Bugungi kunimizda butun olam Muhammad alayhissalomning zotlariga, sifatlariga va ta’limotlariga qanchalik muhtoj ekanini oʻtgan asrning buyuk aql egalaridan biri, zabardast ingliz mutafakkiri va yozuvchisi Bernard Shou oʻzining: “Agar Muhammad paygʻambar tirik boʻlganida, zamonamiz muammolarini bir piyola choy ustida hal qilgan boʻlar edi”, degan soʻzlari bilan ifodalagan edi. Agar buyuk yozuvchining bu soʻzlari Bernard Shouga oʻxshash gʻarbliklar uchun shonu sharaf boʻladigan boʻlsa, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlikni da’vo qilib turib, u kishiga ergashmay yurgan sharqliklar uchun oru nomusdir. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Zikr ahlidan soʻrang”, 3-son, 59-bet.)
Insoniyat tarixida Muhammad alayhissalomchalik qavmi tarafidan sevilgan va hurmatlangan inson oʻtmagan. Tarix kitoblarida bayon qilinadiki, Urva ismli mushrik Quraysh kofirlariga shunday hikoya qilgan ekan: “Men juda koʻp hukmdorlarni koʻrganman. Sezarning, Kisroning saroylarida boʻlganman. Lekin qasam ichishim mumkinki, ashoblari Muhammadni hurmat qilganlari kabi hurmat-ehtirom kilingan hukmdorni koʻrmadim. Allohga qasamki, agar u bir narsa buyursa, ular darhol uni bajarishga tashlanishadi, tahorat olsa, undan tushayotgan suvni talashib-tortishib olishga oshiqishadi, gapirsa, sukut qilib qotib qolishadi, shu darajadaki, hatto uning koʻzlariga tik karashga botina olishmaydi”. (Hidoyat”, 2002 yil, 9-son, 10-bet.)
Paygʻambarimizni Gʻarbning insofli kishilari ham ulugʻlashgan. Buyuk olmon shoiri Volfgang Gyote bunday deb yozgan: “Men dunyo tarixini oʻqib shunday xulosaga keldim: dunyo podshohlari toʻplagan jami saltanatu boylik, qasrlaru saroylar Muhammad alayhissalomning yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan… Biz Ovrupa millatlari madaniy imkonimiz yuqori boʻlishiga qaramay, Muhammad (alayhissalom) soʻnggi pogʻonasiga qadar chiqa olgan zinaning birinchi pillapoyasidamiz, xolos. Hech shubha yoʻqki, biron kimsa u zotdan yuqoriroqqa oʻta olmaydi”.
Bernard Shou: “Agar Muhammad (alayhissalom)dek bir odam hozirgi dunyoni boshqarganida edi, bu dunyoning mushkulotlarini hal qilishga muvaffaq boʻlar edi, bu esa, oʻz navbatida, hozirgi dunyoga yetishmayotgan xotirjamlik va baxtni olib kelgan boʻlardi”, degan edi. (“Hidoyat”, 2001 yil, 6-son, 14-bet.)
Tomas Karlayl tan olib aytishicha, Muhammad (alayhissalom) shunday tuban xalq (arablar)ni “yorugʻlik va ilm tashuvchilar” darajasiga yuksaltirdi: “Arab xalqi uchun bu zulmatdan nurga chiqish edi. Bu bilan arablar ilk marotaba boshqalar nazarida jonlandilar. Dunyoning yaratilishidan buyon koʻzga tashlanmay, oʻz sahrolarida izgʻib yurgan qashshoq podachi xalq! Qarang, koʻzga tashlanmagan xalq bugun dunyoga koʻz-koʻz boʻldi, kichik edi, olamiy ulugʻlikka erishdi. Bor-yoʻgʻi yuz yil ichida arablar gʻarbda Granadagacha, sharqda Dehligacha yetishdi, jasorat va ulugʻvorlik nuri ila Arabiston olam kengliklarini yoritmoqda”. (“Hidoyat”, 2001 yil, 5-son, 10 – 11-betlar.)
Ingliz olimi Jon Davenport mana bu fikrlarni yozib qoldirgan: “Mashhur paygʻambarlar va fotihlar orasida hayoti Muhammad (alayhissalom)ning tarixidek eng koʻp va barcha nuqtalarigacha batafsil oʻrganilgan tarixiy shaxs yoʻq”.
Atoqli faylasuf Shebol bunday deydi: “Muhammad (alayhissalom)ning odam bolasi boʻlgani butun insoniyatga katta faxrdir. Chunki, u zot ummiy (oʻqish-yozishni bilmagan) boʻlsada, oʻn toʻrt asr avval shunday qonun va asoslarni keltirdiki, biz ovrupaliklar ikki ming sanadan keyin ularning qiymati va haqiqatini anglab yetsak, eng baxtli, eng saodatli nasllar boʻlamiz”.
