1. Ozuqamas va ozuqa ma’nosida bo‘lmagan narsani tanovul qilmoq. Masalan, ro‘zador xom guruch, xamir, biror narsa aralashtirilmagan un kabi narsalarni yemog‘i.
2. Birdaniga ko‘p tuzni yeb yuborsa ham, ro‘zasi ochilib qazosini tutib beradi.
3. Pishmagan mevani yesa ham.
4. Tishlari orasida qolgan no‘hatdan katta narsani yesa.
5. Danak, paxta, qog‘oz, teri yesa ham.
6. Tosh, temir parchasi, tuproq, tangaga o‘xshash narsalarni yutib yuborsa ham.
7. O‘z amali bilan ichiga tutun kirgizsa ham.
8. Orqasidan, burnidan, tomog‘idan va ayol kishining oldidan ichiga suv yoki dori kiritilsa ham.
9. Qulog‘iga moy tomizsa ham, lekin suv tomizsa ochilmaydi.
10. Ayol kishining old a’zosidan qatra tomizilsa ham.
11. Qasddan og‘zi to‘lib qussa ham qazo tutadi. Agar ro‘zaligi esidan chiqqan, og‘zi to‘lmay qusgan, taom emas balg‘am qusgan bo‘lsa, ro‘zasi ochilmaydi.
12. Ozuqa va davoni bemorlik, safar, majburlash, xato, beparvolik yoki shubha kabi shar’iy uzrlar ila tanovul qilsa, qazosini tutib beradi.
13. Og‘zini chayib turganda xato qilib, suv ichiga ketib qolsa, ro‘zasi ochiladi va qazo tutadi.
14. Boshidagi yoki qornidagi jarohatga dori qo‘yganda ichiga yoki dimog‘iga ketib qolsa ham.
15. Uxlab yotgan ro‘zadorning qorniga birov tomonidan suv kiritilib yuborilsa ham.
16. Ayol kishi xizmatga yaramay qolaman deb taom yesa ham.
17. Birov avval esida yo‘q holda taom yegan yoki jinsiy yaqinlik qilgan bo‘lsa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo hukmni bilmay, bo‘lar ish bo‘ldi deb, keyin yana taom yesa yoki jinsiy yaqinlik qilsa, qazo ro‘za tutib berishi lozim bo‘ladi.
18. Birov kechasi ro‘za tutishni niyat qilmadi. Kunduzi niyat qildi. Keyin “bu niyatim to‘g‘ri bo‘lmasa kerak” degan shubha bilan taom yesa, ro‘zasi ochiladi va qazo tutishi vojib bo‘ladi.
19. Birov “hali tong otmagan bo‘lsa kerak”, deb, yeb ichdi yoki jinsiy yaqinlik qildi. Keyin bilsa, tong otib bo‘lgan ekan. Ro‘zasining qazosini tutadi.
20. Birov “quyosh botgan bo‘lsa kerak” deb, yeb ichdi yoki jinsiy yaqinlik qildi. Keyin bilsa, quyosh botmagan ekan. Ro‘zasini qazosini tutadi.
21. Birov taom yeb yoki jinsiy yaqinlik qilib turganda tong otib qoldi. Darxol qilayotgan ishini to‘xtatsa, ro‘zasi to‘g‘ri bo‘laveradi.
22. Shahvatini to‘liq bo‘lmagan holda qondirsa ham faqat qazo tutadi.
23. Quchoqlash, o‘pish va shunga o‘xshash ishlar tufayli maniysi to‘kilsa, qazo tutadi.
24. Uxlab yotgan ayolga jinsiy yaqinlik qilinsa, o‘sha ayol ham qazo tutadi.
25. Ayol kishi farjiga moy yoki shunga o‘xshash narsalarni tomizsa ham.
26. Ro‘zador shaxs orqasiga suv yoki moy bilan xo‘llangan panjasini yoki latta, paxta va shunga o‘xshash narsalarni kiritsa ham. Ayol kishining ichki farjiga ham mazkur narsalar kiritilsa.
27. Ramazon ro‘zasidan boshqa ro‘zalarni ochgan bo‘lsa ham.
Mazkur holatlar sodir bo‘lganda ro‘zador ro‘zasini davom ettirib iftorgacha yetkazib qo‘yadi. Zinhor ro‘zam ochilib kettiku, deb ochib yubormaydi. Ramazondan keyin kuniga bir kun tutib beradi.
“Kifoya”dan