Xalaf ibn Tamimdan rivoyat qilinadi:
“Ibrohim ibn Adham rahimahulloh va Shaqiq Balxiy rahimahulloh Makkada uchrashib qolishdi. Ibrohim soʻradi:
– Ishingni avvali (soʻfiylik) qanday boʻlgan?
Shaqiq dedi:
– Sahroda ketayotgan edim. Sahroda qanotlari sinib yerda yotgan bir qushni koʻrdim. Uning qayerdan rizqlanishini koʻraman deb undan uzoqroqda turib kuzatib turdim. Bir qush ogʻzida chigirtka bilan uchib keldi. Qanoti singan qushning ogʻziga chigirtkani qoʻydi. Men oʻzimga: ”Ey nafs! Ushbu qanoti singan qushga ushbu sogʻlom qushni musaxxar qilgan Zot sen qayerda boʻlsang ham rizq beradi”, deb ishlashni tark qildim va ibodatga berildim.
Ibrohim dedi:
– Ey Shaqiq! Nega sen qanoti singan qushga ovqat beradigan sogʻlom qush boʻlmaysan. Undan afzal boʻlasan-ku! Nabiy sallollohu alayhi va sallamning: “Yuqoridagi qoʻl pastdagi qoʻldan afzal” , deganlarini eshitmaganmisan?! Moʻmin kishi abrorlar darajasiga yetishi uchun ikki darajadan doimo oliysini tanlashi lozim.
Xalaf ibn Tamim aytadi:
“Shunda Shaqiq turib kelib Ibrohimning qoʻlini oʻpdi va dedi:
”Siz bizni ustozimizsiz, ey Abu Isʼhoq!“.
“Al-mujolasa va javohirul ilm” kitobidan
Abdulqodir Polvonov tarjimasi