Shayxul islom, muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlari aytadilar:
“Mening padari buzrukvorim muftiy Muhammad Shafe’ Usmoniy rahmatullohi alayh aytar edilar: “Oilada er- xotinning qalbida taqvo, Allohdan qo‘rquv bo‘lmagunicha o‘rtalaridagi aloqa yaxshi va go‘zal bo‘lmaydi. Er-xotin o‘rtasida shundayin yaqin aloqa bo‘ladiki, ulardan ko‘ra yaqinroq aloqa boshqa birovlarning o‘rtasida bo‘lishi mumkin emas. Er-xotin ikkisi bir-biriga sirdosh bo‘ladi. Bular o‘rtasidagi aloqa hech qachon o‘zgalar oldida butkul oshkor qilinishi mumkin ham emas. Er-xotin ikkisi o‘zaro yolg‘izlik, tanholikda yashaydilar.Shunda bir-birlariga aziyat berib qo‘yishsa va o‘zaro haqlarini poymol qilib qo‘yishsa, ularning o‘rtalariga biror aralashuvchi va to‘xtatib qoluvchi tusha olmaydi. Ko‘p haqlar shunday bo‘ladiki, agar biror kimsa tomonidan haqqingiz poymol qilinsa, u holda politsiya orqali haqqingizni undirib olishingiz mumkin yoki sudga murojaat qilib sud orqali ham haqqingizni qo‘lga kiritishingiz mumkin. Ammo oilada er-xotin o‘rtasida bir qancha haq-huquqlar borki, ularni na politsiya va na sud orqali qo‘lga kiritish mumkin bo‘ladi. Sud er-xotin o‘rtasidagi moliyaviy haq-huquqlardan bo‘lgan mahrni yoki nafaqasini undirib berishi mumkin. Ammo er oilada xotiniga xo‘mrayib, qovog‘ini solib qarasa, gapirgan vaqtida dilozorlik qilsa, qo‘rs gaplarni gapirsa, buni na bir politsiya va na bir sud bartaraf qilib bera oladi. Bunday muammolarni faqatgina Allohdan qo‘rquvgina bartaraf qilishi mumkin xolos.
Allohdan qo‘rqish haqlarni ado qildira oladi.
Agar biror narsa oiladagi muammoni bartaraf qila olsa, u ham faqat bir narsa bo‘lishi mumkin, u Allohdan qo‘rqish, taqvo qilishdir. Qachonchi, erning qalbida Allohdan qo‘rqish hissi bo‘lsa, Alloh bu ayolimni men bilan birga qildi, uning menda bir necha haqlari bor, men u haqlarni ado qilishim kerak, agar ado qilmasam, Alloh taolo meni azobga tutadi, degan o‘y bo‘lsa, o‘zaro haqlarni ado qila oladi. Demak, bunday muammolarni faqatgina Allohdan qo‘rquvgina bartaraf qilishi mumkin xolos. Shuning uchun oilada er-xotin tinch bo‘lib haqlari go‘zal tarzda ado etilishi uchun mana shu bir sifat, Allohdan qo‘rquv, taqvo bo‘lishi kerak.
“Xandaniy xuquqo‘ farayiz” kitobidan
Abdulqayyum Komil tarjimasi