Al-Odamiy الآدمي
Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Odam al Odamiy ash-Shoshiy Shosh ahlidan. Bobolarining ismlari Odam bo‘lganligi uchun bu kishiga «al-Odamiy» nisbati berilgan. Ilm talabida Iroq va Hijozda bo‘lganlar. Habib ibn Mug‘ira ash-Shoshiy, Homid ibn Dovud ash-Shoshiy, Ubaydulloh ibn Vosil al-Buxoriy, Abu Hotam Muhammad ibn Idris arRoziy va Muhammad ibn Abdulloh al-Muqridan ta’lim olganlar. O‘zlaridan esa Abul Fazl Muhammad ibn Muhammad ash-Shoshiy, Abu Ja’far Muhammad ibn Ali al-G‘azzol va Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad al-Ishtixaniy hadis rivoyat qilganlar.
Al-Usbonikatiy الأسبانيكتي
Usbonikat Movarounnahrdagi shahar bo‘lib, Isfijob yaqinida joylashgan.
Abu Nasr Ahmad ibn Zohir al-Usbonikatiy shu shahardan bo‘lib, adib, fozil, ishonchli muhaddis edilar, qalblari yaxshi amallar qilishga moyil edi. Abdulloh ibn Muhammad al-Buxoriy al-Ustozdan hadis rivoyat qilganlar. O‘zlaridan esa Abu Sa’d al-Idrisiy al-Hofiz hadis rivoyat qilganlar va: «Ahmad al-Usbonikatiy Samarqandda yashar edilar. Hijriy 360 (milodiy 972) yildan keyin Samarqandda vafot etganlar», – deganlar.
Abu Ali Husayn ibn Muhammad al-Faqih al-Usbonikatiy ham shu shahardan bo‘lib, yuqorida nomlari zikr qilingan adibning jiyanlari. Bu kishi faqih, fozil va hisob (matematika) ilmiga mohir edilar. Samarqand olimlaridan ta’lim olib, faqih bo‘lganlar. Keyinchalik o‘z shaharlari Usbonikatga jo‘nab ketganlar. Samarqandga kelib, tijorat bilan ham shug‘ullanar edilar. Hijriy 370 (milodiy 981) yildan keyin Usbonikasda vafot etganlar.
Abul Hasan Sa’id ibn Hotam al-Faqih al-Usbonikatiy Samarqandda yashardilar. Shayx, fozil, taqvodor, parhezkor va faqih edilar. Samarqandda uzoq muddat istiqomat qilganlar. O‘g‘illari Hasan shu yerda tug‘ilgan. Samarqandda Shofe’iy mazhabi faqihi Abul Hasan ar-Rahbiydan ta’lim olganlar. Shayx Abdulloh ibn Muhammad as-Samarqandiydan hadis rivoyat qilganlar. O‘zlaridan esa Abu Sa’d Abdurahmon al-Idrisiy ta’lim olganlar. Hijriy 380 (milodiy 991) yildan oldin turk yurtlariga chiqib ketib, keyinchalik Usbonikatga qaytib kelganlar va shu yerda vafot etganlar.
Zafar ibn Lays al-Usbonikatiy Isfijob shahridan. Faqih va muhaddis edilar. Qozi Muhammad ibn Aslamdan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 320 (milodiy 933) yildan keyin vafot etganlar.
Abu Bakr Muhammad ibn Sufyon al-Usbonikatiy al-Faqih ash-Shofeiy Nasafda ancha muddat hokim bo‘lganlar. Parhezkor, taqvodor, pokiza va fozil hokim edilar. Bu kishi haqlarida Abu Sa’d al-Idrisiy «Tarixi Nasaf» kitoblarida zikr qilib, shunday deganlar: «U kishi fiqh ilmini Abu Bakr Ahmad ibn Hasan al-Forisiydan ta’lim olganlar. Shofe’iy mazhabining yirik faqihlaridan edilar. Shosh muftiysi faqih Abul Hasan Ali ibn Zakariyodan eshitdim. U: «Abu Bakr al-Forisiyning birorta shogirdi undan fiqh va kalom ilmini Abu Bakr al-Usbonikatiyday yaxshi o‘rgangan emas. Agar kishilar devor orqasidan Abu Bakr al-Usbonikatiyning ovozini eshitsalar, Abu Bakr al-Forisiy gapiryapti deb o‘ylar edilar», – degan edi. Hijriy 375 yoki 376 (milodiy 986 yoki 987) yili Sug‘dda vafot etganlar.
