A’rof surasining 180-oyatida: «Allohning go‘zal ismlari bor, ular bilan duo qilinglar», deyilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taoloning to‘qson to‘qqizta – bir kam yuzta ismi bor. Kim ularni sanasa, jannatga kiradi. Alloh toqdir va toqni yaxshi ko‘rur», dedilar.
Bu hadisni Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan. Imom Termiziy va boshqa muhaddislar hadisning davomida Alloh taoloning ismlarini keltirishgan:
1) Alloh. 2) ar-Rahmon. 3) ar-Rahiym. 4) al-Malik. 5) al-Quddus. 6) as-Salom. 7) al-Mo‘min. 8) al-Muhaymin. 9) al-Aziz. 10) al-Jabbor. 11) al-Mutakabbir. 12) al-Xoliq. 13) al-Bori’. 14) al-Musavvir. 15) al-G‘affor. 16) al-Qahhor. 17) al-Vahhob. 18) ar-Razzoq. 19) al-Fattoh. 20) al-Aliym. 21) al-Qobiz. 22) al-Bosit. 23) al-Xofiz. 24) ar-Rofe’. 25) al-Mu’izz. 26) al-Muzill. 27) as-Samiy’. 28) al-Basiyr. 29) al-Hakam. 30) al-Adl. 31) al-Latiyf. 32) al-Xabiyr. 33) al-Haliym. 34) al-Aziym. 35) al-G‘afur. 36) ash-Shakur. 37) al-Aliy. 38) al-Kabiyr. 39) al-Hafiyz. 40) al-Muqiyt. 41) al-Hasiyb. 42) al-Jaliyl. 43) al-Kariym. 44) ar-Raqiyb. 45) al-Mujiyb. 46) al-Vose’. 47) al-Hakiym. 48) al-Vadud. 49) al-Majiyd. 50) al-Bo’is. 51) ash-Shahiyd. 52) al-Haq. 53) al-Vakiyl. 54) al-Qaviy. 55) al-Matiyn. 56) al-Valiy. 57) al-Hamiyd. 58)al-Muhsiy. 59) al-Mubdi’. 60) al-Mu’iyd. 61) al-Muhyi. 62) al-Mumiyt. 63) al-Hayy. 64) al-Qayyum. 65) al-Vojid. 66) al-Mojid. 67) al-Vohid. 68) as-Somad. 69) al-Qodir. 70) al-Muqtadir. 71) al-Muqaddim. 72) al-Muaxxir. 73) al-Avval. 74) al-Oxir. 75) az-Zohir. 76) al-Botin. 77) al-Voliy. 78) al-Muta’oliy. 79) al-Barr. 80) at-Tavvob. 81) al-Muntaqim. 82) al-Afuvv. 83) ar-Ra`uf. 84) al-Molikul mulk. 85) Zul jaloli val ikrom. 86) al-Muqsit. 87) al-Jome’. 88) al-G‘aniy. 89) al-Mug‘niy. 90) al-Mone’. 91) az-Zorr. 92) an-Nofe’. 93) an-Nur. 94) al-Hodiy. 95) al-Badiy’. 96) al-Boqiy. 97) al-Voris. 98) ar-Rashiyd. 99) as-Sabur.
Alloh taoloning ismlaridan birinchisi:
1. Alloh
Alloh lafzi «alaha» fe’lidan olingan «iloh» masdariga mansub bo‘lib, ma’bud – ibodat qilingan Zot ma’nosini anglatadi. «Iloh» so‘ziga alif va lom harflari kiritilib, «al-ilohu» hosil bo‘lgan. So‘ngra hamza harfining harakati ta’rif «lam» harfiga naql qilinib, bir jinslik ikki harf idg‘om qilingan va «Alloh» lafzi hosil bo‘lgan. «Alloh» lafzi yakkayu yagona haq ma’budga ism bo‘lib qolgan. Bu ism U Zotdan boshqaga ishlatilmagan. Ma’lumki, asmoi husnaning barchasi Allohning sifatlariga dalolat qiladi, ammo birgina Alloh lafzi Uning Zotiga dalolat qiladi va shu tariqa U Zotning barcha ismlarini ifoda qilaveradi. Masalan, «Yo Alloh» desangiz, «Yo Rohim, yo Rohman, yo G‘aniy, yo Qoviy, yo Qodir, yo Latif» degan ma’nolarga dalolat qilaveradi. «Alloh» so‘zi Buyuk Zot uchun ism bo‘lib, Allohning barcha ismlari ana shu Alloh kalimasida jamlangandir.
«Laa ilaaha illalloh» kalimasi tavhid, Islom, iymon va ehson ma’nolarining barchasini o‘zida jamlagan kalimadir. Bu kalima Islomning shioridir. Zero, dinning poydevori ushbu kalimalar ustiga bino qilingandir. Barcha payg‘ambar alayhissalomlarning risolati ham, asmoi husnaning barchasi ham ushbu kalimada jamlangan.
Ushbu kalimada ma’rifat va tavhidga ishora bordir. Ma’lumki, ilmning nihoyasi tavhid, amalning nihoyasi esa taqvodir. Allohni yakka deb bilib, U Zotga taqvo qilsang, barcha ishning tizginini ushlagan bo‘lasan.
Zikrlarning eng afzali ham «Laa ilaaha illalloh» kalimasidir.
Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning “Allohning go‘zal ismlari” nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi.