Bosh sahifa » Ilm » Imom Rabboniy maktubotlari – 6. 52-maktub

Imom Rabboniy maktubotlari – 6. 52-maktub

Shayx Faridga «Nafsi ammora mazammati, uning qalb kasalligi ekani va u kasallikni davolash yo‘llari bayoni» haqida yuborildi

Marhamat va shafqat yuzasidan muxlis xizmatkoringizga yuborgan maktubingizni o‘qishga musharraf bo‘lganim sababli, menga ko‘plab xursandchiliklar yetdi. Alloh bobongiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hurmatlaridan ajringizni ulug‘, qadringizni baland, qalbingizni ochiq va ishingizni yengil qilib qo‘ysin! Alloh subhanahu u zotga zohiran va botinan mutobaatda sobit qilib, bunga “Amin” degan bandaga rahm qilsin!(Shayx Farid rahmatullohi alayh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lib, imom Rabboniy rahimahulloh u zot alayhissalomga bo‘lgan yuksak hurmat va odobni izhor qilmoqdalar)

Ikkinchidan, bir noqobil va yomon xulqli do‘st haqida bir necha shikoyatlarimiz bor. Diqqat ila eshitib qabul qilgaysiz.
(Ya’ni, har birimizning nafsi ammoramiz haqida so‘zlanadi).

Ey, maxdumi mukarram! Insonning nafsi ammorasi tabiatan yuqori mavqye’-martabaga, amir yoki hokim kabi hukmron bo‘lishga o‘ta ishtiyoqli bo‘ladi. Uning barcha himmati esa, hamma zamonlarda manmanlik (taraffu’), qadri balandlik bo‘ladi. Uning xohish istagi esa, xaloyiqning barchasi unga muhtoj bo‘lib, uning amr va nahiylariga (buyruq va qaytariqlar) bo‘yinsunishlaridir. Uning o‘zi esa, hech narsaga muhtoj va hech kimga mahkum bo‘lishni istamaydi.
(Taassuflar bo‘lsinkim, chuqur mushohada qilinsa, bu holatlar deyarli hammamizda bo‘ladi. Nafsimizni tarbiya qilmaydigan bo‘lsak, doimo mana shundayin noqobillik va nopoklikda bo‘laveramiz.)

Mana bu da’volarning barchasi esa uluhiyyat va o‘xshashi, tengi va misli bo‘lmagan Haq subhanahu taologa sheriklik da’vosidir. Balki, bu besaodat sheriklikka ham rozi bo‘lmasdan, yolg‘iz o‘zigina hokimi mutlaq bo‘lishni va hamma faqatgina uning hukmi ostida bo‘lishini istaydi.
(Nafsi ammoraning kasalligi shu darajada xavfli bo‘ladiki, uni davolash harakatida bo‘linmas ekan, bir kun ilohlik ham da’vo qilishi ham hech gap emas)

Hadisi qudsiyda keltiriladiki: “Nafsingni dushman tutgin. Zero, u mening dushmanimdir”.
Nafsi ammoraning mavqye’-martaba egasi bo‘lish, insonlarga hukmronlik qilish, manmanlik va takabburlik kabi istaklarini bajarish, haqiqatda Haq azza va jalla dushmaniga madad qilish va uni quvvatlash bo‘ladi. Bu ishning qanday ham qabih va jirkanch ekanligini juda ham yaxshilab bilib olmoq lozim.
(Mavqye’-martaba va mansabga halollik ila erishilsa va odillik ila olib borilsa qanday ham yaxshi. Ammo, nopok yo‘llar ila erishilsa, bundan ajralib qolmaslik uchun har qanday razilligu qabohatga tayyor bo‘ladi. Nafsi ammora bu qabohatlarni barchasini o‘zini himoya qilish bahonasida bajartirib, ne ko‘ylarga solmaydi. “Mening nafsim balodir, yonar o‘tga salodur”, deya bekorga aytilmagan)

Hadis qudsiyda vorid bo‘lganki: “Kibriyolik – ridoimdir. Azamatlik (ulug‘vorlik) esa – izorimdir. Kimki, bu ikkisida Men ila nizo qilsa, (unga) rahm shafqat qilmasdan, do‘zaxga solaman” (Imom Muslim, Abu Dovud, ibn Moja Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan. Ibn Moja ibn Abbos roziyallohu anhudan ham rivoyat qilgan).

