Bu so‘z hamma narsani qamrab oluvchi degan ma’noni bildiradi. Bu ismning ma’nosi shuki, Alloh bandalarning barcha holatlariga guvoh bo‘lib turadi, Undan hech narsa maxfiy qolmaydi.
Al-Muhaymin ismi yuzaga chiqishi uchun bir narsani amalga oshirganda unga yetarli ilm va qudrat bo‘lishi lozim. Odam bolasi bir narsani biladi, ammo uni amalga oshirishga qurbi yetmaydi. Odam bolasi bir narsani amalga oshirishga qurbi yetadi, ammo bunga yetarli ilmi bo‘lmaydi. Bu holat «Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir» maqoliga o‘xshaydi.
Al-Muhaymin ismida uchinchi sifat, ya’ni bardavomlik ham bo‘lishi lozim. Al-Muhaymin ismini Alloh taologa nisbat bersak, bu sifatning ma’nosiga ko‘ra U Zot barcha narsani biladi, U Zotning ilmiga nihoya yo‘q, U Zotdan biror narsa maxfiy qolmaydi. U Zot ko‘zlarning xiyonatini, odamlardan maxfiy bo‘lgan sirlarni biladi. U Zot yerga kirgan, yerdan chiqqan narsani va osmondan tushgan, osmonga ko‘tarilgan har bir narsani biladi. U Zot insonning miyasiga kelgan, inson niyat va orzu qilgan narsalarni ham, qalbning eng to‘ridagi his-tuyg‘ularni ham biladi. Bu narsalarning barchasini bir vaqtning o‘zida qamrab, nazorat ostiga olishga esa insonning qurbi yetmaydi.
Al-Muhaymin sifatli Zot barcha narsaga qodirdir, U Zot hech narsadan ojiz qolmaydi, U Zotning qudratiga nihoya yo‘qdir.
Al-Muhaymin ismining ma’nosini yanada kengroq tushunish uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning safar oldidan aytgan so‘zlarini keltiraman. U zot safar oldidan: «Allohim! Sen safardagi hamrohsan, ahli oila, mol-mulk va farzandlarga muovinsan», der edilar.
E’tibor bering! Siz safardasiz, bir vaqtning o‘zida uyingiz, ahli ayolingiz va bolalaringiz uchun U Zot sizning o‘rinbosaringiz bo‘lmoqda. Bunday qamrov va nazorat biror insonda bo‘lishi mumkinmi? Albatta, bu amri maholdir, chunki bir inson yo sen bilan birga bo‘ladi, yo uyingda o‘rningga qoladi. Shuning uchun bu ikki sifat Allohdan boshqa hech kimda jam bo‘lmaydi. Zero, U Zot sening o‘zingni ham muhofaza qiladi, tarbiyalaydi, tavfiq, g‘alaba beradi, madad beradi va ayni paytda uyda qolgan bola-chaqangni ham nazorat qiladi, yo‘qligingda ularni himoyalaydi, muhofaza qiladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam U Zotga o‘rnimga muovin bo‘lgin deb so‘ramoqdalar, ya’ni o‘rinbosar ma’nosidagi «xalif» so‘zini ishlatmoqdalar. Demak, insonda ham ilm, ham qudrat bir vaqtning o‘zida jam bo‘lmaydi. Ilmda kuchli bo‘lsa, quvvati bo‘lmay qoladi, quvvati bo‘lsa, ilmi yetishmaydi va hokazo. Mabodo bir kishida ilm va qudrat jam bo‘lgan deb faraz qilsak ham, baribir unda kelajakni ko‘ra olish qobiliyati bo‘lmaydi. Gohida undan kuchli odam kelib, uning qo‘lidagi narsani tortib oladi yoki undan zukkoroq yoki makkorroq odam kelib, undagi narsalarga ega bo‘lib olishi mumkin. Ammo «Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir» (Hujurot surasi, 16-oyat).
«Agar (osmonu zaminda) Allohdan o‘zga xudolar bo‘lsa, (o‘sha «xudo»larning har biri o‘z xohish-irodasini amalga oshirmoqchi bo‘lar va natijada yeru osmon) buzilib ketar edi» (Anbiyo surasi, 22-oyat).
