Bosh sahifa » Tarjimai hol » Ulamolarga ko‘ra Kavsariy…(Imom Zohid Kavsariy)

Ulamolarga ko‘ra Kavsariy…(Imom Zohid Kavsariy)

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

– Ustoz, ruxsat bersangiz, siz bilan marhum Shayx Imom Zohid Kavsariy hazratlari haqida suhbat qilsak degandim…

Shayx Muhammad Avvoma – Albatta, marhamat.

– Ulamolar nazdida Shayx Imom Kavsariyning hadis va fiqhdagi o‘rinlari qanday?

Shayx Muhammad Avvoma – Biroz kutib tursangiz, bunga aloqador bir qog‘oz olib kelaman. (Ustoz yonlaridagi ilmiy izlanish xonalariga kirib, Amin Siroj hazratlari hadya qilgan, Kavsariy haqida bayon qilingan bir qog‘oz bilan keldilar). Azhar universitetining zamondosh olimlaridan biri bilan Misrda uchrashgan edim. Ismi Shayx Abdulvahhob Abdullatif, shunday ismdagi kishini taniysizmi?

– Ha, adashmasam, muhaddis u kishi.

Shayx Muhammad Avvoma – Suyutiyning Tadribur raviy asari bilan birga bir qancha asarni tahqiq qilganlar. Undan tashqari boshqa tadqiqotiy faoliyatlarga ham yordam berganlar. Shayxning shaxsan o‘zi yozgan, bugungi kunda Azharning hadis bo‘limida ta’lim olayotgan talabalarga o‘qitayotgan dars kitoblari ham bor. Shulardan biri “Al-muxtasar fiy ilmir-rijalil asar” kitobidir. Ayni paytda Kavsariyning zamondoshi bo‘lmish Shayx Abdulvahhob Abdullatif “Al-muxtasar fiy ilmir-rijalil asar” nomli asarini nashr qildirgach, undan bir nusxani Kavsariyga taqdim qiladilar. Kavsariyga taqdim qilgan asarning birinchi sahifasida shunday yozilgan bo‘ladi: Qorilarning Imomi, hadisda mo‘minlarning amiri, Hujjatul Islom, dunyoning buyuk olimi, tadqiqotchi, ishonchli, taqvodor, zohid, buyuk ustoz, ustozlarimiz ustozi, Shayx Muhammad Zohid al-Kavsariy hazratlariga… Alloh umrini uzoq, Islomga bo‘lgan xizmatlarini bardavom aylasin.” Muallif Abdulvahhob.

– Haqiqatdan ham ortiqcha so‘zga hojat yo‘q ekan.

Shayx Muhammad Avvoma – Shunday… (Ustoz Avvoma, doimgidek Shayxning marhum Kavsariyga haqidagi sanab o‘tilganlarni ikkinchi marotaba o‘qidilar). Ha, ko‘rib turganingizdek, Misrlik, Azhardagi bir muhaddis olim, marhum Kavsariy haqida shularni aytganlar. Hadis ilmi bilan mashg‘ul bo‘lgan inson u zotni shunday sifatlar bilan sifatlayaptilar. Biz Misrliklar taniymiz. Shimoliy Afrikaliklar uncha-bunchada bunday madh etuvchi so‘zlarni ishlatmaydilar. Lekin bu urfga qaramasdan Shayx Abdulvahhob shunday deganlar. Mana ko‘rib turganingizdek bu yozuv aynan muqaddimada bitilgan. Kavsariy hazratlari ham kitobni talabasi bo‘lmish Muhammad Amin Sarochga hadya qilganlar. Mana bu yerda esa, Muhammad Amin Sarochning bitiklari bor.

– Ustoz, marhum Kavsariy hazratlarini zamondosh olimlarga va muhaqqiq olimlarga nisbatan ajratib turgan xislatlar nimalar edi?

Shayx Muhammad Avvoma – Zamondosh deb aynan kimlarni nazarda tutyapsiz? Turkiyadagilarmi yoki butun dunyodagi zamondoshlarinimi?

– Umumiy ma’noda so‘rayapman. Misol uchun Istanbulda ular bilan birga o‘qigan juda ko‘p do‘stlari bor edi. Lekin Mustafo Sabri Afandi u kishi haqida “Kavsariy, Fotih madrasasining madori-iftixoridir!” deganlar. U zot faqih va muhaddis bo‘laturib, butundunyodagi olimlarning muammolarini hal qilib, shuhrat qozondilar. Bunga nima omillar sabab bo‘lgan?

