Hokim qilgan bir rivoyatga ko‘ra Jamal voqeasida hazrat Ali (roziyallohu anhu) ning zirhi yo‘qolgan edi. Bir kishi zirhni topib, sotib yubordi. Sal o‘tmay zirh bir nasoroda ekani ma’lum bo‘ldi. Shunda hazrat Ali (roziyallohu anhu) nasoro ustidan Qozi Shurayhga shikoyat qildi. Qozi huzurida hazrat Alining gapi rostligiga o‘g‘li Hasan bilan ozod etgan xizmatkori Qanbar guvohlik berdi.
Shurayh:
– Hasanning o‘rniga boshqa bir guvoh keltir, – degach, hazrat Ali (roziyallohu anhu):
– Hazrat Umardan Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam): “Hasan bilan Husan jannat ahli bo‘lgan yoshlarning afzalidir”, deya marhamat qilganlarini eshitmaganmiding? O‘g‘lim Hasanning guvohligini qabul qilmaysanmi? – dedi.
Shunda Qozi Shurayh:
– Men bu narsani o‘zingizdan o‘rganganman. Siz “Farzandning otasini foydasiga guvohlik berishi joiz emas”, degandingiz, – dedi.
So‘ng Shurayh nasoroga yuzlanib:
– Zirhni ol u seniki, – deya hukm chiqardi.
Bunga javoban nasoro shunday dedi:
– Mo‘minlarning amiri men bilan birga musulmon qozisining huzuriga keldi. Qozi unga qarshi hukum chiqardi va u qozining hukmiga rozi bo‘ldi. Ey mo‘minlarning amiri! Yaratgan haqqi, sen to‘g‘ri gapirding, bu zirh seniki. Tuyangdan tushib qolganida men olib qo‘ygan edim. Yaratgandan o‘zga ibodat qilinajak iloh yo‘qligiga va Muhammad Uning elchisi ekanligaga guvohlik beraman.
U islomni qabul qilgach, hazrat Ali (roziyallohu anhu) o‘z zirhini unga hadya etib, yetti yuz dirham pul ham berdi. Islom bilan sharaflangan bu odam hazrat Alining yonidan hech ayrilmadi. Siffiyn jangida shahid bo‘ldi.
Yusuf Tovasliy,
Hikmatlar xazinasidan