda falon-falon ishlarni qilish uchun yetarli kuch-qudrat bor”, desa, demak, bu so‘zni aytgan kishi Allohni tanimas ekan. Alloh o‘sha kuch-qudratga ega deyilgan kishining miya tomiridagi qonni qotirib qo‘ysa, u falaj bo‘lib qoladi. Agar o‘sha qudratli kishining yurak tomiridagi qonini qotirib qo‘ysa, u o‘sha zahoti yurak xurujidan vafot topadi.

Insonning Allohga bo‘lgan ishonchi yuksalgan sari u Alloh tomon intila boshlaydi.

«Bas, Bizga ro‘baro‘ bo‘lishni umid qilmaydigan kimsalarni o‘z tug‘yonlarida adashib-uloqib yurgan hollarida tashlab qo‘yurmiz» (“Yunus” surasi, 11-oyat).

Aziz qiluvchi Zot Alloh ekanini bilsang, dunyodagi barcha odamlar birlashsa ham, seni baland darajaga ko‘tara olmasliklarini yoki Alloh seni aziz qilib, baland darajotlarga ko‘tarsa, butun dunyo ahli seni pastlatishga qodir emasligini bilasan. Barchaga maʼlumki, Alloh aziz qiladigan maqomga faqat U Zotga ibodat qilish orqali erishiladi. Allohning amrlarini eʼzozlagan insonni Alloh aziz qiladi.

Alloh taolo barchamizni dunyoyu oxiratda azizu mukarram qilsin, dunyoyu oxiratda xorlab qo‘ymasin, omin.

10. Al-Jabbor

Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning “Allohning go‘zal ismlari” nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi

Manba

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*