Alloh bilan bellashadigan, Uning ustidan hukmron bo‘ladigan biror zot yo‘q. Shuning uchun sen al-Muhayminga, ya’ni hamma narsani qamrab oluvchi Zotga suyanmog‘ing kerak, chunki U Zot hamma narsani biluvchidir, hamma narsaga qodirdir.
Hadisda: «Alloh taoloning to‘qson to‘qqiz ismi bor, kim ularni sanasa, jannatga kiradi», deyilgan. «Sanasa» degan so‘zni «o‘qisa» yoki «yodlasa» degan ma’noda emas, balki «undagi ma’nodan nasibador bo‘lsa» deb tushunish kerak. Alloh taoloning bundan avvalgi ismlariga berilgan sharhlarda ko‘rdikki, mo‘min kishi U Zotning barcha go‘zal ismlaridan nasibador bo‘lishi mumkin. Agar sizda bu ismlardan nasiba bo‘lmasa, bu ismlarni sanamagan bo‘lasiz. Zero, Nabiy sallallohu alayhi vasallam «Allohning xulqlari bilan xulqlaninglar», deganlar.
Al-Muhaymin – nihoyasiz ilm, mukammal qudrat va uzluksiz bardavomlik sifatidir.
Al-Muhaymin so‘zining far’iy ma’nolaridan biri yana shuki, «Alloh barcha narsaning ustidan hukmron va nazoratchidir» deganda U Zot istibdod yoki zo‘ravonlik bilan emas, balki shafqat va mehribonlik bilan, muhofaza va omonatdorlik bilan nazorat qiladi.
«Zunnunni (Yunus alayhissalomni) esla. O‘shanda u g‘azablanib chiqib ketgan edi. U Bizni unga (yer yuzini) tor qilmaydi deb gumon qildi. So‘ng zulmatlarda turib, «Sendan o‘zga Iloh yo‘q, O‘zing poksan, men zolimlardan bo‘lib qoldim», deb nido qildi» (Anbiyo surasi, 87-oyat).
Yunus alayhissalom baliqni qorniga tushib qolgan paytda na faks, na telefon apparati, na biror ishora yoki aloqa vositasi bor edi. U zot alayhissalom qorong‘i zulmatda tinmay «Sendan o‘zga Iloh yo‘q, O‘zing poksan, men zolimlardan bo‘lib qoldim», deb nido qildilar, xolos. Alloh shafqat va mehribonlik bilan Yunus alayhissalomni o‘z nazoratiga olib, najot berdi.
«Biz unga (duosini) ijobat qildik. G‘amiga najot berdik. Mo‘minlarga ana shunday najot berurmiz» (Anbiyo surasi, 87-oyat).
E’tibor bering! Alloh taolo oyatning oxirida «Mo‘minlarga ana shunday najot berurmiz» deb marhamat qilmoqda. Demak, har bir mo‘min banda o‘ziga o‘zi zulm qilib, biror gunoh sodir etib qo‘ysa, muammoga uchrab qolsa, «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn» (Sendan o‘zga Iloh yo‘q, O‘zing poksan, men zolimlardan bo‘lib qoldim) desa, inshaalloh, Yunus alayhissalom baliqning qornidan qutulib chiqqanlari kabi mo‘min ham muammolaridan qutuladi.
Kishi qaysi asrda, qaysi zamonda, qaysi holatda bo‘lmasin, agar vaziyat shiddatlashsa, Alloh o‘sha ish ustidan hukmronlikni o‘z zimmasiga oladi. Shunday ekan, sen doim al-Muhaymin, ya’ni hukmron va nazorat qiluvchi sifatli Zot bilan birga bo‘lib, oqibatda xotirjamlik va omonlikka erishgin.
Alloh taolo barchamizga O‘zining al-Muhaymin sifatidan sifatlanishni nasib qilsin, doimo O‘zining hukmi, panohi, nazoratida, muhofazasida saqlasin!
Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning “Allohning go‘zal ismlari” nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi