Donishmand xalqimizning hikmati o‘laroq bugungi kun xotira va qadrlash kuni deb atalgan. Zero, vafot etib ketganlarni xotirlash, haqlariga duo qilish ular olamdan o‘tib ketgandan keyingi yagona ilojimiz, yagona imkoniyatimizdir. Vafot etganlarga bundan boshqa yaxshilik qilish imkonimiz yo‘q. Biroq, aynan o‘tganlarni yodlash asnosida yana bir muhim ish – insonni tirikligida, ko‘zi ochiqligida qadrlash, e’zozlashdir.
Do‘stlar, yaxshilarni avaylab saqlang,
Salom degan so‘zning salmog‘in oqlang.
O‘lganda yuz soat yig‘lab turgandan,
Uni tirigida bir soat yo‘qlang, deb bejiz aytilmagan.
Amr ibn Shuayb otasidan, u kishi bobosi roziyallohu anhumdan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimizni qadrlamagan bizdan emas», dedilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bizdan emas deyishlari juda og‘ir so‘zdir. Bu musulmon emas, mening ummatim emas deganlaridir. Nima uchun yoshi kattalarni qadrlash, yoshlarga rahm qilish naqadar yuksak maqomga, Islom bilan teng darajaga qo‘yilmoqda? Chunki agar bu narsa yo‘qolsa, yoshlarning izzati, keksalarning hurmati yo‘qolsa, insonning qadri yo‘qoladi, hayot barbod bo‘ladi. Zotan, insonni ulug‘lash, e’zozlash, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilishdir dinimizning maqsadlaridan biridir.
Qur’oni Karimda avval o‘tgan qavmlarning tarixlari keltirilishi bejizga emas. Necha-necha qavmlar yer bilan yakson qilingan, yo‘qotib yuborilgan, chunki ularda odamgarchilik oradan ko‘tarilib ketgan, bu qavmlar insoniy qiyofasini yo‘qotgan edi. Inson dindan g‘ofil qolsa, o‘zligini yo‘qotadi. Shuning uchun jamiyatga olimlar, ahli ilmlar kerak. YUqorida aytib o‘tilgan dushmanlar olimlarni, ahli ilmlarni nima uchun yo‘qotishdi? Chunki ulamolar, ahli ilmlar bor ekan, ma’naviyat saqlanib turadi, din musaffoligi saqlanib turadi, odamgarchilik, insongarchilik yo‘qolmaydi. Fozillar yo‘qotilsa, olomonni qo‘rqitish, bo‘ysundirish, qul qilish oson bo‘ladi, ma’naviyatdan uzilgan odamlar to‘ppa-to‘g‘ri zalolatga yugurib ketaveradi. Inson bir-birini hurmat qilmay qo‘yadi, bir-biriga ishonmay, yordam bermay qo‘yadi, holidan xabar olmay qo‘yadi. Insonlik qiyofasi hayvonlik nusxasiga o‘tib ketaveradi. Shuning uchun Alloh taolo ularga haqli jazo yuborib, barchasini halok qiladi.
Imom Abu Dovud Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytilganidek, soch-soqoli oqargan keksa musulmonni hurmat qilish Allohni hurmat qilishdir.
Xuddi shuningdek, Qur’on yodlagan odam, agar u bu borada g‘uluvga ketmagan bo‘lsa, unga jafo qilmagan bo‘lsa, xolis qori bo‘lsa, uni hurmat qilish ham Allohni hurmat qilish bilan barobardir. Xuddi shuningdek, adolatli sultonni, odil podshohni, rahbarni hurmat qilish ham Allohni hurmat qilish bilan barobar o‘ringa qo‘yiladi.
Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning juda muhim, ayniqsa bugungi kunga nihoyatda kerak bo‘lgan bir so‘zlari bor: «Alloh taolo Qur’on bilan hal bo‘lmagan ishlarni sulton bilan hal qiladi». Podshoh, odil rahbar shuning uchun kerak. Masalan, Qur’on o‘g‘rilik qilma deyapti, ammo odamlar o‘g‘rilik qilyapti, shunday paytda sulton o‘g‘rilik qilganlarga jazo beradi, shariy hukmni qo‘llaydi, natijada odamlar bu gunohdan, birovning haqidan tiyiladi.
Shuning uchun rahbarni duo qilish e’tiqod darajasiga ko‘tarilgan. Ba’zilarda shunday noto‘g‘ri tushunchalar ham bor ekanki, go‘yo imomlar yoki voizlar rahbarlarni duo qilsa, ularga nisbatan yomon muomala ko‘rsatishar ekan. Vaholanki, eng duoga loyiq zot rahbarlar bo‘ladi, xalq rahbarlarni duo bilan qo‘llasa, ular xalq xizmatida bo‘lishadi, xalq manfaati yo‘lida xizmat qilishadi.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi