Birinchisi:
Vafot etgan mayyit mo‘min musulmon holda yashab o‘tgan bo‘lishi kerak. Agar mayyit mushrik yoki kofir holida vafot etgan bo‘lsa, uning haqiga istig‘for aytish va duo qilish, savobini bag‘ishlash durust bo‘lmaydi. Alloh taolo shunday deydi (Tavba, 113-oyat):
مَا كَانَ لِلنَّبِيِّ وَالَّذِينَ آمَنُوا أَنْ يَسْتَغْفِرُوا لِلْمُشْرِكِينَ وَلَوْ كَانُوا أُولِي قُرْبَىٰ مِنْ بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُمْ أَنَّهُمْ أَصْحَابُ الْجَحِيمِ
Ya’ni: “Payg‘ambar va mo‘minlar uchun do‘zax egalari ekanligi ayon bo‘lgan mushriklarga, agar yaqin qarindoshlari bo‘lsa ham, istig‘for aytishlari durust emasdir”.
Demak, Payg‘ambargaki (sollallohu alayhi vasallam) ruxsat yo‘q ekan, boshqalarga bo‘lmasligi aniq gap. Mo‘min kishi uchun hamma narsadan iymoni afzal, shuning uchun u avvalo iymon, din qardoshlari ila aloqa va bog‘lanishlarni yo‘lga qo‘yadi. Qon-qardoshlik aloqasi esa bu joyda hech narsani hal qilmaydi.
Ikkinchisi:
O‘tganlarga savob amalini bag‘ishlayotgan o‘zi ham mo‘’min musulmon bo‘lishidir. Alloh taolo shunday deydi (Oli Imron, 179-oyat):
وَإِن تُؤْمِنُواْ وَتَتَّقُواْ فَلَكُمْ أَجْرٌ عَظِيمٌ
Ya’ni: “Agar iymon keltirsangiz va taqvo qilsangiz, sizlarga ulug‘ ajr bordir”.
Bu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, iymonsiz odam oxiratdagi ajr savobga haqdor bo‘lmaydi. O‘zi xaqdor bo‘lmagandan keyin o‘tganlarga ham uning amalidan ajr savob bo‘lmaydi.
Uchinchisi:
O‘tganlarga savobi bag‘ishlanayotgan amal shari’atga muvofiq amal bo‘lishidir. Amal xolis Alloh taolo uchun qilinishi va sunnatga muvofiq qilinishi kerak. Amalga bid’at va xurofotlar aralashsa, yetimning xaqqi aralashgan holda qilingan exsonlar shari’atga xilof bo‘ladi.
Mana shu uch shart topilganda o‘tganlarga savobi bag‘ishlanayotgan amal to‘g‘ri bo‘ladi.