Bosh sahifa » Ilm » Juma xutbasi va tahiyyatul masjid namozi

Juma xutbasi va tahiyyatul masjid namozi

SAVOL. Imom juma mav’izasini qilib turgan paytda nafl namoz o‘qisa bo‘ladimi? Umumay, masjidga kirganda o‘qiladigan nafl namoz haqida ma’lumot bersangiz.

Sodiqov Muxammadsami’, Toshkent.

JAVOB. Masjidga kirganda o‘qiladigan nafl namozni Tahiyyatul masjid (“tahiyyat” salomlashish, so‘rashish ma’nosidadir)- namozi deyiladi. Ushbu ikki rakatli namozni ado etish sunnat. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom:

“Qaysi biringiz masjidga kirsa, ikki rakat nafl namoz o‘qimay o‘tirmasin”, deganlar.

Hanafiy mazhab bo‘yicha, mazkur namoz farz namoz o‘qilmayotgan va namoz o‘qish makruh bo‘lmagan vaqtlarda ado etiladi. Masjidga tez-tez kirib turadigan kishi tahiyyat namozini bir kunda bir marta o‘qisa, kifoya. Kishi masjidga kirib ushbu namozni o‘qimay o‘tirib qolsa ham, uni ado etish zimmasidan soqit bo‘lmaydi, degan mazhablar ham bor. Ular Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam):

“Ey Abu Zarr, har masjidning tahiyyati bor, uning tahiyyati ikki rakat namozdir. O‘rningdan turib uni o‘qib ol”, degan so‘zlarini dalil qiladilar.

Tahiyyat o‘qishga tahoratsizlikdan yoki boshqa sababdan imkoniyat bo‘lmasa, “Subhanalloh, alhamdulillah va la ilaha illallohu vallohu akbar”, deyilishi sunnatdir.

Abu Hurayra (roliyallohu anhu) rivoyat qilgan yuqoridagi hadisni dalil qilib ba’zi olimlar tahiyyat namozini o‘qishni vojib deyishgan. Lekin hanafiy mazhabi ulamolari uning mustahab ekaniga ittifoq qilishgan.

Endi bevosita juma mav’izasi asnosida tahiyyatul masjid yoki boshqa nafl namozlar o‘qish masalasiga keladigan bo‘lsak, bunda ixtilof bor. Sababi fiqhiy kitoblarimizda mazkur vaqtda namoz o‘qishni harom deyilgan. Shuning uchun avvalo xutbaning nima ekaniga aniqlik kiritish lozim. Bizning diyorimizda juma namozidan oldin imom qiladigan mav’iza xutba hisoblanmaydi. Xutba juma namozining farzidan oldin imom o‘rtasini qisqa o‘tirish bilan ajratadigan hamdu sano va tilovatlardan iborat amaldir.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, juma kuni azondan avval qilinadigan mav’iza paytida namoz o‘qish joiz. Ammo uny imomga va namozxonlarga xalaqit bermaydigan o‘rinlarda ado etish maqsadga muvofiq.

Javobni Toshkent shahar “Imomi Termiziy” jome’ masjidi imom-xatibi
Salohiddin MUHIDDIN tayyorladi.

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*