Bosh sahifa » Allohning go‘zal ismlari » Allohning go‘zal ismlari. Ar-Rahiym

Allohning go‘zal ismlari. Ar-Rahiym

Latif ne’matlar beruvchi.

Bu sifat xosroq bo‘lib, «Qiyomat kuni faqat mo‘minlarga rahm qiluvchi» ma’nosini anglatadi. Bu ism Allohdan o‘zgalarga, jumladan, Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan ham ishlatiladi.

Allohning ar-Rahiym ismi at-Tavvob, al-G‘ofur, ar-Rouf, al-Vadud, al-Aziz sifatlari bilan yonma yon kelgan, chunki ar-Rahiym sifati xos rahmat, ar-Rahmon sifati esa umumiy rahmatdir.

Faraz qilaylik, bir maktabda yangi o‘quv yili boshlandi. O‘qish davomida barcha talabalar umumiy imtiyozga ega bo‘ladilar. Ularning barchasiga bir xil stol-stul beriladi, ularga bir xilda e’tibor qaratiladi. Ammo o‘quv yili oxirida imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlargina taqdirlanadi. Allohning ar-Rahmon ismi barcha xaloyiqni, ya’ni mo‘minni ham, kofirni ham, dahriyni ham, haq yo‘ldagini ham, zalolatga ketganni ham o‘z ichiga olaveradi. Ammo ar-Rahiym ismi faqat Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, Uning amrlarini mukammal bajargan, nima uchun yaratilgan bo‘lsa, o‘sha maqsadda, o‘sha maslakda hayot kechirganlarnigina o‘z ichiga oladi. Alloh taolo dunyodagi barcha xaloyiqqa ar-Rahmondir, oxiratda esa faqat mo‘minlarga ar-Rahiymdir.

Aytib o‘tish joizki, ar-Rahmon ismi bilan ham azob kelishi, zilzila, suv toshqinlari yuz berishi mumkin, chunki musibatlar ar-Rahmon sifatli Zotning gunohlarimizga yarasha ilohiy muolajasidir. Lekin dunyo tugagach, oxirat diyoriga kirganimizda Alloh taolo to‘g‘ri yo‘lda yurgan mo‘min bandalar uchun ar-Rahiym Zotdir.

Xos rahmatga sazovor bo‘lish uchun Allohga va Uning Rasuliga itoat qilish kerak. Zero, Alloh Qur’onda: «Allohga va Uning Rasuliga itoat qilinlar, shoyadki rahm qilinsangiz», degan (Oli Imron surasi, 132 oyat).

Xos rahmatga sazovor bo‘lish uchun hayotning har bir jabhasida husni xulq talab qilinadi. Hatto oldi sotdi qilganda ham chiroyli muomala qilish kerak:

Rasululloh collallohy alayhi vasallam: «Sotganda ham, sotib olganda ham, haq talab qilganda ham bag‘rikeng bo‘lgan kishiga Alloh rahm qilsin!» deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ar-Rahiym ismi ilmiy jihatdan Allohning zotiga dalolat qilsa, vasfiy jihatdan U Zotning rahmat sifatiga dalolat qiladi.

Dunyoda Allohga yaqinlashish uchun ham jannat bor bo‘lib, kim bu jannatga kirmasa, oxiratdagi jannatga ham kira olmaydi.

«Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Uning Payg‘ambariga iymon keltiringlar, U Zot O‘z rahmatidan sizlarga ikki hissa beradi» (Hadid surasi, 28 oyat).

Alloh taolo bandalarga ikki rahmatning kafolatini berdi: ularning biri dunyoda, biri oxiratdadir.

«Robbining huzurida turishdan qo‘rqqanlar uchun ikki jannat bor» (Rohman surasi, 46 oyat).

Kibor ulamolar shunday deyishgan: «Kim dunyodagi jannatga kirmasa, oxiratdagi jannatga ham kira olmaydi. Kim Allohni tanish, U Zotni zikr qilish orqali eng baxtli inson bo‘la olmasa, iymon halovatini tota olmaydi».

Boshqacha qilib aytganda, qalbning tubidan «Men mo‘minman, demak, yer yuzidagi eng baxtli odamman, mendan ko‘ra baxtli odam yo‘q» degan xitob otilib chiqmasa, bu dunyoning jannatini his qilib bo‘lmaydi.

Buning yorqin namunasi Ibrohim Adhamning quyidagi so‘zlaridir. U kishi: «Agar podshohlar bizdagi halovatni totib ko‘rishsa, uni qilich bilan bo‘lsa ham tortib olgan bo‘lishardi», degan ekanlar.

Dushmanlarim menga nima yomonlik qila olishardi? Axir bo‘stonim qalbimda bo‘lsa. Ular meni yiroqlatishsa, uzoqlatishgani men uchun sayohatdir. Hibs qilishsa, men uchun uzlatdir. O‘ldirishsa, men uchun shahodatdir.

