Bosh sahifa » Mav'izalar » Bu dunyo imtihondir

Bu dunyo imtihondir

Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

«Alloh subhanahu va taolo jannatni va do‘zaxni yaratdi. So‘ng Jabroilni chaqirib, «Ey Jabroil! Jannatga borib, uning ahliga tayyorlab qo‘ygan ne’matlarimga bir qara», dedi. Hazrati Jabroil borib, ko‘rib keldi, «Ey Robbim! Jannatni borib ko‘rdim», dedi. «Qanday ekan?» dedi Alloh taolo. «Jannatni eshitgan odam u yerga kirmay qolmaydi», dedi Jabroil. Shunda Alloh taolo «Borib, yana bir marta ko‘rib kel», deb buyurdi. Jannatga amr qildi, u makorihlar, qiyinchiliklar, nafsga og‘ir keladigan narsalar bilan o‘ralib oldi. Jabroil borib, ko‘rib keldilar, «Jannat qanday ekan?» dedi Alloh taolo. «Ey Robbim! Jannatga biron kishi tusha olmaydi deb qo‘rqaman», dedi Jabroil. Alloh taolo: «Endi do‘zaxni ko‘rib kel», deb buyurdi. Jabroil borib, ko‘rib keldi. «Qanday ekan?» dedi Alloh taolo. «Parvardigorim, do‘zaxni eshitgan odam borki, unga tushmaydi», dedi. Alloh taolo «Yana bir marta ko‘rib kel» dedi va do‘zaxga «Sen lazzatlar bilan, maishat bilan, ko‘ngilxushlik bilan, mol-dunyo bilan o‘ralib olgin», deb amr qildi. Jabroil borib, qaytib keldi. «Qanday ekan?» dedi Alloh taolo. «Ey Robbim! Do‘zaxga kirmagan odam qolmaydi deb qo‘rqaman, chunki u butkul lazzat bilan o‘ralgan», dedi Jabroil».

Ha, azizlar, bu dunyo imtihondir. Jannat qiyinchiliklar bilan o‘ralgan. Agar biz qiyinchilikni, mashaqqatni yomon ko‘rsak, jannatni ham yomon ko‘rib qolamiz. Do‘zax esa lazzatlar, hoyu-havas, zeb-ziynat bilan o‘ralgan. Agar biz lazzatlarni yaxshi ko‘rsak, do‘zaxni yaxshi ko‘rib qolamiz. Hazrati YAhyo ibn Muoz quddisa sirruhu aytadilar: «Aslida bu narsalar imtihon edi. Inson nima uchun harakat qiladi, oxiri nimaga erishadi, mana shu imtihon yo‘lidagi asosiy narsadir».

Rizqimizning halolligiga qanoat qilmog‘imiz, rizqni halol, pokiza topib yeyishimiz farzdir. Biz buning farqiga borishimiz kerak. Rizq – bu beriladigan ne’matdir. Ne’mat ehtiyojni qondirish uchun beriladi. Ehtiyojni esa halol yo‘l bilan ham, harom yo‘l bilan ham qondirish mumkin. Ochlikni, tashnalikni, shahvatni halol yo‘l bilan ham, harom yo‘l bilan ham qondirish mumkin. Biroq Alloh taolo uni faqat halol yo‘l bilan qondirishni buyurgan va buning barcha imkoniyatlarni muhayyo qilib qo‘ygan. Shuning uchun banda ehtiyojini harom yo‘l bilan qondirsa, Alloh taolo rozi bo‘lmaydi, aksincha, unga itob bo‘ladi, azob bo‘ladi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*