Shayx Muhammad Avvoma – Marhum Kavsariy hazratlarini shuhrat qozonishlari va bu qadar zabardast olim bo‘lib yetishishlarining bir qancha sabablari bor. Menimcha eng asosiysi bu: u kishining qobiliyatlari va yashash muhitlaridir. Amin Sarochdan eshitishimcha, Kavsariy 20 yoshlarida qo‘lyozma asarlar borasida mashhur bo‘lgan. U yoshligining ilk chog‘laridanoq olimlar uchun murojaat manbayi bo‘lgan. Bundan tashqari xotirasi kuchli, zehni ham o‘tkir bo‘lgan. Bu yerda (Madinai Munavvarada) yashaydigan turk olimlaridan Shayx Mustafo Najotuddin ismli bir qo‘shnimiz bo‘lar edi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin. U kishining menga aytib berishicha, Turkiyada Shayx Hamdiy Kuchuk ismli Kavsariyning do‘stlaridan bir olim kishi bo‘lgan. Shayx Hamdiy o‘zining tinglovchilariga, Kavsariyning ilmi va hofizasining qanchalik kuchli ekanligini mana shunday o‘xshatish orqali aytib berar ekan: “Biror kishi sandiqqa bir narsasani qo‘yib, uni qulflasa, o‘sha narsa sandiqdan yo‘qolishi mumkinmi?”, tinglovchilari ham: “Yo‘q!”, deyishgach, u kishi shunday davom qilar ekanlar: “Kuchli xotiraga ega inson ham biror kitobni o‘qiganida, o‘sha kitob uning boshida o‘rnashib qoladi. Ya’ni hech narsasini unutib yubormaydi”. Kavsariyning shogirdlari va asarlari mazkur o‘xshatishni hech qanday mubolag‘a emasligini ko‘rsatmoqda. Kavsariy aynan mana shunday hofizaga ega edilar.

Marhum Kavsariyning aql-zakovot va qobiliyatiga kelsak, ustozimiz Shayx Abdulfattoh Abu G‘uddaning (rohimahulloh) bizga aytib berishlaricha, Suriyaning eski Adliya vazirlaridan Nuhad al-Qosim, Kavsariy bilan uchrashganida xayratlanib, shunday degan: Umrim bino bo‘lib, bunday kuchli zehnga ega olimni ko‘rmaganman”.

Yana ustozimiz Abdulfattoh bilan, ustozi Mustafo Zarqo (rohimahulloh) – qolaversa Zarqo barchamizning ustozimizdir – orasida Marhum Kavsariyning ilmiy holatlari haqida shunday suhbat kechadi. Ustozimiz shunday deydilar: “Misrga borgan yilimning oxirida Suriyaga qaytganimda, ustozim Zarqo mendan u yerda qaysi ulamolar bilan uchrashganimni so‘radilar. Men ham Kavsariyni aytib berdim. U kishining ilmlarining bepoyonligini aytib berdim. Oradan ma’lum bir vaqt o‘tdi. Keyin Mustafo Zarqo Misrga borishga qaror qildilar va mendan Kavsariyning manzillarini so‘radi; men berdim. Ustoz Zarqo Qohirada ma’lum vaqt bo‘lib, Suriyaga qaytganlaridan keyin borib uchrashganimda menga shunday dedilar: Hayotda afsus qilgan bir narsam bor, u ham bo‘lsa Ustoz Kavsariydan 6 yil fiqhdan ta’lim ololmaganimdir”. Bu gaplarni kim aytgan? Zarqo hazratlarining shaxsan o‘zlari. O‘zlari faqih bo‘lishi bilan bir qatorda otasi ham, bobosi ham faqihda hujjat bo‘lganlar. Ularning oilasi faqih hisoblangan. Mana shunday ulamo Kavsariyni shunday ta’riflagan.

Uni boshqa olimlardan ko‘ra qadrli bo‘lishining sabablaridan biri, umrining katta qismini Qohiradek ko‘plab ulamolar yashaydigan shaharda o‘tkazganidir. Qohira Azharning yurtidir. Azhar esa, ilm borasida Islom olamining qiblasi sanaladi. Dunyoning turli hududlaridan kelgan olimlar o‘sha yerga borishardi. Keyin esa Misr. Misr ham kitoblarning nashr qilingan joydir. U ham muhim sabablaridan.

