Bosh sahifa » Ilm » Majolisi hakimul umma (1-3)

Majolisi hakimul umma (1-3)

1-majlis. Hakimul umma Ashraf Ali Tahonaviy aytdilarki: Hadisda shunday keladi: “Kimki bir o‘tirishda o‘tirsa, va (o‘sha o‘tirish tugagunicha) unda Alloh taoloni (loaqal bir marotaba) eslamasa, qiyomat kuni o‘sha o‘tirish uning uchun afsus va nadomat chekishiga sabab bo‘ladi”.

Bu gapni hamisha hayolingizda tuting. Biror o‘tirish, harakat va jim turishingiz Alloh zikridan xoliy bo‘lmasin.

2-majlis

Tartib-intizom dinu dunyoning har bir ishida foyda va zarurdir

Hakimul umma Ashraf Ali Tahonaviy aytdilarki: “Dunyoviy ishlarda badnazmlik (betartiblik) va betamizlik, ya’ni har bir narsani o‘z joyiga qo‘ymaslik yoki yeb-ichishda mutanosiblikka rioya qilmaslik dunyoviy ishlarda nuqson berganidek, botiniy ishlar uchun ham zarardir”.

Bir ulug‘ kishi haqida shunday hikoya bor. Birortasi u kishiga murid (shogird) bo‘lgani kelsa, keluvchi kishi bilan o‘sha zahotiyoq ko‘rishmasdan, balki ko‘rishishni ovqat vaqtigacha kechiktirar ekan. Hukm shunday bo‘larkanki, yangi mehmonga ovqat olib borilayotganda ovqatni shayxga ko‘rsatib, qaytib olib ketilayotganda ham shayxga yana ko‘rsatilar ekan. Shayx undan ortgan ovqatga qarab, mehmonning tabiatida tartib va intizom bor yoki yo‘qligini taxminan bilib olar ekan. Masalan non va qayla bir-biriga munosib tarzda ishlatilgan bo‘lsa, bu tabiat durustligining alomati. Ortiq-kam bo‘lsa, betartiblikdan dalolatdir. Qaysi odamda shunday tartibsizlikni ko‘rsa, “Bizdan sizga biror foyda bo‘lmaydi. Sizning tabiatingizda betartiblik bor ekan. Boshqa shayxga murojaat qiling”, deya uzr aytar ekan.

3-majlis

Bema’ni va ortiqcha bahslar insonni katta gunohlarga mubtalo qiladi. Ulug‘ zotlar undan parhez qilishga qattiq ahamiyat qaratganlar.

Hazrat Nizomuddin Avliyoning huzurlariga ikki kishi bay’at qilgani keldi. Masjidning havuziga kelib, tahorat olgani o‘tirdilar. O‘zaro gaplashib, ulardan biri bizdagi havuz bu havuzdan ancha katta, dedi. Ittifoqo shayx bu gapni eshitib qoldi. Ular bay’at qilgani huzurlariga kirgach, shayx u yerdagi havuz bu havuzdan qanchalik katta, deb so‘radilar.

U: “Bilmayman”, dedi.

Shayx: “Bor, o‘lchab kel”, dedilar. Unga borishga to‘g‘ri keldi. Safar qilib, vataniga bordi. Havuzni o‘lchab ko‘rsa, u bir qarich katta ekan.

Qaytib kelib: “Hazrat o‘lchadim, u havuz bir qarich katta ekan”, dedi.

Hazrat: “Sen u havuzni ancha katta, degan eding, bir qarichni ancha katta deyilmaydi. Sening bu ishingdan ma’lum bo‘ladiki, tabiatingda rost va yolg‘on masalasida ehtiyotkorlik yo‘q ekan. Bu yo‘lda (tariqatda) qayerga ham bora olarding”, dedilar.

Bundan shu narsa bilindiki, ulug‘ mashoyixlar muridlarga vazifalar, nafllar va boshqa shu kabi amallarni aytishdan va sulukdan ta’lim berishdan oldin ularning zohiriy amallarini tuzatib, razil sifatlardan ham saqlanishga odatlantirar ekanlar. Bugunlik kunda juda ko‘p mashoyixlar bunga rioya qilmaydilar. Natija shu bo‘ladiki, vazifa va virdlarga muridlar xo‘b mashshoq bo‘ladilar, lekin razil sifatlar avval qanday bo‘lsa, o‘shanday turaveradi. Ularda halolu haromning imtiyozi, rostu yolg‘onning ehtimomi bo‘lmaydi. Bu esa tariqatning badnom bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Yorqinjon qori Fozilov tarjimasi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*