“Ko‘rning gunohga nazar solishdan saqlanishi hayratomuz ish emas”
Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh aytadilar:
Masalan, bir shaxs ko‘z nuridan mahrum, shu sababli butun umr hech qachon fahsh film ko‘rmadi, hech ham TVda behayo narsalar ko‘rmadi, hech ham nomahramga nazar solmadi. Aytingchi, ushbu gunohlarni qilmasligida biror hayratga soladigan narsa namoyon bo‘ldimi? Yo‘q. Chunki, unda ushbu gunohlarni qilishga salohiyat va imkoniyat yo‘q.
Lekin yana boshqa bir shaxs borki, uning ko‘z nuri butkul yaxshi. Nima narsani xohlasa ko‘ra oladi. Lekin, ko‘rish salohiyati va imkoniyati bo‘lishiga qaramasdan, biror nomahramga qarashlik talabi qalbda paydo bo‘lganda, u o‘sha zahoti faqat Alloh ta’olodan qo‘rqib, nigohini pastga qaratib oladi. Endi, bir qarashda, ikkisi ham gunohlardan saqlanyapti. Lekin ikkisining o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Birinchi shaxs ham gunohdan saqlanyapti va ikkinchi shaxs ham gunohdan saqlanyapti. Lekin birinchi shaxs (ya’ni, ko‘r kishi)ning gunohdan saqlanishi, xech qanday hayratomuz ish emas. Chunki, u shundoq ham ko‘rmaydi va ko‘rish imkoniyati ham yo‘q. Ikkinchi shaxsning gunohdan saqlanishi (ya’ni, ko‘rish imkoni bo‘la turib, gunohga nazar solishdan saqlanishi), hayratga soladigan ishdir. Farishta bilan inson ibodati o‘rtasidagi farq shudir.
“Ro‘za ibodati farishtalar toqatidan tashqaridir”
Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh aytadilar:
Shunga ko‘ra, agar farishtalar tongdan shomgacha taom yemasalar, bu hech qanday hayratomuz ish emas. Chunki, ularga ochlik yetmaydi va ularning taomga hojatlari ham yo‘q. Shuning uchun, ularning taom yemasliklariga biror ajr-savob ham yo‘q. Lekin insonda bu barcha hojatlar mujassam qilib yaratilgan. Shuning uchun biror inson eng yuksak darajaga yetsa, hattoki, eng a’lo daraja ya’ni, payg‘ambarlikka yetganda ham, u yeyish-ichishdan behojat bo‘la olmaydi. Chunonchi, kofirlar payg‘ambarlarga aynan shunday e’tiroz qilishgan. Qur’oni karimda shunday deyiladi:
مَالِ هَذَا الرَّسُولِ يَأْكُلُ الطَّعَامَ وَيَمْشِي فِي الْأَسْوَاقِ
Ya’ni: “..Bu qanday Payg‘ambarki, taom yeydi va bozorda yuradi? …” (Furqon surasi, 7-oyat)
Yeyishlik talabi payg‘ambarlarda ham doim bo‘lgan. Endi, agar inson ochqasa, lekin Alloh ta’oloning hukmi sababli taom yemayotgan bo‘lsa, bu hayratga soladigan ishdir. Shuning uchun Alloh ta’olo farishtalarga quyidagi mazmundagapirgan: “Men shunday bir inson yaratyapman. Unga ochlik ham yetadi, chanqoqlik ham yetadi va unda shahvoniy talab ham paydo bo‘ladi. Lekin, u gunoh talabi paydo bo‘lgan paytda, Meni yodga oladi va Meni eslab, o‘z nafsini o‘sha gunohdan saqlaydi. Uning mana shu ibodati va gunohdan saqlanishi Bizning nazdimizda qadr-qimmatga ega bo‘ladi va unga ajr-savob va mukofot berish uchun Biz kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan jannat tayyorlab qo‘ydik. Chunki, insonning qalbida gunoh talabi va chorlovi bo‘lyapti va xohishotlar paydo bo‘lyapti hamda gunoh sabablari duch kelyapti. Lekin inson Bizdan qo‘rqib va Bizning ulug‘ligimizni tasavvur qilib, o‘z ko‘zini gunohdan saqlaydi, qulog‘ini gunohdan saqlaydi, tilini gunohdan saqlaydi va gunohlar tarafiga tashlanayotgan qadamlarini to‘xtatib oladi. Toki, mening Allohim mendan norozi bo‘lib qolmasin deydi. Mana shu ibodatni ado etishga farishtalarda imkon ham yo‘q edi. Mana shu ibodat uchun inson yaratilgan edi”.
“Islahiy xutbaat” kitobidan
Abdulqayyum Komil tarjimasi