Bosh sahifa » Ilm » Qiroat va tadabbur

Qiroat va tadabbur

Qur’on qiroati qoridan ikki narsani – tajvid va tadabburni talab etadi. Birinchisi har bir Qur’on o‘quvchiga farzi ayn bo‘lsa, ikkinchisi vojibdir.

Dastlab Qur’onni tajvid bilan o‘qish haqida.

Payg‘ambarimiz aytadilarki:

“Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganganlaringiz va o‘rgatganlaringizdir” (Buxoriy rivoyati).

Bu hadisda Kur’onni o‘rganuvchi va o‘rgatuvchilar ummatning eng yaxshilari ekani aytilayotgan bo‘lsa, bir oyati karimada tilovat barcha ibodatning avvalida sanalgan: “Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladigan, namozni qoim qiladigan va Biz ularga rizq kilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq etadigan…” (Fotir, 29)

Har sohada bo‘lgani kabi, Qur’on qiroat kilishning ham qonun-qoidasi bor. Ana shu qonun-qoidalar tajvid ilmida jam qilingan. Tajvidga ko‘ra o‘qish har bir Qur’on o‘quvchiga farzi ayndir.

Qur’on o‘qishning qonun-qoidalari bilan birga talab va odoblari ham bor. Qorining tahoratli bo‘lmog‘i, tilovatdan oldin “a’uzu” va “basmala”ni aytmog‘i, pok joyda pok kiyimlar bilan qiblaga yuzlanib o‘tirmog‘i, o‘qiyotganda o‘zini viqorli, xotirjam, xushu’li va tavozu’li tutmog‘i, chiroyli, tiniq ovozda o‘qimog‘i ana shu talab va odobning ko‘rinishlaridir. Shu o‘rinda aytib o‘tmoq joizki, ayrimlar chiroyli tilovat qilaman deb ovozlarini musiqiy ohangga solib yuborishadi. Aslida, tilovatning chiroyi Qur’onni g‘am bilan o‘qishdir. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Qur’onni chiroyli ovozda o‘qigan odam siz uning qiroatini eshitganingizda uni Allohdan qo‘rqyapti deb o‘ylagan kishingizdir”, deganlar (Ibn Mojja rivoyati).

Parvardigorimizning bizga rahmat, shifo va dasturulamal qilib indirgan kalomining qadriga yetish ana shu nuqtadan — qiroat qoidalariga amal qilishdan, odoblarini o‘rniga qo‘yishdan boshlanadi.

Endi tadabbur – oyatlar ma’nosini anglash, tushunish haqida.

Qur’oni Karim bizga faqat tilovat qilish uchun indirilmagan, balki uni tushunib, tafakkur qilishimiz uchun, qalblarimiz taskin va orom olishi uchun, anglaganlarimizga amal qilib, hayot tarzimizni o‘nglashimiz uchun nozil qilingandir. Bu ishlarning hammasi tadabbur bilan bo‘ladi. Ayrim ulamolar bu borada “Tadabbursiz qiroat qiroat emas”, degan qoidani ham o‘rtaga tashlashgan. Zero, Qur’on lafz va ma’nolari bilan nozil bo‘lgan. Alloh taolo Sod surasining 29-oyatida: “(Ey Muxammad) Ushbu Qur’on odamlar oyatlarini tadabbur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz sizga nozil qilgan muborak Kitobdir”, deydi. Yana bir oyatda mo‘min bandalarini vasf etib: “Ularga Parvardigorlarining oyati eslatilgan vaqtda u (oyatlarga) gung va kar hollarida tashlanmaydilar” (Furqon, 73) deb aytadi.

Quyidagi hadis ham tadabbur va tafakkurning vojibligiga dalolat qiladi. Ato ibn Abu Raboh aytadi: Ubayd ibn Umayr bilan Oyishaning (roziyallohu anho) huzurlariga kirdik. Ibn Umayr: “Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) ko‘rganingiz bir ajoyibroq narsani so‘zlab bering”, dedi. Shunda Oyisha (roziyallohu anhu) yig‘lab yubordi va aytdiki: “U zot bir kechasi turib: “Ey Oyisha, meni xoli qo‘y, Robbimga ibodat qilaman”, dedilar. Men: “Xudo haqqi, men sizning yoningizda bo‘lishni yaxshi ko‘raman, shuningdek, sizni xursand qiladigan narsani ham yaxshi ko‘raman”, dedim. Keyin turib, tahorat oldilar, so‘ng namozga kirishdilar. Yig‘layverdilar, hatto yonoqlari ho‘l bo‘lib ketdi. Yana yig‘layverdilar, hatto yer ho‘l bo‘lib ketdi. Bilol namozga azon aytgani keldi. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) yig‘laganlarini ko‘rib: “Ey Rasululloh, siz ham yig‘laysizmi? Vaholanki, Alloh taolo sizning avvalgiyu oxirgi gunohlaringizni kechirgan-ku!” dedi. Shunda u zot aytdilar: “Shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi? Bu kecha menga shunday oyatlar tushdiki, kim ularni o‘qib, ulardagi narsani tafakkur qilmasa, unga vayl bo‘lsin!” dedilar, so‘ng “Osmonlar va yerning yaralishida…” oyatini oxirigacha o‘qidilar” (Ibn Hibbon rivoyati).

Bu xabarlar salafi solihlarimizning hayotiga qandai ta’sir qilganiga nazar tashlasak, Allohning oyatlariga bizning qay holda tashlanayotganimiz o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘lib qoladi.

Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) qiroatni boshladi degunlaricha yig‘lashga tushardilar, o‘zlarini tutib turolmasdilar.

Umar (roziyallohu anhu) Madinai munavvara ko‘chalarini aylanib yurib, bir qorining “Albatta, Parvardigoringizning azobi voqye’ bo‘lguvchidir. Uning daf’ qilguvchisi yo‘q”, oyatini o‘qiganini eshitib: “Ka’baning Robbiga qasamki, bu haq qasamdir”, deya devorga suyanib qolganlar va bir oy kasal bo‘lib yotganlar.

Mazhabimiz imomi Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) har gal Takosur surasining “Sizlarni (mol-dunyo) to‘plab ko‘paytirish mashg‘ul qildi”, oyatini o‘qiganlarida, o‘sha malomat qilingan odam menman, deb yig‘lar ekanlar…

So‘nggi so‘zimiz shuki, Qur’onning lafzlariga va ma’nolariga e’tibor beraylik. Alloh salafi solihlarimizning yo‘lini bizga ham bersin.

Po‘lat SULTON

“Hidoyat” jurnali, 2000 yil, 1-son

www.ziyouz.com kutubxonasidan foydalanildi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*