Har bir narsa o‘z haddining ichida foydali bo‘ladi. Haddidan oshsa, qanchalik foydali narsa bo‘lsa ham, zararli narsaga aylanadi
Hakimul umma Ashraf Ali Tahonaviy aytdilarki: Xoshyatulloh (Allohdan qo‘rqish) barcha hasanot va xayrotning sarchashmasi va juda ham fazilatli narsadir. Lekin shu ham haddidan oshsa, insonni muattal (harakatsiz, sust) va bekor qilib qo‘yadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xoshyatulloh haqida qilgan duolarida shunday deganlar: “Yo Alloh, menga O‘zingning xoshyating (qo‘rqinching)dan men bilan gunohlar o‘rtasida to‘siqlik qiladigan darajada hissa ato qil”.
Bu qayd etilgan jumladan shu narsa tushuniladiki, agar xavf ziyoda bo‘lib ketsa, inson unga bardosh beraolmay, harakatdan to‘xtab qolishligiga sabab bo‘lar ekan.
Huddi shu kabi, Alloh taologa yo‘liqish shavqi ham juda ulkan ne’mat. Lekin u haqidagi hadisda shunday deyiladi: “Yo Alloh, biror qattiq bemorlik yo qattiq musibat va fitna sababidan o‘limga talabgor bo‘lmaganim holda menga O‘zingning ziyorating va muloqoting shavqini ato qil”.
Ma’lumki, Alloh taoloni ziyorat qilish va U Zotga yo‘liqishning o‘limdan boshqa yo‘li yo‘q. Shu sababli U Zotga yo‘liqish uchun o‘limni sevish ulkan ne’matdir. Lekin ba’zi vaqtda inson biror bardosh qilib bo‘lmaydigan kulfat va musibat sababidan o‘limni talab qilishga majbur bo‘ladi. Bu esa shavqning haddan oshgan turi bo‘lib, bunday shavq musibat va mazmumdir. Shuning uchun Allohga yo‘liqish shavqi yuqorida zikr etilgan (biror qattiq bemorlik yo qattiq musibat va fitna sababidan o‘limga talabgor bo‘lmaganim holda degan) jumla bilan qaydlab qo‘yildi.
Yorqinjon qori Fozilov tarjimasi