«Salom» sifati barcha nuqsonlardan salomat Zot, shuningdek, tinchlik, xotirjamlik va rohat beruvchi Zot deganidir.
Alloh «Salom» sifati ila bandalarga tinchlik, omonlik, xotirjamlik va sog‘lik ato qiladi.
Insonning o‘sib, ulg‘ayishi Allohning rahmatidir. Bu o‘sish mo‘’tadil va maqbul chegaraga yetgach, insonning bo‘yi o‘sishdan to‘xtaydi. Bir qarashda bu oddiy holat bo‘lib ko‘rinadi, ammo aslida bu ham Alloh taoloning katta ne’mati ekan. Zero, shunday bir xatarli kasallik borki, bunda inson o‘sishdan to‘xtamaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, suyak hujayralari odatda qirq yillab uxlaydi. Ammo insondagi suyak sinsa, ushbu hujayralar uyg‘onib, inson suyagini qaytadan tiklab, bir biriga ulab qo‘yadi. Bir o‘ylab ko‘raylik, singan suyak o‘smasa, bir-biriga ulanib, bitib ketmasa nima qilar edik? Allohning as-Salom ismi mana shu nuqtada gavdalanadi.
U Zot insonni go‘zal suratda yaratdi, uning jismini o‘z-o‘zini davolaydigan, tiklaydigan qilib qo‘ydi. Tishdagi nervlar unda biror kasallik boshlanayotganini og‘riq vositasi bilan bildirib, darak berib turadi. Shuning uchun darhol tish doktoriga borib, ularni muolaja qildirib olamiz. Aks holda ham azob chekamiz, ham tishlardan mahrum bo‘lamiz. Bunday o‘ta nozik his qilish a’zosining faoliyatida ham Allohning as-Salom ismi namoyon bo‘ladi.
Immunitet tushunchasi bugungi kunning yangi atamasi bo‘lib, insoniyat uni so‘nggi ikki asr davomida kashf qilib, uning yordamida tibbiyot sohasida juda ko‘p muvaffaqiyatlarga erishdi. Immunitet Alloh yaratgan qon tarkibidagi askarlardir. Qonda yuruvchi ushbu oq qon tanachalari tanaga kirib qolgan xatarli dushmanga – virusga qarshi kurashadi. Alloh mazkur oq qon tanachalarini inson salomatligini muhofaza qilish uchun yaratgan. Inson organizmining turli salbiy ta’sirlarga, kasalliklarga qarshi kurashish xususiyati yo‘qolsa, u eng oddiy sabablar bilan ham tezda halok bo‘ladi. Bugungi kunda butun dunyoni xavotirga solayotgan OITS kasaliga chalinganlarda ushbu immunitet susayib, yo‘qolib ketadi. Organizm himoyasiz qolgach, madorsizlanadi, unga turli kasalliklar o‘rnashib oladi.
Buyrak bo‘yicha mutaxassis shifokorning aytishicha, insonning bir buyragi to‘liq olib tashlansa, ikkinchi buyrakning o‘ndan to‘qqiz qismi ham kesib olinsa, o‘sha qolgan ozgina qismi ham qonni tozalab, filtrlashga kifoya qilar ekan. Demak, mazkur himoya xususiyati ham as-Salom ismining bir ko‘rinishi ekan. Xulosa qilib aytganda, Allohning as-Salom ismi insonning sog‘-omon yurishiga kafolatdir. Inson bir necha kun qattiq och qolganida don yoki poliz mahsulotlarini iste’mol qilsa, ushbu mahsulotlar tanada yog‘ va go‘shtga aylanadi. Vaholanki insonga har qancha ilm berilsa ham don mahsulotlarini go‘shtga aylantira olmaydi. Bu insonning toqatidan yuqori narsa. Lekin inson jismi don va poliz mahsulotlarini go‘sht va yog‘ga aylantirib beradigan ajoyib uskuna bilan jihozlangan. Allohning as-Salom ismi bizning sog‘ omon yurishimizga kafildir.
Allohning go‘zal ismlari haqida har qancha fikr yuritmaylik, ularning adog‘iga yeta olmaymiz. Alloh taolo insonning eng muhim a’zosi bo‘lmish miyani qayerga joylagan? Bosh chanog‘iga, suyakdan yasalgan maxsus kosaga joylagan. Bu suyakni esa ustma ust parda bilan o‘ragan. Suyak kosasi bilan miya oraligida esa maxsus suyuqlik yaratgan. Ushbu suyuqlik qanday vazifa bajaradi? Uning vazifasi shuki, insonning kallasiga zarba tushsa, uning og‘irligi avval ana shu suyuqlikka tushadi. Alloh taolo bosh miyani mustahkam sandiqqa joylagan. Ushbu sandiqning mustahkam bo‘g‘imlari bo‘lib, ular ham ba’zi zarbalarni o‘ziga singdirib yuboradi. Ushbu bo‘g‘imlar bo‘lmasa, bosh chanog‘i salgina zarbaga ham sinib ketar edi. Miyaga zarba tushganda suyaklar bir-biriga kirishib, so‘ng o‘z o‘rniga qaytadi. Bularning hammasi insonning salomat yashashi uchundir. Uzoq muddat, bir necha kun yoki oy emas, yillab izlanish olib borsak ham, Allohning as-Salom ismi bilan bog‘liq ne’matlarni sanab tugata olmaymiz.
Qalbda xavotir, qo‘rqinch va bezovtalik paydo bo‘lsa, buning davosi faqat Allohning zikridir. Harchand qidirmaylik, biror narsa insonga Allohning zikrichalik baxt saodat ulashmaydi. Temir zanglagani kabi, qalb ham zanglaydi. Uning jilosi Allohning zikri va Qur’on tilovatidir. Allohning as-Salom ismini zikr qilsak, salomatlikni his qilamiz, xavf va xavotirlarimiz ariydi, xotirjam bo‘lamiz. Allohdan yiroq bo‘lgan kimsalarning qalbini esa xavf-xatar chulg‘ab oladi, chunki ular U Zotga shirk keltirishadi va shu sababli Alloh ularning qalbiga qo‘rqinch soladi.
As-Salom ismining avvalgi ma’nosi Allohning zotiga taalluqlidir, ya’ni Uning Zoti barcha ayblardan xoli, sifatlari barcha nuqsondan yiroq, fe’llari barcha yomonlikdan pokdir.
Bu ismning ikkinchi ma’nosi shuki, Alloh taolo bandalariga salomatlik ato etadi. Bu ismning zikri insonga omonlik, xotirjamlik va salomatlik baxsh etadi. Inson Allohga bog‘lanish bilan nafsini ayblardan, baxillikdan, ziqnalikdan, nafratdan, hasaddan, kibru havodan saqlaydi. Boshqacha qilib aytganda, Alloh taolo bandalarini subulus salomga – salomatlik, salimlik yo‘liga yo‘llaydi.
Masalan, har bir insonning oilasi bor. Kimningdir uyida janjal-to‘polon, nafrat hukm surishi, er-xotinni do‘pposlashi, ish taloqqacha borib yetishi mumkin. Bunday xonadon o‘zaro nafratga mahkum bo‘lib, barbod bo‘lishi muqarrardir. Ammo inson Qur’on ta’limotiga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dasturlariga ergashsa, Alloh uni salomatlik, tinchlik, barqarorlik yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Bu yo‘lga musharraf bo‘lganlarning uyida rohat farog‘at, xotirjamlik, mehr oqibat va o‘zaro muhabbat hukm suradi. Zero, bunday odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq, uyiga kirganda ahliga «As-Salomu alaykum» deb salom aytib kiradi, shu salomi tufayli shayton bu uydan uzoqlashadi. Uy egasi salom bermay kiradigan xonadonga shayton kirib olib, hamtovoqlariga: «Mana, hammamizga yotoq topildi», deydi. Oila a’zolari dasturxon atrofiga o‘tirib, bismillahni aytishmasa, shaytonlar: «Ana, ovqat ham topildik», deyishadi. Oqibatda bunday xonadonda muammolar ko‘payib ketadi. Riboga (sudxo‘rlikka) aralashgan odamning qarzlari ko‘paysa ko‘payadiki, ozaymaydi. Bunday kimsa muammolarga ko‘milib ketadi, savdosi ham to‘xtab qoladi. Qo‘lidagi qimmatbaho qog‘ozlar ham foyda bermay qo‘yadi. Agar u Allohning amriga, nabaviy sunnatga bo‘ysunsa, daromad topishda bunchalik muammoga duch kelmas edi.
Demak, tijoratda, oilaviy aloqalarda, qo‘shnilar bilan munosabatda salomatlik, salimlik yo‘lida yursak, Alloh bizni «subulus-salom», ya’ni salom yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. As-Salomning ma’nosi mana shudir.
Inson hayotiga Qur’onni tatbiq qilsa, barcha ishlarda, barcha yo‘nalishda va barcha tomonlama salomga yo‘llab qo‘yiladi. Oqibatda esa Alloh uni dorus-salomga, ya’ni jannatga yo‘llaydi. As-Salom sifati g‘oyatda rohatbaxshdir. Salomat odam xotirjam bo‘ladi, rohatda yashaydi, koinotning Xoliqi u bilan birga ekanini, uni tashlab qo‘ymasligini, dushmanga topshirib qo‘ymasligini, uni muhofaza qilib, nusrat berishini his qilib hayot kechiradi. Hayotimizga Allohning shariatini tatbiq qilsak, Alloh bizga bu dunyodayoq salomatlik va omonlik beradi. Allohga yuzlansak, Alloh bizga nafs salomatligini ato etadi. Hayotimizning barcha jabhalarida Allohning amrlariga itoat qilsak, Alloh bizga oxiratda omonlik ham beradi. Bilishimiz kerakki, chinakam omonlik va salomatlik Alloh bilan birga bo‘lishda, Allohning amriga muvofiq yashashda, Allohni tanishda, Allohga ibodat qilishda, Allohning Kitobini tushunishda va Allohning shariatiga amal qilishdadir.
