Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: “Sizlardan hech biringiz men unga otasidan ham, bolasidan ham, odamlarning barchasidan ham sevikliroq bo‘lmagunimcha mo‘’min bo‘lolmaydi”.
Bu hadisda iymonning komilligi nafiy qilingan. Ya’ni, modomiki, kishining Nabiyyi karim sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan muhabbati o‘zining barcha yaqinlarining muhabbatidan ortiqroq bo‘lmas ekan komil musulmon bo‘lolmaydi. Lekin va’id (qo‘rqitish) o‘z o‘rnida boqiy turishi uchun hadisni tarjima qilishda bu (“komil” degan) qaydni aytmaslik yaxshi.
Muhabbatning qismlari
Bu hadisda qaysi muhabbat nazarda tutilgani haqida bahslar bo‘lgan. Tab’iy muhabbatmi yoki aqliy muhabbatmi? Muhaddislarning ko‘pchiligi undan aqliy muhabbat iroda qilingan degan fikrdalar. Chunki aqliy muhabbat ixtiyoriy bo‘ladi. Banda ixtiyorsiz ishlarga emas, balki o‘z ixtiyori bilan qiladigan ishlarga mukallafdir. Aqliy muhabbat egasi biror nojoiz (sunnatga xilof) ishga ko‘ngli moil bo‘lsa ham, o‘z aqli bilan Nabiyyi karim sollallohu alayhi va sallamga ergashishda dunyoviy va uxroviy, haqiqiy foyda borligini anglab, sunnatga amal qiladi. Aqliy muhabbat zavol topmaydi, yo‘qolmaydi. Tab’iy muhabbat deyilganda esa nafsning bir narsaga moil bo‘lishi, ya’ni tabiatan uni yaxshi ko‘rish tushuniladi. Bu – bir nafsoniy kayfiyat bo‘lib, g‘ayri ixtiyoriydir. Shuning uchun u iymonning juzi bo‘lolmaydi. Yana u e’timodga (suyanishga) ham loyiq emas. Gohida zoyil (yo‘q) bo‘lib qolishi ham mumkin. Misol uchun, otaning o‘z farzandiga tab’iy muhabbati bo‘ladi, lekin itoatsizlik sababli bu muhabbat gohida yo‘q bo‘lib qoladi. Aqliy muhabbat esa hargiz yo‘qolmaydi. Shuning uchun bu o‘rinda mana shu muroddir. Chunonchi, Shoh Ismoil rahimahulloh dalil va hujjatlar bilan buni isbot qilganlar. Alloma Xattobiy rahimahulloh ham shu fikrdalar.
Ulug‘ so‘fiylar hamda muhaddislarning muhaqqiqlari esa bu o‘rinda muhabbatdan tab’iy muhabbat iroda qilingan deb hisoblaydilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tasavvur qilish bilan komil musulmonning tabiati shodu xurram bo‘ladi, ruhi U zotni eslash bilan ozuqalanadi, tili U zotni zikr qilish bilan lazzat hosil qiladi, U kishining muborak nomlari aytilishi bilan qalbi xotirjamlik sezadi. Mazkur narsalar esa tab’iy muhabbatning taqozosidir. Komillik shundadir. Aqliy muhabbat bir faraziy va falsafiy narsa bo‘lib, zohirda (voqye’likda) uning hech bir haqiqati yo‘q. Xullas, bu falsafiy hamda so‘fiy tabiatdagi zotlarning orasidagi ixtilofdir.
Shayximiz alloma Sayyid Binnuriy rahimahulloh aytadilar: “Hadisda faqat aqliy muhabbat ham murod emas, faqat tab’iy muhabbat ham. Balki undan shunday tab’iy muhabbat iroda qilinganki, bunyod va asosi aqliy muhabbat bo‘lsin. Ya’ni boshlanishi aqliy muhabbat bo‘lsin va bu taraqqiy qilib tab’iyga aylansin. Sahobai kirom roziyallohu anhumning holatlarini mutoala qilishdan u kishilarning muhabbatlari tab’iy bo‘lgani bilinadi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘z ota-onalari hamda xeshu aqrabolaridan ham ortiqroq yaxshi ko‘rganlar. Sahobai kirom roziyallohu anhum mana shu tab’iy muhabbatni amalda ham isbot qilganlar. Misol uchun, Abu Talha roziyallohu anhu Uhud jangida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni himoya qilaman deb butun badanlari jarohatlangan, lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bir o‘q tegishiga ham qo‘ymaganlar. Bir ayol o‘zining eri, o‘g‘li hamda akasining o‘limi haqidagi xabarni eshitganida ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etmaganlarini bilgani uchun parvo qilmagan. Ibn Zubayr roziyallohu anhu U zot sollallohu alayhi va sallamning qonlarini ichib yuborganlar. Faqat aqliy muhabbat bilan bu qadar iysor (vafodorlik, o‘zini qurbon qilish) bo‘lishi mumkin emas, bu ishlar tab’iy muhabbat bilangina bo‘ladi. Masalan, gunoh aqliy jihatdan olib qaralganda nafratli narsa, lekin shahvat (istak) g‘olib kelsa, aql mag‘lub bo‘lib qoladi. Natijada inson aqlan yomon deb bilib turgan narsani ham amalga oshirib qo‘yadi. Ammo yomon ishdan tabiatan nafratlanadigan kishi gunoh qilishi mumkin emas. Shuning uchun bu o‘rinda asos va negizi aqliy bo‘lgan tab’iy muhabbat muroddir. Tab’iy bo‘lgani sababli u komil bo‘ladi, aqliy bo‘lgani sababli esa zavolga uchramaydi.
Muhabbat sabablari
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni nima uchun boshqalardan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rish kerak? Endi shu haqda so‘z yuritamiz. Muhabbatning to‘rtta sababi bor: jamol, kamol, navol, qarobat.
- Birovda jamol (go‘zallik) bo‘lsa, kishida unga nisbatan muhabbat paydo bo‘ladi. Jamolga hatto ba’zi hayvonlar ham oshiq bo‘ladi. Misol uchun ba’zi parrandalar oyning go‘zalligiga oshiq. Parvona chiroqning yorug‘ligiga oshiqligidan hatto jonini ham beradi.
- Birov kimgadir navol (ehson) qilgan bo‘lsa, unga nisbatan ham muhabbat tug‘iladi. Inson-ku hali inson, hatto yirtqich hayvon ham ehson qiluvchi kishini yaxshi ko‘rib qoladi va unga itoat qiladi.
- Agar birovda go‘zallik ham, ehson ham bo‘lmasa, biroq u kamol va fazilat egasi bo‘lsa, unga nisbatan ham muhabbat paydo bo‘ladi. Misol uchun ulug‘ olim yoki xulqi go‘zal kishini har qancha xunuk bo‘lgan taqdirda ham, xalq yaxshi ko‘raveradi.
- Qarobat (qarindoshlik, yaqinlik) sababli muhabbat bo‘lishi esa badiyhiy (dalil keltirishga zarurat bo‘lmagan, hammaga ma’lum) narsa.
Kimgadir muhabbat qilinishi uchun aytib o‘tilgan to‘rtta sababdan loaqal bittasi unda mavjud bo‘lishi lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamda bu narsalarning barchasi mukammal tarzda mavjud.
-
Alloh taolo Nabiyyi karim sollallohu alayhi va sallamni tamomi xaloyiqlar orasida eng go‘zali qilib yaratgan. Nima uchun bunday bo‘lmasin?! Alloh taolo O‘zining eng sevikli bandasini eng go‘zal suratda yaratadi-da. To‘g‘ri, hadisda Yusuf alayhissalomga jamolning yarmi berilgani aytilgan. Biroq, gapirguvchi hukmdan xorij bo‘ladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam undan mustasnolar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni Alloh taolo barcha go‘zal axloqlar bilan ziynatlagandek surat va shakl jihatidan ham insonlarning eng a’losi qilgan. Bu gapga Hasson ibn Sobit roziyallohu anhuning bir she’rlari kifoya.
Va ahsana minka lam taro qottu ayniy,
Va ajmala minka lam talidin nisau.
Xuliqta mubarroan min kulli aybin,
Kaannaka xuliqta kama tashau.
Tarjimasi: Sizdan ko‘rkamroq kishini ko‘zim hargiz ko‘rmadi. Sizdan go‘zalroq kishini ayollar tug‘madi. Siz barcha aybdan pok holda yaratildingiz. Go‘yoki siz o‘zingiz xohlagandek yaratilganga o‘xshaysiz.
Bundan tashqari shamoil kitoblarida U zotning jamollari haqida juda ko‘plab hadislar kelgan.
-
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdagi kamolning esa haddu hisobi yo‘q. Bu kamol xoh ilmiy bo‘lsin, xoh amaliy bo‘lsin, xoh axloqiy bo‘lsin, xoh Alloh taolo bilan oralaridagi aloqaga tegishli bo‘lsin, xoh insonlar bilan oralaridagi aloqaga tegishli bo‘lsin. Alloh taoloning O‘zi pok kalomida: “Siz buyuk xulq ustidasiz”, deya U zotni maqtagan. Payg‘ambarlarga taqsimlab bergan kamollarning barchasini birgina U zot sollallohu alayhi va sallamning o‘zlariga ato qilgan. Shoir aytganidek, xulosa shuki,
Ba’daz Xudo buzurg tuyi qissa muxtasar.
Tarjimasi: Gapning qisqasini aytganda, Xudodan keyingi eng ulug‘ zot sizdirsiz.
-
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ehson va rahmatlari shu darajadaki, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Sizni olamlarga faqat rahmat qilib jo‘natdim”, (Anbiyo, 107) deya marhamat qilgan. Odam farzandlarining barchasini do‘zaxdan qutqarishga harakat qildilar, juda ko‘plarini qutqardilar ham. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qilgan: “Do‘zax chuqurining labida edingiz, U Zot sizlarni (Payg‘ambarining vositasida) undan qutqardi” (Oli Imron, 103). Abadiy olovdan qutqarib qolishdan ortiqroq ehson bo‘lishi mumkinmi?
-
Bu uchchala sabablar – jamol, kamol, navol zohir bo‘lgani uchun ularni osongina anglash mumkin. Ammo qarobat (yaqinlik, qarindoshlik) sababi esa biroz yashirindir. Lekin, yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qarobatlari boshqa qarobatlardan ham kuchliroq ekani ma’lum bo‘ladi. Chunki, boshqalarning bizga qarobati jismoniy bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qarobatlari ruhoniydir. Qur’oni karimda: “Nabiy mo‘’minlarga ularning jonlaridan ham yaqinroqdir”, (Ahzob, 6) deyilgan. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning qiroatlarida mazkur oyat “Va huva abun lahum”, ya’ni U Zot sollallohu alayhi va sallam ularning otasidir, degan qo‘shimcha bilan o‘qilgan. U zotning ayollari bizga ona bo‘lgach, O‘zlari ota bo‘lmaydilarmi?! “Sunani Abu Dovud”da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarga ota o‘rnidaman”, deya marhamat qilganlar.
Muhabbat sabablarining barchasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamda eng mukammal holatda topilgach, aql ham U zotning muhabbatlari boshqalarning muhabbatidan ziyodaroq bo‘lishini taqozo etadi.
Yorqinjon Fozilov
suratlar vikipediyadan