Bosh sahifa » Ibrat » “Menga boylik kerak emas!”

“Menga boylik kerak emas!”

Rivoyat qilishlaricha qadim oʻtmishda bir musulmonlar oʻlkasida hayratlanarli voqea boʻlgan ekan. Bir boy kishi kasal boʻlib, ketishi maʼlum boʻlgach, odamlarga qarata:

– Kim vafot qilganimdan keyin qabrimda men bilan bir kecha yotsa molu davlatimning yarmini oʻshanga qoldiraman, – debdi. Bu gapni bozorda ishlab yurgan bir hammol ham eshitibdi. Hammol oʻylab koʻrib:

– Shu qoʻlimdagi arqonimdan boshqa yoʻqotadigan nimam ham bor, – deb taklifga rozi boʻlibdi. Maʼlum vaqt oʻtib, boy qazo qilibdi. Odamlar hammolni chaqirib kelibdilar va vaqti soati kelganini aytibdilar. Hammol ham doim olib yuradigan arqoni bilan birga mayyit yoniga tushibdi. Ustlaridan turpoq tortilib koʻmibdilar. Shu bilan odamlar duolarini qilib tarqalibdilar. Biroz oʻtib qabrga munkar-nakir (savol-javob qiluvchi) farishtalari kelibdi. Qarasalar qabrda ikkita odam yotibdi, biri tirik ikkinchisi oʻlik. Nima boʻlsa ham oʻlik shu yerda qoladi, savolni shu tirik yotganidan boshlaylik, deb hammolga savol berishni boshlabdilar:

– Bu arqonni qayerdan olgasan, u bilan nima ishlar qilgansan, topgan pullaringni nimalarga sarflagansan….?

Savol-javob shu boshlanganicha tonggacha davom etib, hammolning tinka-madorini qurutib, dunyoga kelganiga pushaymon yediribdilar. Erta tongda odamlar nima boʻldi ekan deb qabrga yoniga kelib uni ocha boshlabdilar. Qabr ochilishi bilan hammol rangi roʻyi bir ahvolda poylab turgandek sakrab tashqariga chiqib olibdi. Odamlar esa uni tirik holda koʻrib:

– E qoyil, sen uddalading, endi sen boy boʻlding, molu davlatning yarmi endi seniki. Olib ketishing mumkin, – deb tabriklabdilar.
Hammol esa:

– Toʻxtanglar! Shu bitta arqonning hisobini bergunimcha ertalabgacha ona sutim ogʻzimga keldi. Menga boshqa boylikning keragi yoʻq, – deb qochib ketibdi.
Bu bir rivoyat boʻlsada, uning zamirida juda ham katta va chuqur maʼno yotibdi. Topayotgan molu dunyoimizga, yeb turgan osh-tuzumizga eʼtibor berishimiz, haloldan topib, haloldan yedirishimiz zarurligini hech qachon unutmasligimiz lozim. Aks holda ertaga hech qayerdan, hech qanday yordam kelmiydigan joyda qiyin ahvolga tushib qolishdan Allohning Oʻzi asrasin.

“Hikmatlar xazinasi” risolasidan

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*