Ashraf Aliy Tahonaviy rahimahulloh aytdilar: “Ba’zi odamlar zaruriyyat sababidan, ya’ni o‘zining zaruriy hojatlarini bitirish uchun pul topishga harakat qiladi. Zarurati bitgach esa umr bo‘yi ham pulning yuzini ko‘rishni istamaydi. Ba’zilarning esa pulning o‘ziga taalluqi (aloqasi, muhabbati) bo‘ladi. Bu juda yomon kasallikdir. Bunday odam “Mening mana shuncha pulim bor”, deb maza qiladi.
Pulga muhabbat va undan maza qilish haqida gap ketganda do‘stim aytib bergan bir sudxo‘rning hikoyasi yodimga keldi. Sudxo‘r bemor bo‘lib qoldi. Puli ko‘p bo‘lsa ham, o‘zini davolatmas edi. Do‘st va yaqinlarining majburlashi bilan davolanishga zo‘rg‘a rozi bo‘ldi. Lekin: “Taxminan hisoblanglarchi, davolanishga qancha pul ketarkin?” dedi. Do‘stlari bemorning tomirini ko‘rib, retsept yozadigan tabibni olib kelish, yozib beriladigan dorilarni ichish muddati, xullas, hammasiga taxminan qancha pul sarf bo‘lishini hisoblab aytdilar. U esa: “Ana endi, o‘lishga qancha pul sarf bo‘lishini aytib beringlar”, dedi. Yonidagilar bu sarf xarajatni ham aytib bergan edilar, u: “O‘lib qo‘yaqolay degan fikrga keldim. Chunki davolanishga ko‘p pul ketar ekan, o‘lishga esa kamroq”, dedi.
Inson shu qadar ham razil bo‘ladimi? Bu pulga muhabbat to‘g‘risida eshitgan hikoyalarimning oxirgi darajadagisi edi”
“Malfuzot”, 6-j, 154-b
Yorqinjon qori Fozilov