Frantsiyaning taniqli olimlaridan Lamartinning mana bunday soʻzlari bor: “Agar kishining buyukligi uning qilgan ishlariga, qozongan zafarlariga, imkoniyati oz boʻlsa-da, koʻp ish qilganiga qarab baholanadigan boʻlsa, Muhammad (alayhissalom) insonlarning eng buyugidir. U kishi ham paygʻambar, ham notiq, ham da’vatchi, siyosatchi, jangchi, qalblar himoyachisi, gʻoyalar targʻibotchisi, imom (ya’ni, rahbar), davlat arbobi, yer yuzining yigirmata mintaqasida islomiy saltanat qura olgan… Muhammad (alayhissalom) ana shunday zot edi! Unga hech qaysi buyuk inson tenglasha olmaydi! Nahotki, u oʻlchovlarga sigʻsa?!”
Frantsiyaning mashhur arbobi va sarkardasi Napoleon Bonapart u zotga bunday baho beradi: “Alloh taoloning birligi va borligini Muso (alayhissalom) millatiga, Iyso (alayhissalom) ummatiga, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) esa butun insoniyatga bildirdi”.
Amerikalik tarixchi olim Mishel Hart bunday deydi: “Dunyodagi ta’siri eng kuchli shaxslar roʻyxatining boshiga Muhammad (alayhissalom)ni yozib qoʻysam, ehtimol, ayrim muxlislarim taajjubga tushishar? Boshqalar, ehtimol, buni oʻzgacha tushunishar? Nima boʻlganida ham, u zot dunyoviy va diniy sohalardagi samarali ishlari bilan tarix sahnasidagi ana shu moʻ’tabar maqomga munosibdir”.
Oksford dorilfununi professori Vilyam Montgomeri: “Muhammad (alayhissalom)ning zafar-yutuqlari uning buyukligiga dalildir. Bunday maqom-martabaga erishgan boshqa shaxs Gʻarbda ma’lum emas. U zotni sehrgarlikda ayblash oʻz maqsadiga erisholmay, noiloj qolgan odamning chiranishidir”. (“Hidoyat”, 2006 yil, 3-son, 6 — 7-betlar.)
1974 yil 15 iyulgi “Taym” haftalik jurnalida har turli tarixchilar, yozuvchilar, harbiylar, tijoratchi-biznesmenlar va boshqa kasb vakillarining “Tarixning buyuk dohiylari” mavzuidagi muhokama maqolalari oʻrin olgan. Ba’zilar shunday shaxs deb Gitlerni, boshqalar Gandini, Buddani, Linkolnni va hokazolarni hisoblashgan. Shu bilan birga, amerikalik psixoanalitik, Chikago universitetining professori, yahudiy millatiga mansub Jyul Masserman masalaga aniq mezon-oʻlchovlar bilan yondashishni taklif etdi. Uning soʻzlariga koʻra, sardorlar uchta vazifani bajarishlari kerak:
1) oʻzlari boshqargan xalqni tinch va farovon hayot bilan ta’minlagan boʻlishi;
2) odamlar oʻzini xavf-xatarsiz, xotirjam sezadigan jamiyat qurgan boʻlishi;
3) odamlarga iymon (ishonch) va e’tiqod yoʻlini taqdim qilishi.
Jyul Masserman mazkur uch mezon asosida tarixni oʻrganib chiqadi, Gitler, Paster, Sezar, Muso (alayhissalom), Konfutsiy va boshqa koʻplarning baholarini belgiladi va oxir-oqibat quyidagi xulosaga keldi:
“Paster va Salk kabi dohiylar birinchi mezonga javob beradi. Gandi va Konfutsiy kabilar bir tomondan, Aleksandr Makedonskiy, Sezar va Gitlerlar esa, boshqa tomondan ikkinchi yoki uchinchi talablarni qondiradi.
Iyso (alayhissalom) bilan Budda esa, faqat uchinchi toifaga mansubdirlar. Barcha zamonlarning eng buyuk dohiy-yoʻlboshchisi Muhammad (alayhissalom) boʻlsa kerak, chunki u uchala mezon boʻyicha ham barcha talablarga javob beradi.
Muso (alayhissalom) bu borada Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)dan bir qancha past darajada qolgan” (Ahmad Diydot, “Chto Bibliya govorit o Muxammade”, 20-21-betlar.)
Abdul Azim Ziyouddinning «Siz Paygʻambar (alayhissalom)ni koʻrganmisiz?» kitobidan