Bismillahir rohmanir rohim.
Islom yaxshilik dinidir. U doimo kishilarni yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytaradi. Kishilarni insoniylikka chaqirib, razolatni rad etadi. Odob-axloq, ruhiy-ma’naviy poklik va ravnaqqa chorlaydi. Shuningdek, halol ishlashga, hayotni go‘zal o‘tkazishga undaydi.
Tarixdan ma’lumki, to‘ylar va marosimlar haqida turli davrlarda har xil gaplar aytilgan. Chunki har bir davrning o‘z toshu tarozisi bor. Istiqlol degan totli ne’matga erishgan hozirgi davrimizda bunday marosimlarni tartibli, ixcham va isrofsiz o‘tkazish, milliy qadriyatlarimizga rioya etish hammamizning burchimizdir. Ma’lumki, roppa-rosa bir yil ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining to‘y-hasham va oilaviy tantanalarni, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikning oldini olishga doir Farmoni e’lon qilingan edi. Bugungi holatga nazar tashlasak, bu borada ancha-muncha ijobiy natijalar sezilmoqda. Joylarda to‘y va boshqa marosimlarimiz xiyla ixchamlashib qoldi. Imomlarimiz, mahalla faollari, oqsoqollari, to‘y va marosimlarni o‘tkazish hay’ati a’zolari har bir oilaning iqtisodiy holi-qudratini inobatga olgan holda tavsiyalar berishmokda.
Yaratganga shukrkim, xalqimiz bolajon, serfarzand xalqlardan. Bu degani serto‘y millatmiz. Shu bois yurtimizning har bir go‘shasida kunda ko‘plab to‘y-ma’raka va xayrli tadbirlar o‘tadi. Alloh taolo diyorimizdan qut-barakani ko‘tarmasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining «To‘y, marosim va ma’rakalarni me’yorida o‘tkazish haqida»gi Fatvosida ta’kidlanishicha, katta-katta xarajatlar evaziga amalga oshiriladigan ma’rakalar o‘rniga, marhumlar ruhini shod etish uchun muhtoj va nochor oilalarga, yetimxona va mehribonlik uylariga yoki obodonchilik ishlariga yordam ko‘rsatish afzaldir. Ayniqsa, ayollar ishtirokida o‘tkaziladigan turli to‘yoldi va to‘ydan keyingi dabdabali tadbirlarning zararli tomonlarini qisqartirib, ixcham tarzda o‘tkazish lozimligi masalalari ham mazkur fatvoda alohida ta’kidlangan.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Kimki uylansa, diyonatining yarmini mustahkamlagan bo‘ladi va qolgan yarmini o‘zi ehtiyot qilsin”, deganlar. Yaratganga shukrkim, xalqimiz zamonlar o‘ta mana shu o‘gitga amal qilib, farzandlarini vaqtida uylantirish yoki turmushga berishdek shariat ko‘rsatmasiga binoan hayot kechirib kelmoqda. Ammo shu to‘y-ma’rakalarimizni isrofgarchiliksiz o‘tkazsak, maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Isrofgarlar shaytonning birodaridirlar», deb ogohlantiradi.
Xayr-ehsonlar qilish mustahab amal, uni shariat ta’limotlariga muvofiq holda o‘tkazish kerak. Aks xolda, savobdan mahrum bo‘linadi. Ammo oila ahllariga nafaqa farz amallardan hisoblanadi. Binobarin, to‘y qilaman deb oilaning rizqini qiyish ayni xatodir. Bordiyu, men yurt oshini yeganman, mahallaga osh bermaslikka nomus qilaman, deb boshqalardan qarz olib yoki olmasdan ham ehson qiladigan bo‘lsa, bu ishi ayni gunohdir.
Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Musibat yetgan xonadon ahliga ta’ziya bildirish va ba’zi marosimlar odobi haqida” ham bir muncha muddat avvalroq fatvo chiqargan edi. Unda ta’kidlanishicha, musibatxonalarda payshanbalik va yakshanbalik nomi bilan qilinayotgan marosimlar hech bir diniy kitoblarimizda buyurilmagan. Musibat yetgan xonadonda muayyan kunga bog‘lamasdan hamda oila iqtisodiga zarar yetkazmaydigan holatda biror marta ehson tarzida marosim qilib o‘tkazilsa, kifoya bo‘ladi … Shuningdek, farzandlarimizning aqdi nikoh to‘ylarini va aqiqa kabi marosimlarni ham nihoyatda tejamkorlik bilan o‘tkazish shariatimiz ruhiga juda muvofiq kelishi aytilgan.
Shariatimiz musulmonlarga hargiz og‘irlikni ravo ko‘rmaydi. Qur’oni Karimda ham aytilgan: “Alloh taolo sizlar uchun bu dinda hargiz qiyinchilik yaratmadi” va yana: “Alloh taolo hech bir bandaga qo‘lidan kelmaydigan ishlarni buyurmaydi”. Bu kabi oyatlar musulmonlarning marosim qilishlari uchun aytilgan ilohiy bir qonundir.
Isrofgarchilik, dabdababozlik va shuhratparastlik haqida muborak kitobimiz Qur’oni Karimda aniq-ravshan qilib yana bunday yozib qo‘yilgan: “Agar shukr qilsangizlar, (ato etgan ne’matlarimni yanada) ziyoda qilurman. Bordiyu noshukrlik qilsangizlar, azobim juda qattiqdir”.
Yana bir oyati karimada: «Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar! Alloq taolo isrofgarlarni sevmas”, deyilgan.
Bu borada Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bir muborak hadislarida shunday marhamat qilganlar: “Ey ummatlarim, yenglar, ichinglar, sadaqa-ehson qilinglar, lekin ularga isrof va takabburlik aralashmasin”.
Biz o‘zimizni Allohning bandalari va Muhammad alayhissalomning ummatlari deb bilsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan holda hayotimizda isrofning barcha turiga chek qo‘yishimiz lozim.
Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadislarida: „Xoh boylikda, xoh faqirlikda, xoh ibodatda bo‘lsin, o‘rtahol bo‘lish qanday ham chiroyli”; “Tadbirkorlik tirikchilikning yarim ilmiga tengdir”, deganlar.
Tadbir – aql-idrok, bilim va tajribaga suyangan holda to‘g‘ri, oqilona ish yuritish, demakdir. Inson tadbir ila o‘zi, oilasi va qarindoshlarining, hatto jamiyatining kelgusi hayotiy rejalarini puxta belgilashi mumkin. Iqtisodiy sohada esa, tadbir behuda isrofdan saqlanish , sarf-xarajatlarni kamaytirib, tejamkorlik qoidalariga rioya etishdir.
Kezi kelganda shu narsani aytib o‘tish joizki, to‘y bahonasi bilan qudalar o‘rtasida ayirboshlanadigan qo‘sha-qo‘sha tog‘oralar, sarupo-surug‘lar ham millatning moddiy va ma’naviy qashshoqlanishiga sabab bo‘lmoqda. Kimo‘zarga qilinadigan qator-qator mashinalardan yosh kelin-kuyovlarga biron-bir ma’naviy naf bormi? Bo‘lsa ham, ular g‘urur va tug‘yonga olib boradi, xolos. Bularning o‘rniga, muhtaram musulmonlar, o‘sha mablag‘larni farzandlarimizning ilm olishlariga va ro‘zg‘orga zarur buyumlarga sarf etaylik.
Hoji Abdurazzoq YUNUS
“Hidoyat” jurnali, 1999 yil, 2-son
www.ziyouz.com kutubxonasidan foydalanildi