Toʻychiboy toʻy qiladigan boʻldi: sunnat toʻy…
“Sabzi toʻgʻrar”ga kelgan mahalla oqsoqollari “yuz kilo guruch damlash shartmi, oʻzingizni qiynamay qoʻya qoling”, degan edi, astoydil xafa boʻldi:
– Nima, men odammasmanmi? Oʻzimga yarasha orzu-havasim bor, ulfatlarim bor… Men ham yurtning oshini yeganman…
…Shunday boʻldi… Yuz kilo emas, yuz yigirma kilo osh damlandi…
Tong otmasdan hofizlar xonish qildi… Guras-guras odamlar keldi…
Toʻychiboy “yuz yigirma kilo oshning tagida bir kapgir qolmaganini” gapirib yurdi…
…Ikki haftalardan keyin uyida qiy-chuv boʻlib qoldi. Oʻzi baqirgan, xotini dodlagan…
Harqalay, qoʻshni… Chiqdim.
Qarasam, Toʻychiboy tok soʻri tagida turibdi. Koʻzlari bejo. Nuqul bir gapni takrorlaydi: “Oʻzimni oʻldirsam, qutulamanmi? Oʻlib ketsam, qutulamanmi sanlardan?!”
Yanga nariroqda shumshayib turibdi.
– Toʻy qilaman deb boʻgʻzimgacha qarzga botdim! – dedi qoʻshnim chinqirib. – Meni xonavayron qilmoqchimisan?! Oʻzimni oʻldirib qoʻya qolay!..
Yanga meni koʻrib bir qadar taskin topdi, shekilli, erini yupatdi:
– Qoʻying, dadasi, oʻzingizni bosing… – Keyin ayvonga qarab musht doʻlaytirdi: – San qiz oʻlgurga qachon aql kiradi-a?! Man buni nonga chiqarsam, kitob obkebdi!.. Hah, oʻsha sanga kitob oʻqishni buyurgan oʻqituvchingning uyiga oʻt tushsin! Sakkiz yuz soʻmgayam kitob oladimi, juvonmarg?! Kitob sanga osh bilan non boʻlarmidi, yer yutgur!
…Qoʻshnimning yettinchimi, sakkizinchimi sinfda oʻqiydigan qiziga endi koʻzim tushdi. Qizaloq ayvon ustuniga suyanib turar, kafti bilan yuzini toʻsgancha unsiz, oʻkinib-oʻkinib yigʻlar edi…
Indamay chiqib ketdim.
…Rostini aytsam, umrimda birinchi marta… oʻzbek boʻlganimga uyaldim…