Bosh sahifa » Maqolalar » Qiyomul layl

Qiyomul layl

عَن عَبْدالله بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ

عَنْ رَسُولِ الله صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ: “مَنْ قامَ بِعَشْرِ آياتٍ لمْ يُكْتَبْ مِنَ الغافِلِينَ، ومَنْ قامَ بِمِائَةِ آيَةٍ كُتِبَ مِنَ القانِتِينَ، ومَنْ قامَ بِأَلْفِ آيَةٍ كُتِبَ مِنَ المُقَنْطِرِينَ

أبو داود.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilindi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kimki tunda (namozda) o‘n oyat tilovat qilsa g‘ofillardan deb yozilmaydi, agar yuz oyat o‘qisa itoat qiluvchilar qatorida yoziladi, kimki ming oyat tilovat qilsa ulug‘ ajrni hosil qiluvchilardan deb yoziladi”, dedilar. Abu Dovud rivoyati.

Sharh: Kim kechasi turib tahajjud, nafl namozlarida Qurʼondan o‘n oyat o‘qisa nomai amoliga Allohning zikridan va toatidan g‘ofillardan deb yozilmasligi, agar yuz oyat o‘qisa ibodat qiluvchi, toatda doim bo‘luvchi, kechani qoim qiluvchilardan deb yozilishi, agar ming oyat o‘qisa ulug‘, behisob qiyrot-qiyrot ajrni hosil qiluvchilardan deb yozilishi zikr qilingan.

Bu hadisda Qurʼonni tunda, xususan, tungi namozlarda o‘qishga ko‘proq eʼtibor qaratish kerakligi taʼkidlanmoqda.

Mo‘min kishi kechani Allohning ibodati va Qurʼon tilovati, zikr va ilm talabida qiyomul laylda o‘tkazishi bu uning sharafidir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Mo‘minning sharafi kechani qoim qilishligidadir”, deb marhamat qilganlar.

Boshqa bir hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Ey insonlar! Salomni orangizda keng yoyinglar, taom ulashinglar, qarindoshlar bilan aloqani bog‘langlar va tunda, odamlar uxlayotgan paytda namoz o‘qinglar, shunda jannatga salomat holda kirasizlar”, deganlar.

Yana bir hadislarida:

“Robbning bandaga eng yaqin bo‘ladigan holati kechaning oxirgi qismidadir. Agar o‘sha soatda Allohni zikr qiluvchilardan bo‘la olsang, shunday bo‘l!”, deganlar. Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi:

وَمِنَ اللَّيْلِ فَتَهَجَّدْ بِهِ نَافِلَةً لَكَ عَسَىٰ أَنْ يَبْعَثَكَ رَبُّكَ مَقَامًا مَحْمُودًا ﴿٧٩﴾

«Tunda (kechani baʼzisida) uyg‘onib, o‘zingiz uchun tahajjud (nafl) namozini o‘qing! Shoyadki, Robbingiz sizni (Qiyomat kunida) maqtovli maqomda tiriltirsa» (“Isro” surasi, 79-oyat).

Allohim barchamizni o‘zingni toat-ibodatingda bardavom qilgin, kechani o‘zingni ibodatingda Qurʼon tilovati bilan o‘tkazishni nasib qilgin.

Abdussomad Habibullox o‘g‘li tayyorladi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*