Bayt:
Chun siyohiy shud zi mo‘ hushyor meboyad shudan,
Subh chun ravshan shavad bedor meboyad shudan.
Tarjimasi: Soch-soqoldan qoralik ketgach, hushyor bo‘lish kerak. Tong yorishgach, bedor bo‘lish kerak.
Inson doimo hushyorlik, ya’ni aql bilan ish tutishi, xususan, soch-soqoliga oq oralaganidan so‘ng yanada hushyorlikni oshirishi lozim. Zero aqlli inson borki, tong otishi bilan uyg‘onishga harakat qiladi. Bu baytda soch-soqol qoraligini tun qorong‘usiga, soch-soqolga oq tushishini esa tong yorishishiga tashbeh qilingan. Yanada kengroq tushintirsak, Soib rahimahulloh aytmoqchiki: “Ey banda, sochlaring qora bo‘lgan vaqt, ya’ni kuch-quvvatga to‘lgan ayni yoshlik chog‘ingni tun qorong‘usida hech narsani bilmay, xurrak otib uxlagan kishiday befoyda ishlar bilan, g‘aflatda o‘tkazding. Sochlaring oqargach, sen uchun tong otgan hisoblanadi. Endi uyg‘onishing kerak. Zero yer yuzining tongi otgach, aqlli inson kunni kelajak hayoti uchun foyda beradigan biror ish bilan o‘tkazishga harakat qiladi. Xuddi shunday, soch-soqoling oqarib, umr tongi otgach, uyg‘onishing, ya’ni oxirat hayoting uchun foyda beradigan amallarni qilib olishing kerak”. Xullas kalom, soch-soqolning oqarishi insondan hushyorlikni, o‘limga tayyorgarlik ko‘rishni taqozo etar ekan.
Mirzo Bedil rahimahulloh aytganidek:
Mo‘yi safed az kafan orad payom.
Tarjimasi: Oqargan soch kafandan darak beradi.
Yorqinjon Fozilov tarjimasi