Bosh sahifa » Kutubxona » Qilmish-qidirmish…

Qilmish-qidirmish…

Kichik qishloqda gap tez tarqaladi: emishki, baqqol tarozidan urib qolib, odamlarni aldayotgan ekan. Hammasi novvoyning qishloq qozisi oldiga shakar sotuvchi savdogar ustidan shikoyat qilib borishidan boshlandi.

“Men undan pishiriq uchun har kuni yuz misqol (500 gramm) shakar sotib olaman. Odatimga koʻra, undan olgan shakarni ishlatishdan oldin taroziga tortdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, muttaham savdogar menga sotgan qadoqda yuz emas, sakson misqol shakar bor ekan. Bilasiz, pishiriqning mazali chiqishi uchun masalliq meʼyorida boʻlishi kerak. Ammo, u har gal shuncha shakar urib qolsa, men xonavayron boʻlaman. Sizning oldingizga adolat istab keldim”, dedi jabrdiyda novvoy umidvor koʻzlarini qoziga tikkanicha.

Koʻp oʻtmasdan nozirlar shakar sotuvchi baqqolni topib keldilar. Oʻziga qoʻyilgan ayblovni eshitgan savdogar avvaliga shoshib qoldi. Bir fursat oʻtib xotirjamlik bilan gap boshladi.

“Oqil qozi janoblari, oʻsha kuni odatimga koʻra novvoydan tushlik uchun non olib, doʻkonga borgan edim. Aftidan, bolalar tarozini oʻynashgan koʻrinadi, uning yuz misqollik toshini hech qayerdan topa olmadim. Noiloj tarozining boshqa pallasiga novvoy yuz misqol deb sotadigan oʻsha nonni qoʻyib, bir necha qadoq shakar oʻlchashga majbur boʻlgan edim. Ammo, bu holat faqat oʻsha kuni sodir boʻldi. Ehtimol, novvoy olgan shakar ham oʻsha kungi qadoqdandir”.

Qozi bir oz oʻyga choʻmgach, novvoyning doʻkonidan bir nechta non keltirishlarini buyurdi. Keltirilgan nonlar oʻlchab koʻrilganida ularning barchasi meʼyoridan ancha yengil ekani maʼlum boʻldi.

Tegishli jazoni olgan novvoy qishloqdoshlari qarshisida uyatdan mulzam boʻldi. Unutmang: muvaffaqiyatning tagzamini – halollikdir!

Shuhrat Sattorov tarjimasi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*