Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh aytadilar:
“Bir ajoyib voqea esimga tushib ketdi. Men bu voqeani padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman. Juda ibratli voqeadir. Hazrat Mavlono Ashraf Ali Tahanoviy rahmatullohi alayhning ikki ayollari bor edi. Biri yoshi katta va biri yoshi kichik edi. Ikkisi Hazratga juda bog‘langan edilar. Lekin katta ayollari uzoq vaqtdan beri birga edilar va Hazratga ko‘proq orom yetkazishlik fikrida turar edilar. Hayit yaqinlashayotgan edi. Katta ayollarining qalbiga Hazrat uchun biror eng yaxshi matodan uzun kamzul tikib berilsa degan o‘y keldi. O‘sha paytda “Ko‘z zavqi” nomli bir kiyim kiyilar edi. U juda sevimli turdagi kiyim bo‘lar edi. Endi, Hazratdan so‘ramasdan material sotib olib, o‘sha uzun kamzulni tikishni boshlab yubordilar. Kamzul tikilgandan keyin to‘satdan uni taqdim qilaman, o‘shanda to‘satdan taqdim qilinish sababli xursandlik ko‘proq bo‘ladi degan o‘yda Hazratga buni aytmadilar. Butun Ramazon uni tikish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Chunki, u paytda tikuv mashinasi rivojlanmagan edi. Qo‘lda tikilar edi. Chunonchi, u tikilib tayyor bo‘lgach, hayit kechasi u kamzulni Hazratga taqdim qilib, “men siz uchun bu kamzulni tayyor qildim, qalbim shuni xohlayaptiki, buni kiyib iydgohga borsangiz va hayit namozini o‘qisangiz” dedi. Endi, Hazratning didlari qayoqdayu, bu go‘zal kamzul qayoqda. Hazratning didlariga mutlaqo xilof edi. Lekin Hazrat aytadilarki, “agar men kiyishni rad qilsam, u holda uning qalbi tilka pora bo‘ladi. Chunki, u butun Ramazon uni tikishda g‘ayrat qildi va muhabbat ila mehnat qildi”. Shunga ko‘ra, Hazrat uning qalbini rioya qilishlik uchun, “mashalloh, Siz juda yaxshi kamzul tikibsiz”, dedilar va kamzulni kiydilar. Iydgohga yetib borib, namoz o‘qidilar. Namozdan forig‘ bo‘lgach, bir odam Hazratning oldilariga kelib, “Hazrat! Siz kiyib olgan bu kamzul sizga yarashmabdi. Chunki, bu juda qimmatbaho kamzuldir” dedi. Shunda, Hazrat: “Ha, Birodar! Sen to‘g‘ri aytyapsan”, deb javob berdilar. Shunday deb, Hazrat u kamzulni yechib, o‘sha shaxsga, “bu senga hadya, uni sen kiyib ol” deb berib yubordilar.
Shundan keyin Hazrat Tahanoviy rahmatullohi alayh bu voqeani mening padari buzrukvorim Hazrat Muftiy Muhammad Shafi’ rahmatullohi alayh janoblariga so‘zlab berdilar:
“Men bu kamzulni kiyib, iydgohga ketayotganimda, asti so‘ramang, qalbim qanchalar tilka pora bo‘layotgan edi. Chunki, butun umr bu turdagi qimmatbaho kiyimni xech qachon kiymadim. Lekin o‘sha payt qalbda, mehnat ila uni tikgan Allohning bandasini qalbi xursand bo‘lsin degan niyat bor edi. Uning qalbini xursand qilishlik uchun u mashaqqatga chidadim va uni kiyishdagi ta’naga ham dosh berdim. Chunki, odamlar qanaqa libos kiyib keldingiz deb, uni kiyganimga ta’na ham qildilar. Lekin uydagilarning qalbini xursand qilishlik uchun bu ishni qildim”.
Har holda, inson eng yaxshi kiyimni o‘zining qalbini xursand qilishlik uchun kiysa, uyidagilarining qalbini xursand qilishlik uchun kiysa va biror tuhfa-hadya beruvchining qalbini xursand qilishlik uchun kiysa, unda biror tanglik yo‘q. Lekin yaxshi kiyimni odamlar meni ulug‘ deb bilsinlar degan maqsadda kiysa, men dabdabali ko‘rinsam, men dunyo ahlining oldida buyuk bo‘lsam va xo‘jako‘rsinlik uchun kiysa, u holda u azobga sabab narsadir va haromdir. Undan saqlanishlik lozimdir.
“Islahiy xutbaat” kitobidan, 5-jild, 274-bet
Abdulqayyum Komil tarjimasi