Hazrat Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh aytadilar:
Ro‘za Alloh ta’olo bilan banda o‘rtasidagi bir maxfiy ahdlashuvdir. Alloh ta’olo hadisi qudsiyda:
الصَّوْمُ لِي وَأَنَا أَجْزِي بِهِ
Ya’ni: “Ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini O‘zim beraman”, deydi.
Chunonchi, boshqa har turli ibodatning savobini farishtalar yozadilar. Magar, ro‘za borasida farishtalar “bu banda ro‘za tutdi” deb yozadilar xolos. Unga beriladigan savob va mukofotni qiyomat kuni Alloh ta’oloning O‘zi beradi.
Bunda bir nozik jihat bor, uni yaxshilab tushunib olaylik, har bir beruvchi o‘zining darajasiga ko‘ra beradi. Faraz qilaylik, biror tilanchi kelib mendan so‘rasa, men o‘zimning holatimga muvofiq unga bir rupiya berib yuboraman. Agar ayni shu tilanchi biror boshqa mulkdor odamdan so‘rasa, u bir rupiya berishga uyaladi. Ehtimol, u unga ming rupiya berib yuborishi mumkin. Agar ayni shu tilanchi biror mamlakatning podshohiga borib so‘rasa, u ming rupiya berishga uyaladi. U unga yuz ming rupiya berib yuboradi. Balki, milion rupiya berib yuborar. Undan kam bermaydi. Dunyoning buyuk shaxslari o‘zlarining darajasi va holatiga ko‘ra berganlarida, bu o‘rinda shuni anglab olish lozimki, Alloh ta’olo ham qiyomat kuni ro‘za ibodatiga savob berganda, O‘zining buyukligiga muvofiq beradi.
Ba’zi muhaddislar aytadilarki, yuqoridagi hadis qudsiyning lafzlari aynan shunday, faqat e’robda farqi bor, u hadisi qudsiyda:
الصَّوْمُ لِي واَنا أُجْزَى بِهِ
“Ro‘za Men uchundir. Uning mukofoti Mening O‘zimdir”, deyiladi.
Ya’ni, qiyomat kuni Alloh ta’olo ro‘za mukofotiga O‘zining diydorini ato qiladi.
“Barkate Ramazan” kitobidan
Abdulqayyum Komil tarjimasi