Al-Iyloqiy الإيلاقي
Iyloq (Ohangaron vodiysi) – Shoshdan o‘n farsax uzoqlikdagi shahar. Bu yerga kelganlar bundan so‘lim va toza shaharni ko‘rmaganlar. Suv vodiydan kelgan. Uning tog‘larida tilla va kumush bor. Bu yerdan ko‘p olim va imomlar yetishib chiqqanlar. Ularning mashhurlaridan:
Abu Rabi’ Tohir ibn Abdulloh al-Iyloqiy buyuk fiqhshunos edilar. Marvda Abu Bakr Abdulloh ibn Ahmad al-Marvaziy, Nishopurda Abu Tohir Muhammad ibn-Mahmash az-Ziyodiy va Buxoroda olim Abu Abdulloh Husayn ibn Hasan al-Haliymiy qo‘llarida fiqh ilmidan ta’lim olganlar. Shosh ahli bu kishidan fiqh ilmidan ta’lim olgan. Abu Naim Abdulmalik ibn Hasan al-Azhariydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 465 (milodiy 1073) yili 96 yoshda vafot etganlar.
Faqih Abu Abdulloh Muhammad ibn Dovud al-Iyloqiy Iyloq ahlidan. Xurosonda Hasan ibn Mas’uddan, Marvda Ar-Ravzdan, Nishopurda Muhammad ibn YAhyodan fiqh ilmidan ta’lim olganlar. Chiroyli siyratli bu kishi ko‘p xayrli ish qilar, kishilarning hojatlarini chiqarishga doimo moyil edilar. Biz bilan Marvga kelib, mening madrasamda bir necha muddat yashadilar. Men u kishidan hadisdan dars olgandim. Hijriy 539 (milodiy 1145) yilda vafot etganlar va Sinjdonda dafn qilinganlar.
Yana shu qishloqlik Abu Salama Nasr ibn Muhammad ash-Shoshiy as-Sufiy al-Iyloqiy Shoshda turardilar. Fozil, yaxshi xulqli, hoji, muhaddis edilar. Kishilar bu zotdan hadis yozib olardilar. Imom al-Buxoriyning do‘stlari Abdurahmon ibn Muhammad al-Buxoriy va Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 370 (milodiy 981) yilda vafot etganlar.
Al-Boriskatiy البارسكتى
Boriskat – Shosh shaharlaridan.
Abu Ahmad ash-Shoshiy al-Boriskatiy shu shahardan. Abd ibn Humayd al-Keshiydan hadis rivoyat qilganlar. U kishidan Abul Fazl ibn Muhammad ash-Shoshiy hadis rivoyat qilganlar.
Al-Borobiy البارابي
Borob («Forob» deb ham aytiladi) – Sirdaryo ortidagi nohiya.
Abu Zakariyo YAhyo ibn Ahmad al-Adib al-Borobiy Borob ahlidan. Bu kishi nahv ilmi sohibi, arab tili bilimdoni va adib edilar. «Al-Masodiru fil-lug‘a» («Lug‘atdagi o‘zaklar») kitobining tuzuvchisi. Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Ubaydulloh alBuxoriydan hadis rivoyat qilganlar. O‘zlaridan esa Isbijobda Hasan ibn Mansur al-Muqri hadis rivoyat qilganlar.
Al-Biskatiy البسكتي
Biskat (hozirgi Piskent) – Shoshdagi taniqli shahar. Bu shahardan bir guruh ulamo yetishib chiqqan.
Abu Ibrohim Ismoil ibn Ahmad al-Biskatiy ash-Shoshiy faqih edilar. Ilm talabida Marvga kelib, Abu Nasr Ahmad al-Anmotiy al-Marvaziydan ta’lim olganlar. O‘zlaridan esa Abu Turob Ismoil ibn Tohir an-Nasafiy ta’lim olganlar. Hijriy 400 (milodiy 1010) yildan keyin vafot etganlar.
Al-Binkatiy البنكتي
Binkat – Shosh qishloqlaridan (Binkat – Shoshning o‘rta asrlardagi (9–12-asrlar) poytaxti. Toshkentning eski shahar qismidagi binolar tagida qolib ketgan shahar xarobasi deb hisoblanadi (V.V.Bartold, M.Ye.Masson)).
Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiy al-Binkatiy shu qishloqdan. Bu kishi asli termizlik bo‘lib, keyin Binkat qishlog‘ida yashab, shu yerda qolib ketganlar. Shuning uchun shu nisbat berilgan. U kishi adabiyotni Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad alQutabiydan o‘rgangan bo‘lib, eng yaxshi she’rlarni yodlar edilar. «Al-Musnad al-kabir» kitobini jamlaganlar. Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy, Abbos ibn Muhammad adDuvariy, Iso ibn Ahmad al-Asqaloniy kabi Xuroson va Iroq olimlaridan dars olganlar. O‘zlaridan esa Abul Fazl Mansur ibn Nasr al-Kog‘aziy hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 350 (milodiy 962) yilda vafot etganlar.
At-Tunkatiy التنكتي
Tunkat – Shosh shaharlaridan. Sirdaryo ortida joylashgan. Bu shahardan ko‘p ilm ahli yetishib chiqqan.
Abu Lays Nasr ibn Hasan at-Tunkatiy shu qishloqdan. U kishini «Abul Fath» deb ham aytganlar. G‘arb mamlakatlarida bo‘lganlar va Andalusda bir necha muddat yashaganlar. Mashhur tijoratchi ham edilar. U kishi o‘sha yerlik olimlardan dars olardilar va Muslim ibn Hajjojning «Sahih ul-Muslim» kitobidan dars berardilar. O‘zlaridan ko‘p olimlar dars olganlar. Umrlarining oxirigacha Nishopurda yashaganlar. Odamlar suv ichsinlar deb jome’ masjidida quduq qazganlar. Ko‘p xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lganlar. Nasr ibn Hasan ash-Shoshiy aytadilar: «Bir kun kemada dengizda sayr qildim. Dengizning qirg‘og‘iga yetib borganimda, toshdan yasalgan, suvdan ko‘tarilgan, ammo qo‘li egri bir suratga duch keldim. Unda: «Bu yerdan o‘tma, chunki seni chumolilar yeydi», – deb yozilgan edi». U kishi hijriy 406 (milodiy 1016) yilda tug‘ilib, hijriy 486 (milodiy 1094) yilning zulqa’da oyida Nishopurda vafot etganlar va «Hayrat» qabristonida dafn qilinganlar.
Abu Ja’far Halim ibn Umar al-Buxoriy at-Tunkatiy Buxoro ahlidan bo‘lib, Tunkat qishlog‘ida yashaganlar. Imom al-Buxoriydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 313 (milodiy 926) yilda vafot etganlar.
Al-Xarashkatiy الخرشكتي
Xarashkat – Shosh shaharlaridan. Bu shahardan ko‘p olim chiqqan.
Bulardan Abu Sa’id Sa’d ibn Abdurahmon al-Xarashkatiy Yusuf ibn Ya’qub al-Qozi, Muhammad ibn Abdulloh al-Hazramiydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 340 (milodiy 952) yilda vafot etganlar.
Al-Xumrakiy الخمركي
Xumrak – Shosh shaharlaridan.
Abu Rajo Muammil ibn Masrur ash-Shoshiy al-Xumrakiy shu shahardan. Bu kishi bobom Abul Muzaffar as-Sam’oniydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 516 (milodiy 1123) yili Marvda vafot etganlar. «Nahru roziq» qabristonida dafn qilinganlar.
Ad-Dizaqiy الدزقي
Dizaq (hozirgi Jizzax) – Samarqanddan Shoshga ketish yo‘li yuqorisidagi katta qishloq. Bu qishloq Dizaq yoki Sobot deb ham aytiladi. Bu qishloqdan ko‘p olim chiqqan.
Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ad-Dizaqiy shular jumlasidandir. Bu kishi «Ibn Abu Shuayb» nomi bilan mashhur bo‘lganlar. Ali ibn Xushrum al-Mobarsomiy va Abdulmajid ad-Dizaqiydan ta’lim olganlar.
Az-Zaxkatiy الذخكتي
Zaxkat Shosh shahrining ortida Sirdaryo yaqinida joylashgan.