Undan tashqar Kavsariy Ahli Sunnatni va Ash’ariylarni himoya qilishi, faqihlarni, xususan Abu Hanifani himoya qilishlari bu boradagi asarlarni tadqiqiy va tanqidiy holda nashr qildirishi, ta’lif qilishlari uni yanada shuhrat qozonishiga sabab bo‘lgan omildir. Hatto bugungacha u kishiga qarshi toifalar na e’tiqodiy, na fiqhiy sohada undan o‘zabildilar. Unga raddiya yozishga jur’at qilolmaganlar faqatgina Yamaniyning orqasiga berkinib bir narsalar deya olmoqdalar. Lekin ahli ilm shuni biladiki, Abdurrahmon ibn Yahyo al-Mua’llimiy al-Yamaniy ham bu kitobni o‘z ixtiyori bilan yozmagan. Aksincha yozishga majburlashganlar.

Yamaniyning At-Tanqil asari.

– Mua’llimiyni majburlaganlar kimlar edi?

Shayx Muhammad Avvoma – Ular ma’lum. Ularni bilasiz kim ekanligini.

– Demak, u holda Yamaniyning At-Tanqil asarining ishonchliligini aniqlashtirish lozim bo‘ladi, shunday emasmi?

Shayx Muhammad Avvoma – Albatta shunday… Al-Mu’llimiy qaerlik? Yamanlik. Ya’ni Shofe’iy olim. Kavsariy esa, Hanafiy. Ustoz Kavsariy kuchli olimlar orasida ulg‘ayib Misrga kelganlarida juda ko‘p bahs-munozaralarga berilib ketadilar. Qalamini qilich qilib Ahli Sunnani himoyaga kirishadilar. Shu yerda juda ko‘plab asar yozadilar. Mua’llimiy ham muhaqqiq Shofe’iy olimlaridan. Aslida ikkisi ham bir g‘oyani ko‘zlaydilar. Lekin Mua’llimiyning Shofe’iy ekanligidan foydalanib qolishni ko‘zlagan Kavsariyga qarshi toifalar bo‘sh turmaydilar. Ma’lumki, odatda Shofe’iylar Hanafiylarga raddiya yozishlari bilan mashhur. Lekin bu narsa ilmga asoslanmaydi. At-Tanqil ham xuddi shunday toifalar vositasida yozilgan.

Asarning ishonchliligi borasida shuni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi: Hijriy 1400 yilda, Madinai Munavvaraga ko‘chib kelganimdan 2-3 oy o‘tar o‘tmas, umra qilish uchun Makkaga bordim. U yerda Haramning kutubxonasiga kirib, qo‘lyozma asarlar qismida aylanib yurganimda Mua’llimiyning Kavsariyga yozgan raddiyasini ko‘rib, qiziqib so‘rab oldim. Mua’llimiyning qo‘lyozma kitob maktabdagi o‘quvchilarning qoralama daftariga o‘xshash kichkinagina edi. Ichida ham Kavsariyning Ta’nibul Xotib asarida yozgan fiqhiy mavzularigina raddiyaga uchragan edi.

– Ya’ni bugungi kundagidek e’tiqodiy masalalar bo‘lmagan, shundaymi?

Shayx Muhammad Avvoma – Ha. Zotan kitobning nomi ham Ta’nibdagi fiqhiy masalalarga raddiya edi. Kavsariy raddiya yozgan Xotib al-Bag‘dodiy ham Shofe’iy ulamolaridan edi. Al-Mua’llimiy Kavsariyga qarshi uni himoya qilgan. Buni ko‘rib, men 2 yil oldingi voqeani esladim. Ismi nima edi? Hindistonlik olim Habiburrahmon al-Azamiyning Halabga kelishi…

– Muhaddis Habiburrahmon al-Azamiymi?

Shayx Muhammad Avvoma – Ha, asli Hindistonlik buyuk muhaddislardan. Halabda bir-ikki oy yashadi. Men bir muddat u kishining xizmatlarini qilish sharafiga noil bo‘ldim va u zotdan bir qancha savollarimga javob oldim. Mua’llimiyni taniysizmi, deb so‘radim. Ha, dedilar. Qanday inson deganimda menga shunday degandilar: “U Shofe’iylardan”. Men ham unga bo‘lgan hurmatimdan boshqa narsa so‘ramadim. Zotan “U Shofe’iylardan” degan ifodadan Mua’llimiyning qaysi toifalar ta’sirida qolib At-Tanqil asarini yozganini payqash mumkin.