(Bu majoziy o‘xshatma bo‘lib, Alloh taolo biron narsa va birorta kimsaga muhtoj bo‘lishdan munazzahdir (pokdir). Balki, barcha unga muhtojdir. Hadisi qudsiyda esa, mana bu ulug‘vorlik va kibriyolikning haqiqiy egasi kimligi bayon qilinib, nafsning xohish istaklari esa muolaja qilinmoqda).

Dunyoi daniya (haqir dunyo) Haq subhanahuning g‘azab qilgani va la’natlaganidir. Buning sababi esa, boylik hosil qilishda nafsning xohish istaklarini bajarishga yordam berish borligidir.
(Nafsi ammora har doim boy bo‘lishni, xohlagan narsasiga ega bo‘la olishni, har joyga qo‘l uzatsa yetishini istaydi. Zero, bu vosita sababli ko‘proq narsalarga ega bo‘la olish mumkinligi barchaga ma’lumdir. Bu yerdagi dunyoning mazammat qilinayotgani boylik sababli tug‘yonga ketib qolganlar uchundir. Ammo, boylikni o‘z o‘rniga sarflovchilar bu va’id hukmidan tashqarida bo‘lishi shubhasizdir)

Shubha yo‘qki, har kim dushmanga yordam qilsa, la’natga duchor bo‘ladi. Faqirlik haqida esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maqbul xabarlar aytgandir. Zero, faqirlikda nafs xohishlarining amalga oshmasligi va uning ojizligi hosil bo‘ladi.
(Nafsi ammora istaklari qanchalik ham qo‘rqinchli va xavfli ekanini bilib oldik. Uning bundayin istaklarini hosil qilish uchun harakat qilaverish Haq taoloning g‘azabiga duchor qiladi. Zero, nafsni o‘z holiga qo‘yib, bir kun insofga kelib qolishini kutish aqldan emasdir. Uni shariat amallari ila tarbiyalash, sindirish, nafsi mutmainnaga aylantirish choralarini ko‘rish lozim).

Anbiyo alayhimussalomlar yuborilishidan maqsad va shar’iy buyruqlar hikmati ham o‘sha nafsi ammorani ojiz va xarob qilish bo‘lgan. Shariat havoi nafsning ziddiga vorid bo‘lgandir. Har qachon shariat taqozosiga ko‘ra biron amal qilinadigan bo‘lsa, o‘sha miqdordagi havoi nafs zoil bo‘ladi (yo‘qotiladi). Mana shu sababli havoi nafsni zoil qilishda, shariat ahkomlarining bir hukmiga amal qilish, o‘zi istab ming yil riyozat va mashaqqat chekishdan ko‘ra afzalroq bo‘ladi. Balki, bu riyozat va mashaqqatlar Islom shariati taqozosiga ko‘ra bo‘lmagani sababli havoi nafsonni kuchaytirib, quvvatlaydi xolos.
(Ba’zilar Islom shariatining buyrug‘i bo‘lmish zakot berish haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Bu haqida aytilsa ham ensasi qotadi. Ammo, biror marosim ehsonini qilishlari lozim bo‘lib qolsa, juda katta miqdordagi mablag‘larni sarf qilishaveradi. Sababi esa oddiy: zakot berish Alloh taloning buyrug‘i bo‘lib, nafsi ammora buni adosini sira ham istamasligi aniq. Ammo marosimlar ehsoni esa, nafsning o‘z istagi bo‘lib, bunda riyo va sum’a shuhratlari mana man deb turadi. Buning ustiga “Falonchi otasining yig‘iniga millionlab sarflab, to‘kib tashlabdi-ya azamat, qoyil”, kabi maqtovlar kimga ham yoqmaydi).

Brahmanlar va yoglar riyozat va mashaqqat chekishda sira ham kamchilikka yo‘l qo‘yishmaydi. Ammo, bundan havoi nafslarini tarbiya qilib kuchaytirishdan boshqa bironta ham foyda olisholmaydi. Masalan, shariat amriga ko‘ra bo‘lgan bir dirham zakot berish, nafsni xarob qilishda, o‘z istagiga ko‘ra ming dinor sarf qilishdan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi. Iyd Fitrda shariat amriga ko‘ra bir luqma taom yeyish, nafsni sindirishda o‘z xohishiga ko‘ra bir necha yil ro‘zador bo‘lishdan ko‘ra manfaatliroqdir. Shuningdek, sunnati muakkada hisoblangan bomdod namozini ikki rak’atini jamoat ila ado qilish, nafsni zoil qilishda, o‘zi xohishiga ko‘ra tunning hammasida nafl namoz o‘qib, so‘ngra bomdodni jamoatsiz o‘qigandan ko‘ra afzaldir.
(Amallar biron bir qiymatga ega bo‘lishi uchun Islom shariatiga muvofiq bo‘lishi lozim. Mana shu asldir)

