Qur’oni karim oyatlaridan shifo hosil qilish pokiza Qur’onning barakotlaridandir. Lekin bu baraka pokiza Qur’onning maqosidi (uni nozil qilishdan ko‘zlangan maqsadi) hamda uning huquqidan emas. Ya’ni Qur’ondan shifo hosil qilishning o‘zi bilan inson uning haqqini ado etgan hisoblanmaydi. Qur’oni karim dunyo va oxiratni isloh qilish, ikki olam saodatiga yo‘l ko‘rsatish uchun yuborilgan payg‘om, ya’ni ilohiy nomadir. Oxiratda bizdan Qur’oni karimning haqlari so‘ralganida mazkur tabarruk va ruhoniy ta’sirlar, ya’ni dam soldirish borasida savol bo‘lmaydi. Bu gapdan dam soldirish nojoiz ekan degan ma’no chiqmaydi, balki Qur’oni karim hukmlariga amal qilmay, uni o‘qitib, dam soldirishning o‘zi bilan pokiza Kalomning haqqi ado topmaydi, degan ma’no anglashiladi.
Alloma Iqbol shunday deydi:
Ba oyotash turo kore juz-in nest,
Ki, az Yosini u oson bimiriy.
Tarjimasi:
U (Qur’oni karim)ning oyatlari bilan sening shundan boshqa ishing yo‘qki, uning “Yosin”i bilan oson o‘lsang.
Ya’ni Qur’oni karimning muborak oyatlarida marhamat etilgan hukmlarga amal qilish bilan bu ummatning ishi yo‘q. Ular jon berish yengil bo‘lishi uchun “Yosin” o‘qitishdan boshqa ishga yaramayaptilar.
Mavlono Xolid Mahmud, “Osorut Tanzil”, 497-bet
Yorqinjon qori Fozilov tarjimasi