Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh aytadilar:
Inshaalloh, bir necha kundan keyin muborak Ramazon oyi kirib keladi (ushbu darslar Ramazondan ilgari tayyorlangan). Bu oyning ulug‘ligi va barakali ekanligidan bexabar biror musulmon yo‘q. Alloh ta’olo bu oyni xos ibodat oyi qildi. Bu oyda Alloh ta’oloning bandalariga cheksiz rahmatlari nozil bo‘ladi. Biz bu rahmatlarni tasavvur ham qila olmaymiz.
Bu oyda shunday ba’zi amallar borki, ularni har bir musulmon biladi va ularga amal ham qiladi. Masalan, bu oyda ro‘za tutishlik farz qilingan. Alhamdulillah, musulmonlar Allohning tavfiqi ila ro‘za tutadilar. Ma’lumki, taroveh o‘qishlik sunnat va musulmonlarga unda ishtirok etishlik saodati nasib bo‘ladi. Lekin men hozir boshqa bir jihatga e’tiboringizni tortmoqchiman.
Odatda muborak Ramazon oyining xususiyati faqat unda ro‘za tutilishi va kechasi taroveh o‘qilishi xolos. Bundan boshqa biror xususiyati yo‘q deb tushuniladi. Bu ikki ibodat Ramazon oyining eng katta muhim ibodatlaridan ekanligida hech shubha yo‘q. Lekin faqat shuning o‘zigina emas, balki, haqiqatan muborak Ramazon bizdan bundan ham ko‘proq narsani talab qiladi. Qur’oni karimda Alloh ta’olo shunday deydi:
وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ
Ya’ni: “Jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zariyat surasi, 56-oyat)
Ushbu oyati karimada Alloh ta’olo insonni yaratishdagi asosiy maqsadni bayon qildi. U shuki, inson faqat Allohga ibodat qilsin.
“Islahiy xutbaat” kitobi
Abdulqayyum Komil tarjimasi