Bayt:
Az badon fayz muholast ba nekon birasad,
Haqqi bedoriyi duzdon ba asas bisyorast.
Tarjimasi: Yomonlardan yaxshilarga fayz yetishi amri maholdir. Tun qorovullarida o‘g‘rilarning bedorlik haqi ko‘pdir.
Soib rahimahulloh aytmoqchiki, odatda yomon kishining yomonligidan yaxshilarga biror fayz va manfaat yetgan emas. Bundan faqat bir holatni mustasno qilish mumkin. U ham bo‘lsa, o‘g‘rilardan tun qorovullariga yetgan fayz va manfaatdir. Zero o‘g‘rilar borligi sababli qorovullar tunda bedor bo‘lib, kechasidagi fayzlardan bahramand bo‘ladilar. Hazrat Soib bu she’rida kechadagi fayzlar kamoli ko‘pligidan kishi qandaydir sabab bilan bo‘lsa ham, tunni bedor o‘tkazsa, uning barakotlaridan nasibador bo‘lishiga ishora qilmoqda. Lekin buning uchun unda biror gunoh qilmaslik shart. Biror sabab bilan bedor bo‘lgan kishi tahorat olib, namoz o‘qisa yoki loaqal Alloh taoloni zikr qilib olsa, fayz ustiga fayz qo‘shilgan bo‘lar edi. Yana bu she’rdan dunyodagi eng yomon narsa ham qandaydir hikmat bilan yaratilishini ham bilib oldik. Garchi uning o‘zida yaxshilik bo‘lmasa ham, boshqa yaxshi narsalarga sabab bo‘lib qolishi mumkin.
Ashraf Ali Tahonaviy aytadilar: “Birgina o‘g‘ri qanchadan-qancha kishilarning halol rizq topishiga sabab bo‘ladi. Zero o‘g‘ri borligi uchun ustalar eshik, darvoza, qulf, panjara yasab, yana kimdir devor qurib, bir nechta kishi esa qorovullik evaziga maosh olib, kunini o‘tkazmoqda”.