Ulug‘ ne’matlarni beruvchi.
Bu sifat faqat Allohga xos bo‘lib, barchaga – mo‘minga ham, kofirga ham mehribon va ne’mat beruvchi ma’nosini anglatadi.
Ar-Rahmon sifatini Alloh taolodan boshqa hech kimga nisbatan ishlatib bo‘lmaydi. «Ar-Rahmon» ismi Qur’oni karimda 45 o‘rinda zikr qilingan bo‘lib, olti o‘rinda «Ar-Rahiym» ismi bilan yonma yon kelgan. Ba’zi ulamolar ushbu ismni «ismi a’zam» deb hisoblashgan. Allohning ismi a’zami har bir mo‘minga taalluqlidir. Masalan, kambag‘al mo‘minga nisbatan ismi a’zamning ma’nosi «behojat qiluvchi», bemor mo‘minga nisbatan «shifo beruvchi», kuchsiz mo‘minga nisbatan «kuch-quvvatli»dir.
Alloh taolo: «Allohga duo qilinglar, Rohmanga duo qilinglar – qaysisiga duo qilsangiz ham, baribir. Uning go‘zal ismlari bordir», degan (Isro surasi, 110 oyat).
Koinotda biz ko‘rib, eshitib, sezib, bilib turgan har bir rahmat «ar-Rahmon» ismining bir bo‘lagidir.
Allohning «ar-Rahmon» va «ar-Rahiym» sifatlari orasidagi quyidagicha farq bor:
Rahmat ikki xil bo‘ladi: umumiy rahmat va mukammal (xos) rahmat.
Umumiy rahmatga haqdor ham, haqdor emaslar ham erishaveradi. Masalan, yomg‘ir yog‘sa, undan barcha odamlar, ya’ni mo‘min ham, kofir ham, munofiq ham, fosiq ham birdek foydalanaveradi. Allohning ar-Rahmon ismi umumiy rahmatni anglatadi.
Ammo xos rahmatdan faqat haqdor kishilar bahramand bo‘ladi. Ushbu xos rahmatda xohish bilan amaliyot jamlangan bo‘ladi. Allohning ar-Rahiym ismi xos rahmatga kiradi.
Masalan, bir kishining beshta farzandi bor. U hamma farzandlarini bir xil ovqat, bir xil kiyim va bir xil yotoq bilan ta’minlagan. Mana shu umumiy rahm qilishga kiradi. Faraz qilaylik, farzandlardan biri otaga alohida ixlos va vafo bilan xizmat qiladi. Ota ham gohida shu farzandiga alohida e’tibor qaratadi. Mana shu xos rahmdir.
Har bir inson, u mo‘minmi, mo‘min emasmi, bu dunyoda yeb ichadi, ahl va farzand ne’matiga musharraf bo‘ladi. Bu umumiy rahm sirasiga kiradi. Ammo Alloh taolo senga tajalliy qilib, qalbingni nurga to‘ldirsa, O‘ziga yaqinlashtirsa, bu xos rahmat sirasiga kiradi. Bunday xos rahmatga faqat haqli bo‘lgan baxtiyor bandalar musharraf bo‘ladi. Umumiy rahmatga esa, yuqorida aytilganidek, barcha odamlar sazovor bo‘laveradi.
Shuning uchun hayotdan huzurlanib, eng lazzatli taomlarni yeb, hashamatli uyda yashab, eng go‘zal ayolga uylanib, katta maoshga ega bo‘lib, ko‘pchilikdan farovonroq yashagan odamni rahmatga loyiq bo‘ldi deyilmaydi, chunki Alloh bu dunyoni yaxshi ko‘rganiga ham, yaxshi ko‘rmaganiga ham beraveradi. Bu umumiy rahmat bo‘lib, unga hamma ham erishaveradi.
Xos rahmat esa, yuqorida aytganimizdek, Allohning inson qalbini munavvar aylashidir. Bu shunday nurki, uni bu dunyoning biror soatiga, biror lahzasiga almashtirib bo‘lmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Mening Robbim bilan birga bo‘ladigan shunday bir soatim borki, u paytda na birorta payg‘ambarning, na biror muqarrab farishtaning menga yaqinligi qolmaydi. Men Robbimning huzurida tunayman, U Zot meni yedirib-ichirib turadi».
Birodar, qilayotgan amallaringga bir nazar sol. Ularning asosi odamlarga rahm qilishmi yoki zarar yetkazishmi? Uning asosi omonlik ulashishmi yoki omonlikni sug‘urib olishmi? Umuman, uning asosi berishmi yoki olishmi?