Abu Nasr Ahmad ibn Usmon az-Zaxkatiy shu shaharning imomlaridan edilar. Keyinchalik Samarqandda yashab, u yerda Abu Nasr Muhammad ibn Ali al-Bag‘dodiydan hadis ilmidan ta’lim olganlar. Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy bu kishidan hadis rivoyat qilganlar. Samarqandda hijriy 506 (milodiy 1113) yilda vafot etganlar.
Ash-Shoshiy الشاشي
Shosh (Toshkent) – Sayhun (Sirdaryo) ortidagi shahar. Bu shahardan ko‘p musulmon imom yetishib chiqqan.
Abu Muhammad Ja’far ibn Shuayb ash-Shoshiy hijriy 287 (milodiy 901) yili Nishopurda Abu Ahmad Muhammad ibn Yusuf at-Tamomiy va Abu Rabi’ Xolid ibn Yusuf as-Samtiy, Ya’qub ibn Humayd, Iso ibn Hammod va Abu Tohir Ahmad ibn Amr as-Sarhdan hadis ilmidan ta’lim olganlar. O‘zlaridan esa Abu Abdulloh Muhammad ibn Ya’qub al-Hofiz va Abu Bakr Ahmad ibn Ali ar-Roziy al-Hofiz hadis rivoyat qilganlar. Bir kuni bir kishi Abu Muhammad Ja’far ash-Shoshiydan: «As-saf’u horrun av-boridun?» (Yuzga shapaloq urish issiqmi yoki sovuqmi?) – deb so‘rabdi. U kishi: «Mo doma fil kaffi fahuva boridun va izo vaqa’a alal vajhi fahuva horrun» (Modomiki kaftingda bo‘lsa, u sovuqdir. Agar yuzga tegsa, unda issiq»), – deb javob beribdilar.
Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiy al-Adib adib edilar. Asli marvlik bo‘lib, Buxoroga kelganlar. Hijriy 234 (milodiy 849) yili Buxoroda Iso ibn Ahmad al-Asqaloniy, Ishoq ibn Ibrohim at-Termiziy, Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy va Abbos ibn Muhammad ad-Duvariydan hadis ilmidan ta’lim olganlar. «Musnad» kitobining muallifi. Iroq ulamolaridan ham ta’lim olganlar. O‘zlaridan Abul Fazl Mansur ibn Nasr al-Kog‘aziy hadis rivoyat qilganlar. Buxorodan Shoshga kelib, hijriy 335 (milodiy 947) yilda Shoshda vafot etganlar.
Abdulloh ibn Abu Avona ash-Shoshiy ham Shosh ahlidan bo‘lib, Imom al-Buxoriy va Ja’far ibn Muhammad al-Faryobiy shu kishidan ta’lim olganlar.
Jiyanlari Abu Ali Fazl ibn Abbos ash-Shoshiy ilm olish maqsadida Marv va Iroqda bo‘lib, Ali ibn Hajar va Ahmad ibn Hanbaldan ta’lim olganlar. O‘zlaridan esa Shosh ahli ta’lim olgan. Hijriy 286 (milodiy 900) yilda vafot etganlar.
Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali al-Qaffol ash-Shoshiy ham Shosh ahlidan bo‘lib, «Ahadu aimmat ud-dunyo fit-tafsir val-hadis val-fiqh val-lug‘a» (tafsir, hadis, fiqh va tilshunoslikda dunyo imomlarining biri) edilar. Hijriy 291 (milodiy 905) yilda tavallud topib, hijriy 366 (milodiy 977) yilda vafot etganlar. Bu kishi haqidagi ma’lumotni «qof» harfida ham zikr qildim.
Abu Muso Horun ibn Humayd ash-Shoshiy zabardast faqih edilar. Abul Valid at-Tayolisiy va Sulaymon ibn Harbdan hadis rivoyat qilganlar. Shosh ahli u kishidan ta’lim olgan. Abu Hotam ibn Hibbon aytadilar: «U faqih ul-badan (jismu joni faqih) edi». «Faqih al-badan»ning ma’nosi: «Annash shaxsa tamkunu fil-fiqhi hatta ixtalata bilahmihi va damihi va sora sajiyyatan fiyhi» (Bir kishi fiqhni qalbiga shunday jo qiladi. Hatto shunday bo‘ladiki, fiqh uning jonu dili bo‘lib qoladi). Abu Muso Horun ash-Shoshiy hijriy 266 (milodiy 880) yilda vafot etganlar.
