Tarixi Tabariy va Ibn Asir rahimahullohning “Tarix”ida keladi:
“Yarmuk g‘azoti asnosida Umar roziyallohu anhu Abu Ubayda roziyallohu anhuga Xolid ibn Valid roziyallohu anhuni (ma’lum sabablarga ko‘ra) qo‘mondonlikdan bo‘shatish haqida maktub yubordilar.
Abu Ubayda kishilarni jamlab minbarga chiqdi. Maktub keltirgan elchi o‘rnidan turib Xolid ibn Valid roziyallohu anhuni so‘roqqa tutdi:
– Ash’as ibn Qaysga o‘n mingni qaerdan berding? O‘z pulingdanmi yoki qo‘lga kiritgan narsadanmi? (Ya’ni, qo‘lga kiritilgan molni xalifadan so‘roqsiz taqsimlashda ayblashmoqda)
Xolid unga javob bermadi. Abu Ubayda jim turar edi.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning muazzinlari Bilol roziyallohu anhu o‘rnidan turib Xolidga dedi:
– Mo‘’minlar amiri sen haqingda shunaqa-shunaqa gaplarni amr qildilar.
So‘ngra Bilol Xolidning sallasini yechib oldi. Xolid itoat qilib indamay turdi. Do‘ppisini yerga qo‘ydi. So‘ngra Xolidni o‘rnidan turg‘azib salla bilan bog‘ladi. So‘ngra so‘radi:
– Ash’asga pulni qaerdan berding? O‘z molingdanmi yoki qo‘lga kiritgan umumiy moldanmi?
Xolid:
– O‘z molimdan.
Shunda Bilol Xolidning do‘ppisini boshiga qo‘yib sallani o‘z qo‘li bilan o‘rab qo‘ydi va dedi:
– Voliylarimizni eshitamiz, itoat qilamiz. Ulug‘larimizni ehtirom qilib xizmat qilamiz!
Abu Ubayda Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning amrlari bilan mollarni taqsimlagach Xolid roziyallohu anhu:
“Men mo‘minlar amiriga isyon qiladigan (itoat qilmaydigan) kishilardan emasman”, degan edi.
Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning insoniyligidan, nafsini sindirganidan, xalifaga itoatidan to‘g‘risi doimo hayratlanaman. U zot jangdaligida, g‘alabalarining avj paytida qo‘mondonlikdan bo‘shatilayapdi. Uning uchun umumiy qo‘mondon bo‘lish bilan qo‘shin safida oddiy lashkar bo‘lishning farqi yo‘q edi. Bu insoniylikning va ixlosning go‘zal bir ko‘rinishidir.
Ustoz Xolid Muhammad Xolid aytadi:
“Men Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning hayotidagi eng ixlosli va sadoqatli sahnasi deb ana shu sahnani ayta olaman!”.
Ha! Ey Xolid! Ey sayyidim! Maydonda itoat va ixlos darsini ko‘rsatish oson emas. Habashistonlik Bilol roziyallohu anhu sizni salla bilan bog‘laganida itoat bilan turdingiz.
Bunaqa dars berish faqat Umar roziyallohu anhudek ustozning qo‘lidan keladi.
Bunday darsni fahmlash esa faqat sizning qo‘lingizdan keladi!