Jumladan, toki nafs o‘z manmanligi va takabburligi kabi nopoklik va iflosliklaridan poklanmas ekan, najot topish maholdir. Bu kasallikni zoil qilish (tuzatish) eng zaruriy chora bo‘ladiki, to abadiy o‘limga olib bormasin.
(Nafsi ammora istaklarining qanchalar ham qo‘rqinchli va xavfli ekani ma’lum bo‘ldi. Uni o‘zi bir kuni insofga kelar deya kutish befoydadir. Uni Islom shariatiga amal ila tarbiyalash va bunga jiddu jahd qilish lozim.)

Kalimai toyyiba “La ilaha illalloh” kalimasi barcha insoniy va jismoniy ilohlarni inkor qilish uchun joriy qilingan bo‘lib, nafsni poklash va tozalashda eng manfaatli va munosib kalimadir. Tariqat ulug‘lari (ruhiy tarbiyaning ulug‘ allomalari) Alloh ularning sirlarini muqaddas qilsin, nafsni poklashlikda mana shu muazzam kalimani ixtiyor qilganlar.

Bayt:
Toki yo‘lni “Lo” supurgisi ila tozalamas ekansan,
“Illalloh” saroyiga hargiz yeta olmaysan.

Demak, nafs doimo sarkashlik maqomida bo‘lib, ahdni buzishga intilaverar ekan. Bu kalimani takror-takror aytib iymonni yangilab turish lozim bo‘ladi.
Rasululoh sollallohu alayhi vasallam: “Iymonlaringizni La ilaha illalloh qavli ila yangilab turinglar”, deb aytganlar.
(Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, iymon birortangizning qalbida xuddi kiyim kabi xalq qilinadi. Allohdan qalbingizdagi iymonni yangilashini so‘ranglar”, deb aytganlar. Tobaroniy “Kabir” da rivoyat qilgan. Hokim “Mustadrak” da ushbu hadisni “La ilaha illalloh” lafzi bilan rivoyat qilgan. Aziziy: “Ushbu hadisning sanadi sahihdir”, degan).
Balki, bu kalimai toyyibani doimo takror va takror aytib yurish eng samarali chora bo‘ladi. Zero, nafsi ammora doimo xubs (nopoklik, ifloslik) maqomida bo‘ladi. Hadisi qudsiyda ushbu kalima fazilati keltirilgan:
“Agar osmonlar-u yerni tarozining bir pallasiga va kalimai toyyibani yana bir pallasiga qo‘yib tortiladigan bo‘lsa, kalimai toyyiba (savobi) qo‘yilgan palla og‘irroq kelgan bo‘lar edi”.
(Hofiz Iroqiy “Ihyo” hadislarining taxrijida aytadi: “Ushbu hadisni ibn Sunniy “Amalul yavm vallayla” (Kecha va kundaz amali)da rivoyat qilgan. Hokim Abu Hurayra roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilib, sahih deb aytgan. “Mishkot”da Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Muso alayhissalom: “Ey Robbim, menga Seni zikr qiladigan yoki Senga duo qiladigan narsani o‘rgatgin”, dedi. Alloh taolo: “Ey Muso, “La ilaha illalloh”, deb aytgin”, dedi. Muso alayhissalom: “Ey Robbim! Bandalaringning barchasi buni aytishadi-ku. Menga Seni zikr qilish va Senga duo qilish uchun xos narsani o‘rgatgin”, dedi. Alloh taolo: “Ey Muso! Agar yetti qavat osmonlar va yerlar tarozuning bir pallasiga va “La ilaha illalloh” kalimasi (savobi) yana bir pallasiga qo‘yilib tortilsa, “La ilaha illalloh” qo‘yilgan palla og‘irroq bo‘lar edi”, dedi. “Sharhus sunna”)
Hidoyatga ergashgan va Muhammad mustafo alayhissalomga munosib ummat bo‘lganlarga salomlar bo‘lsin.

Imom Rabboniy Ahmad Sarhindiyning “Maktubot”
kitobidan Sunnatulloh Abdulbosit tarjimasi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*