Axir Ibrohim alayhissalomni olovga uloqtirishganda ham u zot olovning ichida o‘zlarini jannatda turgandek his qildilar.

Kahf sohiblari ham g‘orda o‘zlarini jannatdagidek his qildilar.

Yunus alayhissalom baliqning qornida o‘zlarini jannatdagidek his qildilar.

Alloh sen bilan ekan, boshqa yana nima kerak!

Mo‘min kishi uchun Allohning ar-Rahiym ismidan ko‘ra yaqinroq ism yo‘q. Masalan, rahmat gohida sog‘lik, gohida ofiyat, gohida fikr sokinligi, gohida soliha xotin, gohida qobil farzand, gohida shuhrat, gohida sukunat, gohida o‘tkir fikrli bo‘lishdir. Shulardan birortasiga putur yetsa, inson zoti toqat qila olmaydigan jahannamga aylanadi.

Alloh sizu bizga rahm aylab, baxtli qilish uchun yaratgan.

«Parvardigoringiz rahm qilgan kishilargina (haq yo‘lda yasharlar). Ularni shuning uchun (ya’ni haq yo‘lda hidoyat topishlari uchun) yaratgan» (Hud surasi, 119 oyat).

Alloh bir bandaga rahm qilsa, o‘sha odam baxt-saodatda, muvaffaqiyatda yashaydi. Alloh bir bandani yaxshi ko‘rsa, unga rahm qiladi va barcha maxluqotlarning qalbiga uning muhabbatini joylab qo‘yadi.

Mo‘min kishi payg‘ambarlarga ergashuvchi bo‘ladi. U hayot yo‘lini nimadir olishga emas, nimadir berish asosiga quradi.

Mo‘min kishi mol-mulki va vaqtini sarflab, farzandlarini tarbiyalaydi, musulmonlarga nisbatan xolis bo‘ladi, ularning xizmatida bo‘ladi. Xo‘sh, u nima uchun bunday qiladi? Chunki Allohning rahmatidan, tuhfasidan umidvor bo‘ladi.

Oddiygina bir misol. Bir podshoh o‘g‘lini o‘qitish uchun bir muallim tayinladi. Muallim o‘n marta dars bergach, diqqinafas bo‘lib, podshohning o‘g‘liga: «Mening haqqimni beringlar», dedi. Bola: «Ustoz, qancha beraylik?» degan edi, muallim: «Har bir dars uchun ming dinordan», dedi. Biroz o‘tib, aytgan puli olib kelinadi. Bechora muallim! Bilmaydiki, agar ozgina sabr qilsa, bolaning otasi unga bir hovli, ulov va oylik maosh tayinlamoqchi bo‘lib yurgan edi. Inson faqat pul uchun harakat qilsa, pul uchun gapirsa, pul uchun maslahat bersa, demak, u Allohni yaxshi tanimas ekan, chunki mo‘minning hayoti olish emas, berish asosiga qurilgan. Zamonaviy til bilan aytganda, mo‘minning hayot strategiyasi berishga asoslangan bo‘ladi.

Shu jihatdan insoniyatni ikki xil toifaga ajratish mumkin bo‘lib, ularning vakili zo‘ravonlar va payg‘ambarlardir. Zo‘ravonlar hech narsa berishmaydi, faqat olishadi. Payg‘ambarlar esa hech narsa olishmaydi, faqat berishadi. Shuning uchun mo‘min odam payg‘ambarlarga ergashib, hayotini berish ustiga quradi. Mo‘min odam atrofidagilarga nimadir bergandagina o‘zini baxtli his qiladi.

Ba’zida bir kishiga yaxshilik qilsang, yoningga kelib: «Xizmati qancha bo‘ladi?» deb qolishadi. Afsuski, bundaylar bu gap bilan sizga qanchalik ozor berganini bilmaydi. Unga: «Men buni Allohning roziligi uchun qildim. Hyech narsa kerak emas» desangiz, tushunishmaydi. Moddaparast odam buni qayerdan ham bilsin? U har bir narsani «hamma narsa pul bilan hal bo‘ladi», degan noqis mezon bilan o‘lchaydi.

«Sizlarni Allohning roziligi uchungina ovqatlantiramiz. Evaziga sizlardan mukofot yoki tashukkur xohlamaymiz» (Inson surasi, 9 oyat).

Mo‘min kishi har doim Allohning rahmatidan umidvor bo‘ladi. Shuning uchun har kuni qunut duosida: «Narjuu rohmatak, va naxshaa ‘azaabak» (Rahmatingdan umidvormiz, azobingdan qo‘rqamiz», deymiz.

Alloh taolo barchamizga o‘zining ar-Rahiym sifati ila tajalliy qilsin!

Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning “Allohning go‘zal ismlari” nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi.

Manba

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*