«Alloh tinchlik diyori – jannatga da’vat qilur va O‘zi xohlagan zotlarni To‘g‘ri Yo‘lga hidoyat qilur» (Yunus surasi, 25 oyat). «Agar u o‘ng tomon ahlidan bo‘lsa, u holda, senga o‘ng tomon egalaridan salom bo‘lgay (ey saodatmand bandam)!» (Voqye’a surasi, 90 oyat) Inson farzandi uch holatda eng zaif va yordamga muhtoj bo‘ladi. Bandaning dunyo va oxirati uchun eng muhim bo‘lgan ushbu uch holat uning eson-omon tug‘ilishi, iymonli holida vafot etishi hamda qayta tirilib, hisob-kitob qilinishidir. Allohning as-Salom ismi tufayli bu jarayonlar oson va xayrli kechadi. «Unga (YAhyo alayhissalomga) tug‘ilgan kunida ham, o‘ladigan kunida ham, qayta tiriladigan kunida ham salom bo‘lsin» (Maryam surasi, 15 oyat).
Alloh taolo insonni dinda ham salomat qiladi. Dindagi salomat uch maqomda bo‘ladi: shariat maqomi, tariqat maqomi, haqiqat maqomi.
Shariat maqomi – aqlning bid’at xurofot va shubhalardan, buzuq aqiydadan, qalbning havoi nafs va shahvatlardan salomat bo‘lishidir.
Tariqat maqomi – aqlning shahvat va g‘azablar ustidan hukmron bo‘lishi, ularga asir bo‘lmasligidir.
Haqiqat maqomi – faqat Allohgagina yuzlanishdir. Shuning uchun hadisda: «Haqiqiy musulmon – tili va qo‘lidan musulmonlar omonda bo‘lgan kishidir», deyilgan. Ba’zi ulamolar: «Insonning o‘zi nafs havosi va shahvatiga asir bo‘lsa, qanday qilib odamlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lishadi», deyishgan. Mo‘min bandaning ushbu ism bilan bog‘liq qanday majburiyatlari bor? Haqiqiy mo‘minning salomatligi shariatning ko‘rsatmalariga na oshkora, na yashirinchi muxolif bo‘lmaslik, zohiriy va botiniy ayblardan yiroq bo‘lishdir.
Alloh taolo: «Oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar», deb aytgan (An’om surasi, 120 oyat). Kim gunohlardan omonda bo‘lsa, ayblardan yiroq bo‘libdi. Biz as-Salom ismiga ana shunday munosabatda bo‘lishimiz kerak. Ana shunda: «U Kunda Allohning huzuriga salim qalb bilan kelganlardan boshqalarga na mol-davlat, na bola-chaqa foyda bermas» oyati hayotimizda o‘z tasdig‘ini topadi (Shuaro surasi, 88 89 oyat). Salim qalb, toza dil deganda shak-shubha, shirk, nifoq va riyodan xoli bo‘lgan qalb tushuniladi. Demak, qalbi shak-shubhadan, nafsi shahvatdan, aqli gumonlardan omonda bo‘lgan kishining qalbi salim bo‘lar ekan. Bu bandaning as-Salom ismi oldidagi majburiyati edi. Ammo bandaning as-Salom ismi ustida ham haqlari bor ekan. Masalan, bir kishi iymon keltirdi, Allohning koinotdagi mo‘’jizalari ustida fikr yuritdi, Allohning buyruqlarida mustahkam turdi, ilm majlislarida ishtirok etdi, shahvatlari ustidan hukmron bo‘ldi, a’zolarini tiydi: ko‘zini haromga qarashdan to‘sdi, qulog‘ini shahvoniy narsalarni eshitishdan to‘sdi, begona ayollarga aralashmadi, shariatiga muxolif bo‘lmadi, solih amal qildi. Mana shunday amal qilgan odamni sog‘-omonlikda, ya’ni dunyoda ozor beruvchi narsalardan, og‘ir musibatlardan omon saqlab, yaxshiliklarda bardavom qilish Allohning zimmasidagi haqdir.
Alloh taolo barchamizning qalbimizni, jismimizni salomat qilsin, huzuriga salim qalb bilan borishni nasib qilsin!
Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning «Allohning go‘zal ismlari» nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi.