Savol: Qurbonlikning terisini sotish joizmi?
Javob: Qurbonlikning terisi uning go‘shti kabi pulga sotilmaydi. Agar sotsa qiymatini faqirlarga sadaqa qilishi vojib bo‘ladi. Lekin puldan boshqa uyda iste’mol qilinadigan narsa evaziga (idish-tovoq kabi yeyilmaydigan doimiy iste’mol qilinadigan) almashtirilsa joiz.
Savol: Bir kishi qurbonlikdan bir ikki hafta oldin qurbonlikka hayvon sotib olsa, yoki uyida boqayotgan hayvonni qurbonlikka niyat qilsa uning sutidan, yungidan foydalanishi joizmi?
Javob: Fatavoyi Hindiya kitobida: “Bir kishi qurbonlikka qo‘y sotib olsa (yoki mol) uning sutidan yoki yungidan foydalanishi makruhi tahrimiydir. Chunki u qurbonlikni qurbat uchun tayin qildi. Qurbonlik kunidan oldin so‘yib olsa go‘shtidan foydalanish joiz bo‘lmaganidek qurbonlikdan oldin suti va yungidan foydalanish joiz emas. Ba’zi mashoixlar foydalanish joiz emasligiga nazr qilingan qurbonlik va kambag‘alning qurbonlikka atab sotib olgan jonlig‘ida joiz emas, deganlar”, deyilgan . Agar suti sog‘ilgan, yungi olingan bo‘lsa ularni faqirlarga sadaqa qilib yuboriladi.
Savol: Bir kishi otasi tarafidan qurbonlik qilib o‘ziga kerakligini olib qolib, qolganini sotib yuborsa bo‘ladimi?
Javob: Qurbonlikning terisini va go‘shtini boyga ham kambag‘alga ham hadya qilishi yoki sadaqa qilishi joiz. Agar qurbonlikning terisi yo go‘shti pul evaziga sotib yuborgan bo‘lsa, uni zakot olishga haqlilarga tarqatadi, o‘zi ishlatishi joiz emas. Roddul muxtor kitobida agar qurbonlik go‘shti yo terisini mustahlak (bug‘doy, asal kabi yeyiladigan narsalarga) yoki pul evaziga sotilsa uni sadaqa qilish vojib deyilgan.
Savol: Qurbonlikning terisi sotilgach uning qiymati qanday sadaqa hisoblanadi?
Uning qiymatini masjid, madrasalarning ta’miriga ishlatish joizmi? Terilarni masjidga keltirib berilsa mutavalli yoki imom uni sotib pulini masjidga ishlatishi joizmi?
Javob: Qurbonlik terisi sotilgach shariat yuzasidan faqir, miskinlarga sadaqa qilinishi vojibga aylanadi. Hidoya kitobida “Teri yoki go‘shtni tillo, kumush yoki turmaydigan mol (un, yog‘ kabi) narsa evaziga sotilsa uni sadaqa qilish vojib bo‘ladi. Chunki qurbat evazga ko‘chdi”, deyilgan. Ushbu iboradan qurbonlik terisi sotilgach uning qiymati zakot kabi sadaqa qilishi vojib bo‘ladi. Shunday ekan uni zakotga haqdor bo‘lgan o‘rinlarga sarf qilinadi. Zakotni faqir, miskinga mulk qilib berish shart bo‘lgani kabi terining qiymatini ham faqir miskinga mulk qilib berish shart. Masjid ta’miriga ishlatiladigan o‘rinda mulk qilib berish topilmaydi. Mabodo terining narxini haqdor bo‘lgan faqir kishiga mulk qilib berilsayu va u o‘z ixtiyori bilan masjidga hadya qilsa joiz.
Manba: fiqh.uz