Abu Hafs Umar ibn Muhammad ash-Sheroziy ham faqih ul-badan maqomiga ega bo‘lganlar. Bu kishi haqlarida aytilgan ekan: «Lav fasada Umaru lajaro minh al-fiqhu makona ad-dami» (Agar Umarning qon tomiri ochilsa, tomiridan qon o‘rniga fiqh ilmi oqadi) «Mu’jam al-buldon».
Abu Ali Hasan ibn Sohib ash-Shoshiy ko‘p hadislar biluvchi ishonchli muhaddis edilar. Ilm talabida Xuroson, Jibol, Iroq, Hijoz, Kur al-Ahvoz, Jazira va Shoshda bo‘lib, hadislar yozib olganlar. Ali ibn Xushrum, Ishoq ibn Mansur, Hasan ibn Muhammad as-Sabboh, Amr ibn Abdulloh al-Udiy, Abu Zur’a ar-Roziy, Muhammad ibn Abdulloh al-Muqri va Yunus ibn Abdula’lodan hadis ilmidan ta’lim olganlar. Hijriy 314 (milodiy 927) yili Shoshda vafot etganlar.
Ash-Shovkatiy الشاوكتي
Shovkat – Shosh shaharlaridan.
Imom-xatib Abul Qosim Abdulvohid ibn Abdurahmon ash-Shovkatiy Samarqand ahlidan bo‘lib, Shovkatda yashaganlar. «Hakim ash-Shovkatiy» nomi bilan mashhur edilar. Abu Bakr Muhammad ibn Umar ibn Abdulaziz al-Buxoriy bu kishidan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 494 (milodiy 1102) yilning jumodul oxir oyida 87 yoshdan o‘tib vafot etganlar.
Ash-Shaxoxiy الشخاخي
Shaxox – Shosh qishloqlaridan.
Abu Muhammad Abdurahmon ibn Muhammad al-Buxoriy ash-Shaxoxiy Shoshning Shaxox qishlog‘ida yashar edilar. Imom al-Buxoriydan, Ujayf ibn Odam va Ubaydulloh ibn Vosildan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 323 (milodiy 936) yil rabi’ul oxir oyida Shoshda vafot etganlar.
Al-G‘annojiy الغناجي
G‘annoj – Shosh chetidagi shahar.
Shosh Movarounnahr shaharlaridan bo‘lib, Samarqandning sharqi-shimolida joylashgan.
Abu Nasr Muhammad ibn Ahmad al-Jurjoniy al-G‘annojiy asli Jurjondan bo‘lib, Shoshning G‘annoj shahrida yashaganlar. Shuning uchun «al-G‘annojiy» deb tanilganlar. Bu kishi haqlarida Hamza ibn Yusuf as-Sahmiy al-Hofiz «Tarixi Jurjon» kitoblarida zikr qilganlar. Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbaldan hadis rivoyat qilganlar.
Al-Forobiy الفارابي
Forob (hozirgi kunda O‘tror deb nomlanadi. U Xazar dengizining sharqiy tomonida (Abdulloh Umar al-Borudiy)) – Shosh yuqorisidagi Bolosog‘un (Sirdaryo ortidagi katta shahar bo‘lib, Koshg‘ar yo‘lida joylashgan)ga yaqin shahar. Forob ahli imom Shofeiy mazhabida edi.
Abu Ibrohim Ishoq ibn Ibrohim al-Forobiy bu nisbat bilan mashhurdirlar. «Devon ul-adab» kitobining muallifi. Bu kishi tilshunos bo‘lib, tasnif etgan kitoblari dunyoda mashhurdir.
Al-Qaffol القفال
Qaffol arabcha so‘z bo‘lib, qulf yasovchi degan ma’noni anglatadi.
