Dinimiz Qurbon hayiti kunida biz musulmonlarga ba’zi vojib va sunnat amallarni qilishni buyuradi. Jumladan, arafa kunining bomdod namozidan boshlab hayitning to‘rtinchi kuni asr namozigacha, ya’ni 23 vaqt namoz mobaynida har bir farz namozdan keyin tashriq takbirini aytish vojib amallardan hisoblanadi. Tashriq takbiri ushbudir:
Allohu akbar! Allohu akbar! La ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillahil hamd!
Ushbu takbirni hoh jamoat bilan, hoh yolg‘iz o‘qilgan har bir farz namozidan keyin aytamiz. Bundan tashqari, yurgan, o‘tirgan paytlarda takbir aytishning zarari yo‘q, balki mustahab amaldir.
Arafa kuni kechasi, ya’ni, hayit kuniga o‘tar kechasini zikru tasbeh va duoyu istig‘for bilan bedor o‘tkazish mustahab.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon va Qurbon hayitlarining kechasini bedor o‘tkazsa, qalblar o‘ladigan (ya’ni, Allohning zikridan g‘ofil bo‘ladigan va qotib qoladigan) kunda uning qalbi o‘lmaydi”, deganlar.
Yana bunday mazmundagi hadisi shariflar ham bor: “Arafani hurmat qiling! Zero, u Alloh qadrlaydigan kundir”; “Arafa kuni ro‘za tutgan kishining ikki yillik – o‘tgan va kelasi yilgi gunohlari kechirilishiga umid qilaman”.
Hayit kunining tongidan g‘usl qilib, xushbo‘y atirlar sepib va eng go‘zal, yangi yoki toza kiyimlarimizni kiyib namozgohga borish, to hayit namozi o‘qilguncha hech narsa yemaslik sunnat amaldir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon hayiti kuni biror narsa yemay namozgohga bormas va Qurbon hayiti kuni toki hayit namozidan qaytgunlaricha hech narsa yemas edilar.
O‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni Alloh taolo husni maqbul aylasin!