Bilginki, xos rahmatga sazovor bo‘lish uchun toat ibodat, jiddu jahd, mol dunyoni infoq qilish, zaiflarga ko‘maklashish, yetimlarga rahm qilish, bevalarga yordam berish, qo‘shnilar holidan xabar olish, ilm majlislarida ishtirok qilish, ko‘zni nomahramlardan saqlash, zikr va tilovatga mashg‘ul bo‘lish kerak. Shundagina sen Allohning rahmatiga erishasan, Unga muqarrab bo‘lasan.
Alloh taolo ar-Rahiymdir, ar-Rohmandir. U Zotning ar-Rahiym sifati shundayki, senga sog‘lik, mol-dunyo, maskan va nafs rohatini ato qiladi. Ammo ar-Rohman sifati bilan oxiratingga qaraydi. Qo‘lingdan ushlab, solih amallarga yo‘llaydi, baxtli bo‘lishing uchun abadiy hayotingga tajalliy qiladi.
Bir kishi menga bir narsani gapirib berib, qasam ichdi.
Aytishicha, uning uyi va sal narida bir bog‘i bo‘lgan ekan. U xizmatkorlar yordamida bog‘ni juda chiroyli holatga keltirgan, alvon xil mevalar yetishtirgan. Hashamatli uyida ishchilar, oshpazlarni ham ishlatgan. Uchta mashinasi, xususiy zavodi, kiyim fabrikasi va tijorat do‘konlari bo‘lgan.
Bir kuni men ana shu badavlat kishining shahar ko‘chalarida xor bo‘lib yurganini ko‘rib qoldim. U menga: «Mana shu idishda, mana shu kiyim bichish stolida ovqatlanyapman», deb qoldi.
Uning mol mulki qayerda qoldi deysizmi? Ularning undan qanday tortib olinganiga e’tibor bering:
Bu voqyeada Alloh taoloning ar-Rahmon sifati namoyon bo‘lyaptimi yoki ar-Rahiym sifatimi? Albatta, ar-Rahmon sifati zohir bo‘lmoqda, chunki bu holat o‘sha kishining foydasiga hal bo‘ldi. U boylikka ko‘milib yurgan paytida namoz o‘qimasdi, tinmay ichardi, hatto odamlarga qanday zulm qilganini o‘zi gapirib berardi. Oqibatda Alloh undan bor mol-mulkini tortib oldi.
Alloh Qur’oni karimda: «Albatta, Biz ularga buyuk azobdan oldin yaqin azobni tottiramiz. Shoyadki qaytsalar», degan (Sajda surasi, 21 oyat).
Buning ma’nosi «O‘sha fosiqlarga oxiratning buyuk azobidan oldin bu dunyodagi yaqin azobni tottiramiz. Shoyadki ular bundan saboq olib, kufr va fisqu fujurdan, yomonliklardan qaytsalar» deganidir.
Odamlarga rahm qilsang, Allohning rahmatiga haqli bo‘lasan. Binobarin, Allohning rahmatiga loyiq bo‘lishni xohlasang, U yaratgan bandalarga, maxluqotlarga rahm qilgin. Alloh rahm qiluvchilarga rahm ko‘rsatadi.
Mukammallik sifatlarining aksari ana shu ilohiy rahmatdan paydo bo‘ladi. Rahmat sifatidek qamrovi keng sifat yo‘qdir. Masalan, sen latifsan, chunki rahmdilsan. Sen olijanobsan, chunki rahmlisan. Sen insoflisan, chunki rahmlisan.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda atrofingdan tarqab ketishar edi. Bas, ularni afv et. Ular uchun istig‘for ayt va ishlarda ular bilan mashvarat qil» (Oli Imron surasi, 159 oyat).
Ey Muhammad! Rahmdilligingiz sababli, Bizga bog‘langaningiz sababli muloyim, xush axloqli bo‘ldingiz. Muloyim bo‘lganingizni ko‘rgach, atrofingizga odamlar yig‘ildi. Bizdan uzilgan bo‘lganingizda bag‘ritosh bo‘lib, dag‘al bo‘lardingiz, oqibatda odamlar atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lar edi. Har bir ota, har bir o‘qituvchi, har bir yaxshilikka chaqiruvchi, har bir rahbar ushbu oyatdagi hikmatga g‘oyatda muhtojdir.
Demak, qalbi Allohga bog‘langan insonning qalbi rahmatga to‘ladi. Rahmat esa muloyimlikka olib boradi.
Alloh taolo barchamizga o‘zining ar-Rahmon sifati ila tajalliy qilsin!
Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning “Allohning go‘zal ismlari” nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi.