Yaxshig‘ina boy bir ko‘r kishi har vaqt bozorg‘a chiqib, har xil narsalar olurdi. Lekin ko‘zi ko‘rmag‘anlig‘i uchun yaxshi-yomonni ayira olmas edi. Yaxshi deb o‘ylab olg‘an narsalarining ko‘pi yomon narsalar edi. Bir kuni ko‘zining pardasini oldurmoq uchun bir do‘xtirni uyig‘a chaqirdi. Do‘xtir kelib, ko‘zini pardasini oldi. Bir necha kundan so‘ngra ko‘zi ochilub, uyidag‘i narsalarni ko‘rmoqqa boshladi. Bozordan olg‘on narsalarining har biri ko‘zig‘a yomon ko‘rindi.
Borub: «San manim uyimdagi narsalarimni olub, o‘rnig‘a yomon narsalar qo‘yibsan», — deb do‘xtirning etagidan tutdi.
Do‘xtir: «Yo‘q, birodar! Avval san ko‘r eding. Bozordan olgan narsalaringni barchasi yomon narsalar edi. San oni bilmas eding. Emdi ko‘rib, alarning yomonlig‘ini bilding», — deb javob berdi.
Hissa: Nodon kishi shul ko‘rg‘a o‘xshaydir. Yaxshi deb o‘ylag‘an narsalarining ko‘pi yomon narsalar bo‘lur. Ilm do‘xtirg‘a o‘xshaydir. O‘qig‘an kishilarning ko‘zlarini ochar. So‘ngra yomon ishlarning yomonlig‘ini bilib, ondan o‘zlarini torturlar.
Munavvarqori Abdurashidxonov. “Adibus-soniy”