Bayt:
Pesh az on k-az tabli rehlat dastu poro gum kuniy,
Zodi rohi jam’ kun ey bexabar to fursatast.
Tarjimasi: “Ey bexabar, to fursat bor ekan ko‘chish do‘mbirasi chalinib, qo‘lu oyog‘ingni yo‘qotishingdan oldin yo‘l ozuqasini jamla”.
Aslida, bexabar deyilganda oxirat, jannatu do‘zax, yaxshi-yomon ishlar hamda o‘lim haqida qulog‘iga umuman xabar yetib bormagan kishi tushuniladi. Musulmonlar bu ma’noda bexabar emaslar. Chunki ular mana shu xabarlarga ishonganlari uchun musulmon bo‘lganlar. Xususan, o‘lim masalasida nafaqat musulmonlar, balki Alloh taologa ishonmaydigan kofir ham tan beradi. U holda shoir bizni nima uchun bexabar demoqda? Chunki, qilayotgan ishlarimizga qaralsa, mazkur xabarlardan butkul bexabar qolgan insonga o‘xshaymiz.
Hazrat Soib rohimahulloh sizu bizga “Ey bexabar” deya xitob qilib, aziz umrimizning qadrini bilishga, hayot fursatidan foydalanib qolishga g‘ayratu himmat uyg‘otmoqchi bo‘ladi.
Shu o‘rinda ilmiy bir nuqtai nazarni aytib o‘tsam: “Umr عمر” so‘zining o‘zagi “ عمارة” “imorat”dir. Me’mor va ta’mir kalimalari ham shundan olingan. Bularning barchasida obodlik ma’nosi bor. Chunonchi, imorat va ta’mir obod qilish ma’nosini bildirsa, “me’mor” so‘zi obod qiluvchi degan ma’noga dalolat qiladi. “Umr” deyilganda esa inson badanining nafas bilan obod bo‘lib turadigan muddati tushuniladi. Bu muddat bir kunmas bir kun o‘z nihoyasiga yetadi, boshqacha aytganda obodliklar xarobalikka aylanadi. Bu barchamizga ayon. Shoir bu ma’noni “ko‘chish do‘mbirasi chalinsa, qo‘lu oyog‘ing yo‘qolib qoladi”, deya ifoda qiladi. Darhaqiqat, ko‘chish do‘mbirasi chalinishi bilan qo‘lu oyoqlarimiz ishdan chiqadi. Shunday ekan, fursat borida tana a’zolarimizni oxiratda bizning foydamizga xujjat bo‘ladigan amallar uchun ishlatib qolaylik. Tana mamlakati xarob bo‘lishidan oldin oxirat mamlakatini obod qilaylik. Yer ustiga emas, balki yer ostiga ishlov beraylik.
Yorqinjon Fozilov tarjimasi