Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh aytadilar:
Qurbonlik ham ayni shundayki, Alloh ta’olo u uchun yil bo‘yida uch kunni xoslab qo‘ygandir: o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi zulhijja.
Ushbu uch kundan tashqari agar siz qurbonlik qilishni xohlasangiz, u holda Alloh ta’oloning nazdida uning xech qanday qadr-qiymati yo‘qdir. Chunki, qurbonlik biror jonivorni Alloh uchun so‘yishning nomidir. Bir tarafdan siz jonivorni so‘ydingiz va ikkinchi tarafdan qurbonlik sharti ado bo‘ldi. Lekin agar siz bugun qurbonlik qilsangiz, u holda bir emas, yuzta jonivor so‘yib olsangiz ham, u qurbonlik ibodati bo‘lmaydi. Chunki, u zulhijjaning xos kunlaridan tashqari ado qilinishi mumkin bo‘lmagan ibodatdir. Asl savob Alloh ta’oloning hukmi va sunnati nabaviydadir.
Maqsad shuki, birorta ham amal o‘zida hech qanday ahamiyat tutmaydi. Nima ahamiyat bo‘lsa, u Alloh ta’oloning hukmi va Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridadir.
Qachonki, biror kimsa amal bilan birga, Alloh ta’oloning hukmiga bog‘lanib olsa, unda u amal ibodat bo‘ladi va ajr-savobga sabab bo‘ladi. Qachonki, Alloh ta’oloning hukmi undan chetda qolsa, endi, uning hech qanday qadr-qiymati bo‘lmaydi.
Arafot maydoniga Alloh ta’oloning nozil bo‘ladigan rahmatlari va u yerga borib vuquf qiluvchilarga yetadigan ajr-savoblar, aslida, ushbu maydonning changlari, tog‘lari, sahro qumlari va toshlari sababli emas, balki, nima ajr-savob bo‘lsa, u faqat Alloh ta’oloning hukmi sabablidir.
Alloh ta’olo o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi zulhijjada jonliq so‘y dedi va qurbonlik qilish ajr-savobga sabab bo‘ldi.
Endi, bugun bu amal Alloh ta’ologa mahbub bo‘ldi. Shunday mahbub bo‘ldiki, bugungi kunda, ya’ni, nahr kunida qon oqizishdan tashqari biror amal bunchalik mahbub emas. Lekin ayni shu qurbonlikni boshqa oddiy kunlarda qilsalar, u holda uning biror samarasi bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, aytish lozimki, birorta ibodatda ham va birorta amalda ham, aslida o‘zida muqaddaslik yo‘q. Muqaddaslik, qachonki, Alloh ta’oloning hukmi bo‘lsa, o‘shanda bo‘ladi.
Go‘yoki, bu bid’at-xurofot paydo qilish borasida bir saboqdir. Bid’at – siz o‘zingiz paydo qilib ibodat qilib olgan ishning nomidir. Uni na Alloh ta’olo ibodat deb hukm qilgan va na Rosululloh sollallohu alayhi vasallam.
“Falsafaye haj o‘ qurbaniy” kitobidan. 10-11-betlar.
Abdulqayyum Komil tarjimasi