Boya aytganim Haram kutubxonasidagi o‘sha daftarni ko‘rib Shayx aytgan gaplar yodimga tushdi: Mua’llimiy – shofe’iydir. Shofe’iylar Hanafiylarga raddiya yozishlari mumkin. Keyin esa, bu yerdagi zamondosh ulamolar uning bu jasoratini ko‘rishgach, ya’ni Kavsariyga javob yoza oladigan darajada ilmga egaligini ko‘rishgach, buni fursat bilib, uni “Ta’nib”ga tamoman raddiya yozishga tayinladilar. Shunday qilib u ham “Tanqil”ni yozdi. Uning muqaddimasi Kavsariy tirikligida yozila boshlangan. Kavsariy ham uni ko‘rib, o‘qigan. Keyin esa, unga raddiya o‘laroq At-Tahrib bi naqdit Ta’nib asarini yozdi. At-Tahrib ham tirikligida bosilgan. Mua’llimiy Kavsariydan 15 yildan keyin vafot etgan. Mua’llimiy bundan xabar topgach, Haram kutubxonasida ma’mur bo‘lib ishlovchi, ayni paytda Mua’llimiyning xizmatida ishlagan Afrikalik Muhammad ibn Usmon al-Kanaviyga shunday degan: Bo‘ldi. Bu inson buyuk olim. Ikkinchi marta unga raddiya yozilmaydi!”.

Mua’llimiyga oid shu iboralarni ham Kanaviyning rivoyati to‘g‘rilayapti. Mua’llimiy At-Tahribdan keyin Ibn Abu Xotim ar-Roziyning Al-Jarh vat Ta’dil asarini tadqiq qilib chiqadi. Asar Hindistonda nashr qilinadi. Mua’llimiy asarning kirish so‘zida shunday deydilar: Buyuk olim, ustoz Muhammad Zohid al-Kavsariy – Alloh umrlarini ziyoda qilsin – Taqdimatu jarh vat Ta’dilning Istanbuldagi Murod Mulla kutubxonasida bir nusxasi saqlanayotganini aytmoqda. Alloh undan rozi bo‘lsin. Alloh uning ilmga xizmat qilishni va uning yoyilishini muvaffaq aylasin.

Endi o‘z-o‘zidan bir savol paydo bo‘ladi: Kim Tanqilni o‘qisa, Kavsariyni kufurga ketganini, imondan chiqqan deb o‘ylashi mumkin. Kitobdan o‘qiganimizga qarasak shunday tasvirlangan Kavsariy. Endi, qanday qilib shunday tavsiflagan Mua’llimiy Kavsariyga Buyuk olim, “Alloh undan rozi bo‘lsin”, “Alloh umrini ziyoda aylasin” deyishi mumkin? Misol uchun siz, Toha Husaynga Alloh umriga baraka bersin, deysizmi?

– Yo‘q, albatta.

Shayx Muhammad Avvoma – U holda nega Mua’llimiy Kavsariyga “Alloh umrini ziyoda aylasin” degan. Ya’ni bu yerda g‘alatilik yo‘qmi? Bir odamga e’tiqoding buziq, deysanu, keyin “Alloh umrini ziyoda aylasin” desang. Buni aql qabul qilmaydi. Ustiga ustak buni Mua’llimiy aytyapti. Mua’llimiy bu e’tirofini Kavsariyning vafotidan 26 kun oldin, 1371 yil, shavvol oyining 23-kuni yozgan. Ya’ni Kavsariy hali tirik. Shuni yozyaptiki, kitob nashr qilinib, darhol Misrga yetib borsin. Tanqil asarida Kavsariy haqida yozganlari uchun uzr so‘rashni istaydi: lekin aksiga olib, kitob Misrga bormasidan Kavsariy olamdan o‘tadi.