Abu Bakr Muhammad ibn Ali al-Qaffol Shosh ahlidan bo‘lib, «al-Qaffol al-kabir» deb aytilardilar. O‘z asrining imomi, tilshunosi, usulshunosi, muhaddisi va shoiri edilar. Umrlarini ilm o‘rganish va olgan bilimlarini yoyishga sarflaganlar. Nomlari Sharqu G‘arbda ma’lum va mashhur bo‘lib, sanadi hasan bo‘lgan hadislarni tasnif qilganlar. Jumladan, «Daloil un-nubuvva» («Payg‘ambarlik dalillari») va «Mahosin ush-shariat» («Shariat chiroyi») kitoblarini ta’lif etganlar. Ilm talabida Xuroson, Iroq, Hijoz va Shomda bo‘lganlar. Abul Abbos Muhammad ibn Ishoq as-Sarroj, Abul Qosim Abdulloh ibn Muhammad al-Bag‘aviy, Abu Aruba Husayn ibn Abu Ma’shar as-Sulamiy va Abul Jahm Ahmad ibn Husayn al-Mashg‘aroiydan ta’lim olganlar. Bu kishidan esa Abu Abdulloh alHofiz al-Hokim, Abu Abdulloh ibn Manda al-Hofiz, Abu Abdulloh al-G‘unjor al-Hofiz, Abu Abdurahmon as-Sulamiy va Abu Sa’d al-Idrisiy hadis rivoyat qilganlar. Al-Qaffol ash-Shoshiy haqlarida aytilgan ekan:
هذا أبو بكر الفقيه القفال
يفتح بالفقه صعاب الأقفال
Haza Abu Bakr al-Faqih al-Qaffol
Yaftahu bil fiqhi siob al-aqfol
Ya’ni:
Bu kishi faqih Abu Bakr Qaffol
Fiqhiy jumboqlarni yechardi darhol.
Bu zot hijriy 291 (milodiy 905) yilning barot kechasida tavallud topib, hijriy 366 (milodiy 977) yilning zulhijja oyida Shoshda vafot etganlar.
At-Tarsusiy الطرسوسي
Abul Hasan Ali ibn Abdulloh at-Tarsusiy Shoshning Tarsus shahridan bo‘lib, Buxoroda yashaganlar. Ja’far ibn Muhammad al-Xuldiydan hadis rivoyat qilganlar. O‘zlaridan esa Abu Abdurahmon as-Sulamiy, Abu Abdulloh al-G‘unjor al-Hofiz hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 382 (milodiy 993) yili Buxoroda vafot etganlar.
Al-Kosoniy الكاساني
Koson – Shosh ortidagi shahar. Bu shaharda katta qal’a bor.
Abu Nasr Ahmad ibn Sulaymon al-Kosoniy shu shahardan. Shams ul-malikning (podshohlar quyoshining) akasi xoqon Abu Shujo Xizr ibn Ibrohim zamonlarida qozi ulquzzot (qozilarning qozisi) edilar. Samarqandda hadis ilmidan ta’lim olganlar. O‘zlaridan esa Samarqand imom-xatibi Abul Maoliy Muhammad ibn Nasr al-Madiniy hadis rivoyat qilganlar. Xoqon Ahmad ibn Xizr zamonlarida vazir lavozimida ishlaganlar. Hijriy 488 (milodiy 1096) yilda Ahmadxon zamonlarida shahid bo‘lganlar.
Bakr ibn Sulaymon al-Kosoniy ham shu shahardan. Samarqandga kelib, bu yerning faqih olimlaridan ta’lim olganlar. Keyin Kosonga qaytib borganlar. Abu Ishoq Ibrohim ibn Ishoq al-Vog‘iriydan ta’lim olganlar. Bu kishidan Abu Hafs Umar ibn Muhammad anNasafiy hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 513 (milodiy 1120) yili Kosonda vafot etganlar.
Abul Jud Ato ibn Ahmad al-Xolidiy al-Kosoniy ham shu shahardan bo‘lib, qozi va imom edilar. Xolid ibn Valid avlodlaridan. Samarqandda uzoq muddat yashab, keyin Kosonga qaytib borganlar. O‘sha yerda shahid bo‘lganlar.
An-Naqqoz النقاض
Naqqoz arabcha so‘z bo‘lib, tugunlarni ochuvchi degan ma’noni anglatadi.
Abu Shurayh Ismoil ibn Ahmad an-Naqqoz ash-Shoshiy Shosh ahlidan bo‘lib, bu nisbat bilan tanilganlar. Shayx, olim, zohid, fozil, ishonchli, to‘g‘ri so‘z va mashhur muhaddis ham edilar. Xurosonga kelib, u yerdagi olimlardan ta’lim olganlar. Hijriy 470 (milodiy 1078) yildan oldin vafot etganlar.
Abdulkarim as-Sam’oniy
NASABNOMA (al-Ansob)
(VIII–XII asrda yashagan o‘zbekistonlik olimlar haqida ma’lumot)
Toshkent – 2017
www.madrasa.uz