-Ustoz! Alboniyning Tanqilga yozgan muqaddimasida Kavsariyni yerga urgan ifodalar bor. Shu darajadaki, ismini yozishga hazar qiladigandek yozilgan… U haqida yoza turib “odam” deb ketgan. Satr oralarida kufrga iymondan ko‘ra yaqin deb bilingan va yerga urilgan Kavsariy tasvirlangan go‘yo. Alboniyning bu tarzda yozishiga aloqador nimalar deysiz?

Shayx Muhammad Avvoma – Alboniy, Tanqilning muqaddimasida Mua’llimiydan shuni naql qilib keltiradi: “Agarda kimda kim kitobni o‘qib, qayd yozmoqchi bo‘lsa, qaydini qizil qalamda yozsin. Qaydining ostiga imzosini (ismini) yozsin”. Mua’llimiy nega bunday talab qo‘ygan? Chunki, Tanqilni Makkada yashovchi, asli Misrlik bir kishi tomonidan juda xunuk ifodalar ishlatib Misrda nashr qilingan. Jumladan Kavsariy, Mua’llimiyning Talia’tut Tanqilga raddiya o‘laroq yozgan Tahribda “Men shu, shu va shu jumlalarni madh deb ko‘rmoqdaman” degan. Lekin mazkur Misrlik shaxs, Kavsariy yozgan so‘zlarni topib, kitobdan chiqarib tashlagan. Yamanliklarni yaxshi bilaman: ular o‘ylab gapiradilar. Tanqildagiga o‘xshab, yomon so‘zlarni ishlatishmaydi. Lekin kitob kimning nomidan chiqarilsa, u kitob uchun o‘sha shaxs mas’ul bo‘ladi. Mana shuning uchun ham Mua’llimiy Tanqilni turli hujumlardan himoya qilish uchun: “Agarda kimda kim kitobni o‘qib, qayd yozmoqchi bo‘lsa, qaydini qizil qalamda yozsin. Qaydining ostiga imzosini (ismini) yozsin” deyishga ehtiyoj sezgan. Lekin Alboniy, muqaddimasida buni naql qilgan bo‘lsa-da, bunga rioya qilmay, haqiqatni berkitgan.[1] Ha, mayli.

____________________________

[1] 1-Tanqil Kavsariyga qarshi toifaning eng kuchli va yagona murojaat manbayi bo‘lganligi bois juda ko‘p marotaba nashr qilingan. Juda ko‘p marotaba muallifidan xabarsiz qo‘shimchalar qo‘shib nashr qilingan. Muhammad Nasriddin Alboniyning asarning birinchi nashriga yozgan muqaddimadan ma’lum bo‘ladiki kitob insofdan benasiblarning tijorat markazi bo‘lgan va nashriyotlarning ishtahasini oshirgan. Alboniy ham Tanqil dan nasibasini olish uchun (!) unga tahqiq (tekshirishga) kirishgan va Mua’llimiyning vafot etgan yili hijriy 1386qaydlar bilan nashr qildirgan. Shu sababli ham Mua’llimiy Alboniy qayd yozgan nashrni ko‘ra olmagan. U qanchalik asarni diqqat bilan ko‘zdan kechirgan bo‘lsada, muallifga oid bo‘lmagan ifodalarni ham qo‘shganini, o‘ziga oid qaydlarni (nun harfi bilan), Muhammad Abdurrazzoq Hamzaga oidlarini (mim va a’yn harflari bilan) ajratganini, Mua’llimiyga oidlarini ajratmay yozgan bo‘lsa-da, Kavsariyni yozayotganida ishlatgan iboralar, asarni nashr qilishi uchun Mua’llimiyning vafotini kutishi va Ustoz Shayx Muhammad Avvomaning Tanqil asarining yozilishiga doir fikrlarini bir nuqtaga olib kelsak, gap og‘zimizda qoladi. Abu Vafo al-Afg‘oniyning qayd qilishicha: Alloma, muhaqqiq, mudaqqiq, al-fiqhul kabiyr, al-muhaddisush shahiyr, Mavlono Shayx Muhammad Zohid al-Kavsariy”ga ravo ko‘rilganlar mashharda aniq javobi bo‘ladi. Tanqilning Alboniyning qaydi bilan chiqqan bosmasini ko‘rish uchun qarang: Abdurrahmon ibn Yahyo al-Mua’llimiy, At-tankil bima fiy tanbi’l Kavsariy minal abadil, tahqiq, Muhammad Nasriddin Alboniy, Maktabatul ma’orif, Riyod, 2005, I-II;

Manba

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*